Barak Obama Avraam Linkoln izidan ketmoqda


AQShda prezident inauguratsiyasi - qasamyod marosimiga tayyorgarlik va tantanalar boshlab yuborilgan.

Yangi prezident Barak Obama AQShning 16-rahbari Avraam Linkoln udumini davom ettirgan holda Filadelfiyadan Vashingtongacha bo’lgan masofani poyezdda bosib o’tadi.

Qulchilikka qarshi kurashgan rahbar, Obama nazarida, Amerikaning eng namunali prezidenti bo'lgan.

Linkoln ham, Obama ham Illinois shtatidan chiqqan arboblar.

Linkoln qora tanlilarga ozodlik bergan rahbar sifatida tarixga kirgan bo'lsa, Obama ilk qora tanli prezident bo’ladi.

Bugun Amerika xalqiga radio orqali murojaat qilar ekan, Barak Obama:

“Biz dunyoga o’rnakmiz, zero jahon bo’ylab millionlab odamlar bor-ki, hukumatlar qon to’kmay almashishini orzu qiladi”, - dedi.

Yangi prezident Kapitoliyda qasamyod keltirgach, eskisi barcha bilan xayrlashib rafiqasi bilan vertolyotda o’z ona shahriga yo’l oladi. Bu udum 1977 yildan beri har bir prezident tomonidan bajarib kelinmoqda.

AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashington 1793 yilda 135 so’zdan iborat tarixdagi eng qisqa inauguratsiya nutqi bilan bu an’anaga asos solgan.

1841 yilda esa Uilyam Garisson eng uzun nutqi bilan tarixga kirgan.

Sovuq bo’lishiga qaramay paltosini kiyishdan bosh tortgan Garisson 8 ming so’zdan oshiq murojaatni o’qiydi. Pnevnomiyaga chalingan Garrison bir oydan so’ng olamdan o’tadi.

Inauguratsiya tantanalari avjida ekan, poytaxt Vashington bo’ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

20 yanvar kuni shaharga kirish va chiqish yo’llari berkitiladi. Atigi yarim million aholi yashovchi poytaxtga o'sha kun 5 milliondan ziyod kishi bo'lishi kutilmoqda.

Obama prezident sifatida birinchi katta nutqida xalqqa mamlakatning bugungi ahvolini tushuntirishga, iqtisodiy inqirozdan chiqish uning oldidagi eng oliy maqsad ekanini aytishga, buning uchun amerikaliklar ham davlatga va o'zlariga ishonishi zarurligini uqtirishga hamda AQSh mustahkam ildizga ega ega jamiyat ekanini eslatishga urinadi.

Obama Jorj Bush davridan qator jiddiy muammolar, xususan kun sayin zaiflashib borayotgan iqtisod, Iroq va Afg'onistondagi urushlar meros bo'lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG