Breaking News

AQSh-O'zbekiston munosabatlarida Afg'oniston muhim omil


AQSh prezidenti Jorj Bush 8 yillik boshqaruvini yakunlamoqda. Bu davrda Vashington-Toshkent aloqalari murakkab kechdi.

2001 yilda AQSh-O'zbekiston o’rtasida strategik sheriklik shartnomasi imzolanishi ketidan yangi pog’onaga ko’tarilgan munosabatlar Andijon fojeasidan keyin keskin sovuqlashgan, Amerika harbiy bazasi mamlakatdan chiqarib yuborilgan edi.

2008 yildan G’arb va O’zbekiston o’rtasida iliqlik boshlandi. AQShning yangi saylangan prezidenti Barak Obama faoliyati aloqalarda bir qadar tiklanish kuzatilgan davrga to’g’i kelmoqda.

Tahlillarga ko’ra Jorj Bush prezidentiligi davrida O’zbekiston bilan aloqalar asosan xavfsizlik va harbiy hamkorlikka e’tibor qaratish bilan kuzatilgan.

Yaqinda AQSh hukumati 2009 yilda Markaziy Osiyo davlatlarida demokratiyani qo’llab-quvvatlash uchun rejalangan moddiy yordam hajmini e’lon qildi. Tojikistonga 28 million dollar, Qirg’izistonga 27 million, Qozog’istonga 19, Turkmanistonga 9, O’zbekistonga esa 8 million dollar atrofida mablag’ ajratiladi.

AQSh Davlat departamentiga ko’ra, Turkmaniston va O’zbekiston uchun mablag’ kamligi bu mamlakatlarda AQSh nodavlat tashkilotlarining ishlashi qiyinlashgani, hukumatlarning AQSh yordamiga shubha bilan qarashiga bog’liq.

Toshkent-Vashington aloqalari bir qadar rivojlangan davrda O’zbekistonga yordam miqdori oshgan edi, biroq bu yordamning demokratiyani rivojlantirish uchun samarali bo’lgani kuzatilmadi.

“Ajratilayotgan mablag’larga qarab demokratiyaga munosabatni belgilash qiyin”, - deydi sharhlovchi Abdusalom Ergashev. “Bush ma’muriyatining birinchi to’rt yillik davrida O’zbekistonda demokratiyani rivojlantirish uchun katta mablag’ ajratilgan edi. Bu mablag’larning yo’naltirilishi kuzatilmadi. Nodavlat tashkilotlarga atalgan mablag’lar davlat tashkilotlariga o’tib ketdi. Bundan tashqari mamlakatdagi korrupsiya va poraxo’rlik darajasidan kelib chiqib, ushbu yordamlar ko’rsatilishi ustidan aniq monitoring o’tkazilishi kerak. Shunda yordamdan natija bo’lishi mumkin”.

AQSh-O’zbekiston o’rtasida imzolangan strategik sheriklik bitimi munosabatlarni iqtisodiy, siyosiy, harbiy hamkorlikdan tortib, demokratik islohotlar, inson huquqlari borasida ham rivojlantirishni nazarda tutadi.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi Bosh kotibi Otanazar Oripovga ko’ra, AQSh bilan bunday bitim imzolangani umid va xavotir bilan kutib olingan.

“Bir tomondan demokratik davlat bilan shunday bitim imzolangach, bizda ham demokratiya sari harakat boshlanadi degan umid bo’lsa, ikkinchi tomondan hukumatlar o’rtasidagi munosabatlar qalinlashib, xalqlar o’rtasidagi manfaatlardan uzoqlashiladi degan xavotir bor edi. AQSh xavfsizlik masalasida va demokratiyani siljitish bo’yicha barobar ish olib borishni maqsad qildi”, - deydi Oripov.

“Birlik” muxolifat partiyasi vakili Hamdam Sulaymon fikricha esa AQSh bilan strategik shartnoma imzolanishining ilk yillarida mamlakatda erkinlik shabadasi kuzatilgan.

“AQSh bilan aloqalar iliqlashgan davrda O’zbekistonda demokratiya shabadalari boshlanganini unutmasligimiz kerak. Bu davrda “Birlik” harakati yana oyoqqa turdi, qurultoy o’tdi, “Birlik” partiyasiga asos solindi. Bu davrda muxolifatga qandaydir yashil chiroq ko’rsatilgandek bo’ldi. Biroq Andijon voqealaridan keyin bularni hammasi to’xtadi”, - deydi Hamdam Sulaymon.

AQSh, Otanazar Oripov nazarida, asosiy e’tiborni xavfsizlik va harbiy hamkorlikka qaratdi.

“Demokratiyani siljitish nomiga bo’ldi. Aslida esa AQS o’z manfaatlari uchun ishladi, O’zbekistondan foydalandi. Bu davrda qandaydir o’zgarishalr bo’ldi, Fridom Haus, Hyuman Rayts Uotch kabi xalqaro inson huquqlari tashkilotlari O’zbekistonda vakolatxona ochishdi. O'sha paytda hukumat ochiq aytdi - biz demokratiya tarofdorimiz deb. Lekin boshqariladigan demokratiya, boshqariladigan bozor iqtisodini tanladi”.

Tarixchi olim Fayzulla Isxoqovga ko`ra AQSh bilan aloqalar O’zbekiston xavfsizligi, ayniqsa Afg’oniston xavfini bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etdi.

“Afg’onistonda Tolibon harakatini bostirishda Amerika yetakchiligidagi xalqaro kuchlar katta ishlar qildi. Gap shundaki, Tolibon Afg’oniston shimolini ham bosib olgan, O’zbekistonga bevosita tahdid uyg’otayotgan edi. Shuning uchun O’zbekiston hukumati harbiy aerodromni AQSh ixtiyoriga ham topshirdi, lekin albatta bepul emas. Bundan manfaat ko’rayotgan edi”, - deydi Isxoqov.

AQSh bilan aloqalar demokratik jamoatchilikdan farqli, O’zbekiston hukumati, mamlakat mudofaa tizimi uchun manfaatli bo'ldi.

“Hukumat manfaatidan kelib chiqib qaraydigan bo’lsak, harbiy texnika tomonidan yordam berilgan, qurolli kuchlar, ichki ishlarning malakasini oshirishga yordam berilgan. Bularni ham e’tiborga olish kerak. O’zbekiston chegaralarini, qurolli kuchlarining mustahkamlanishi ham xalq uchun manfaatli”, - deydi Hamdam Sulaymon.

Tahlilchilar AQSh-O'zbekiston munosabatlarini Andijon fojiasigacha va undan keyingi davrga bo'lishadi.

2005 yilning mayida Andijonda bir necha yuz fuqaro qurbon bo’ldi. AQSh rasmiy Toshkentni norozilik namoyishini qurol yordamida bostirganlikda, Toshkent Bush ma’muriyatini mamlakat ichki ishlariga aralashayotgalikda aybladi. G’arb tomondan Andijon fojeasini mustaqil tergov qilish chaqiriqlari yangradi. Xonobod aerodromidan AQSh harbiy bazasining chiqarilishi keskinlikning yuqori nuqtasi bo’ldi.

Sharhlovchi Abdusalom Ergashevga nazarida, AQSh Andijon voqealari yuzasidan munosabatda diplomatik bosim yo'llarini qidirishi kerak edi.

“Dastlabki 4 yilda ayrim natijalarga erishilgan bo’lsa, albatta bunda AQSh bilan munosabatlarning o’rni katta. Lekin Andijon voqeasi, unga nisbatan AQSh munosabati bularni yo’qqa chiqardi, xalqaro tashkilotlar O’zbekistondan chiqarildi. Andijon voqealariga nisbatan munosabatda diplomatik nuqtalarni topishga harakat qilish kerak edi, Yevropa Ittifoqi kabi. Oqibatda inson huquqlari jiddiy yomonlashdi, boy berishlar ko’p bo’ldi”, - deydi Ergashev.

Andijon qatliomidan so’ng O’zbekiston demokratik jamoatchiligi xalqaro hamjamiyatni hukumatga nisbatan keskin chora ko’rishga da’vat etdi. Yevropa Ittifoqi joriy etgan sanksiyalar nisbatan yumshoq baholandi.

“Biz sanksiyalarni kuchaytirish tarafdorimiz. Faqat xalqaro tashkilotlarning, inson huquqlari himoyachilarining qattiq kurashlari evazigagina sanksiyalarni ushlab turishga muvaffaq bo’lindi”, - deb baholashgan edi o’sha paytdagi vaziyatni mahalliy faollar.

Sharhlovchilarga ko’ra Andijon voqeasidan so’ng AQSh-O'zbekiston o'rtasida aloqalar Afg'onistondagi vaziyatning beqarorlashishi, geosiyosiy vaziyat bois tiklana boshlandi.

“Geosiyosiy vaziyat baribir o’z qonuniyatlari bilan ta’sir qildi. O’zbekiston va Rossiya o’rtasida qanday aloqalar, niyatlar bo’lmasin, global vaziyat bunga o’zgartirishlar kiritdi. Biz O’zbekiston tashqi siyosatida o’z hamkorlarini o’zgartirishiga birinchi marta guvoh bo’layotganimiz yo’q”, - deydi sharhlovchi Farxod Tolipov.

Tarixchi Fayzulla Isxoqov ta’biricha Bush davrida ayniqsa musulmon davlatlarida radikal kayfiyat kuchaydi.

“Bish ma’muriyatini eng jiddiy xatosi Iroqqa urush boshlagani bo’ladi. Bitta Saddam Husaynni o’ldirish uchun shuncha begunoh qurbonlar berildi, urush olib borildi, lekin Iroqda hech qanday natijaga erishgani yo’q. Shuning uchun ham AQSh prezidentlari orasida eng beobro’si Bush bo’lib qoldi”, - deydi Isxoqov.

AQSh yangi prezidenti Barak Obama Afg'onistondagi vaziyatga e'tiborni kuchaytirmoqchi. Bu Afg'onistonga qo'shni davlatlar, jumladan O'zbekiston bilan ham aloqalarni yaxshilashni talab etadi.

AQSh-O’zbekiston aloqalarida xavfsizlik bo’yicha hamkorlik, deydi sharhlovchilar, bundan keyin ham demokratik qadriyatlarni rivojlantirishdan ko’ra muhimroq deb ko’rilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG