Turkiya vaziri Bryusselda Yevropa tanqidlariga javob beradi


Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyip Erdog’an Bryusselda mamlakatining Yevropa Ittifoqiga a’zolik imkoniyatlarini muhokama qiladi.

Anchadan beri ittifoqqa qo’shilish istagini bildirib kelayotgan rasmiy Anqara 2004 yilda muzokaralarni boshlab yuborgan, qator siyosiy-iqtisodiy shartlarga ko’ngan edi. Ammo so’nggi payt islohotlar sekinlashgani kuzatiladi.

Muzokaralar bo’yicha bitim 2004 yilda imzolangan bo’lsada, darhol kuchga kirmagan. Rajab Toyip Erdog’an hukumati Avstriyani Turkiya a’zoligiga e’tiroz bildirmaslikka ko’ndirishga muvaffaq bo’lgan edi.

Rasmiy Anqarani bu masalada qo’llab-quvvatlayotgan Yevroparlament deputati Richard Xovitning aytishicha, so’nggi 2-3 yil ichida Turkiya tomonidan harakat ko’rinmayapti. Avvaliga parlament saylovlari deyishdi, so’ng prezident saylovlari, so’ng hokimiyatdagi Adolat va Taraqqiyot partiyasiga qarshi sud ishi boshlandi.

“Turkiya Yevropa Ittifoqidan bir oz kutishni iltimos qildi, ammo islohotdan darak yo’q. Tashkilotning sabr kosasi to’lmoqda”, - deydi Richard Xovit.

Ittifoq yaqinda chiqargan hisobotda rasmiy Anqara islohotlar va’dasidan chekinayotgani tanqid qilingan. Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” guruhi ham turk xavfsizlik kuchlarini qiynoqlarni ishga solayotganlikda ayblab bayonot chiqargan.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ali Bobojonning aytishicha, tanqidlar a’zolik jarayonining bir qismidir.

“Turkiya tashkilotga to’liq a’zo bo’lmaguncha, tanqidlar yog’ilaveradi. Axir islohotlarning barchasini amalga oshirib ulgurganimiz yo’q. Bu borada milliy dastur tayyorlaganmiz va tatbiq eta boshlaymiz”, - deydi Bobojon.

Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, xalq orasida Yevropa Ittifoqiga qo’shilish ishtiyoqi so’nib bormoqda. Istanbul markazidagi Taksim maydoni yosh va o’qimishli turklar bilan to’la. Ular bu yerda vaqtichog’lik qiladi. Ba’zilari tashkilotga a’zo bo’lish mamlakatga foyda keltiradi desa, aksariyati Yevropa Ittifoqida bu masalada samimiylik yo’q deydi.

"Agar Turkiya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lsa, inson huquqlari to’la ta’minlanadi” - deydi yoshlardan biri.

"Ular bizning a’zo bo’lishimizni istamaydi. Madaniyatimiz, dinimiz, turmush tarzimizni yoqtirishmaydi. Fikrimcha, Turkiya kuchli bo’lishi uchun Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishi shart emas”, - deydi boshqa biri.

Inson huquqlaridan tashqari Turkiyaning Kiprga nisbatan siyosati ham a’zolik yo’lidagi to’siqlardan biri. Ittifoq Kipr orolida yashovchi grek va turklarning birlashishini istaydi, Turkiya esa orol turklariga teng vakolatlar berilishi tarafdori.

Mutaxassislar fikricha Bosh vazir Erdog’anning Bryusselga tashrifi ko’plab masalalarga oydinlik kiritishi mumkin. Tashrif chog’ida Turkiyaning islom dunyosi va G’arb o’rtasidagi vositachi roli, Turkiya armiyasining NATO tarkibida Kosovo va Afg’onistondagi harakatlari ham muhokama qilinadi.

XS
SM
MD
LG