Amerika inauguratsiya kayfiyatida, irqiy tenglikni tantana qilmoqda


Amerika ayni damda vatanparvarlik ruhiga cho’mgan.

Yangi prezident qasamyod keltirish arafasida ekan, poytaxt Vashingtonda bayram kayfiyati hukm surmoqda.

Inauguratsiya tantanalari avjida.

Mamlakatning 16-prezidenti, AQShda qulchilikka qarshi kurashgan, bu davlatni 1861-65 yillardagi fuqaro urushi davrida boshqargan Avraam Linkoln yodgorligi poyida o’nlab mashhur xonandalar konsert berdi. Taniqli arboblar va Gollivud yulduzlari sahnaga chiqdi.

Barak Obama u yerdan turib yarim millionga yaqin tomoshabinga murojaat qildi.

“Vatanni qanchalik ardoqlashimiz bugungidek og’ir kunlarda fuqaro sifatida uning ravnaqi uchun nima qila olishdan boshlanadi”,- deydi yangi saylangan rahbar.

“Amerika Qo’shma Shtatlari kelajakkka umid bilan qarashga o’rgangan. Davlatimiz asoschilari bunga zamin yaratgan. Ularning orzu-armonlarini ro’yobga chiqarishda davom etish bizning qo’limizda”,- dedi Obama.

“Amerikaliklar har qanday qiyinchilikka dosh bera oladigan xalq. Iqtisodiy tanazzulda ekanmiz, bu yurt farzandlari o’zga yurtlarda urushda ekan, bugungi kunga sinov deb qarang. Men vatanim uchun nima qila olaman deb o’ylang”,- dedi Obama.

Linkolnga har tomonlama o’rnak deb qaraydigan Obama, prezidentlik qasamyodini qo’lini undan qolgan Injilga qo’yib keltiradi.

Obama va vitse-prezidentlikka tayyorlanayotgan Jo Bayden urush qahramonlari dafn etilgan Arlington qabristonida noma’lum askar qabriga gulchambar qo’ygan.

Millionlab amerikaliklar poytaxtni kezar ekan, xavfsizlik choralari mustahkam. Shaharga ertaga faqat davlat mashinalari kiritiladi xolos. Katta ko’prik va yo’llar berkitiladi.

47 yoshli Barak Obama Amerikaning ilk qora tanli rahbari bo’ladi. Uzoq yillar irqchilikdan aziyat chekkan fuqarolar uchun bu azaliy orzu ushalganidir.

Tenglik uchun kurashgan Melba Klark dilidagi gaplarni "Amerika Ovozi" ga to’lqinlanib, ko’zida yosh bilan aytadi.

“Bu millionlab insonlarning armoni edi. Men qora tanlilar qanchalik ezilgani, o’z huquqlarini talab qilib chiqqanida qanchalik yanchilganining tirik guvohiman”,- deydi u.

“Qancha-qancha odamlar uzoq yillar irqchilikka qarshi kurashgan. Afsuski, ularning ko'pi bu kunlarga yeta olmadi. Obamaning saylanishi dunyoda haqiqat va adolat borligidan dalolat”,-deydi onaxon .

“Bundan 45 yil avval Vashingtonda xuddi shu joyda Martin Lyuter King o’z orzulari haqida gapirgan, bir kun kelib farzandlarimiz bu ulug’ yurtda teng huquqli insonlar bo’ladi degan edi. Huquqni hamma narsadan ustun qo’ygan insonning bu orzulari bugun ro’yobga chiqmoqda”,- deydi keksa afro-amerikaliklardan biri Jemi Folton.

Barak Obamaning prezidentlikka kelishi har bir amerikalik uchun ham faxr, ham davlat oldinga intilayotganidan darak, deydi oq tanli Pamela Bridjes. Obama, deydi u, yangi avlod, yangi zamon vakili.

“Amerika unga ulkan umidlar bog’lagan va u qatori porloq kelajak uchun birga ter to’kadi”,-deydi bu ayol.

Ertaga, 20 yanvar kuni, Obama prezidentlik qasamyodini keltirayotganida Kapitoliy qarshisidagi markaziy xiyobonda ikki milliondan ortiq kishi bo’lishi kutilmoqda. Inauguratsiya marosimida tarixda buncha ko’p kishi qatnashmagan.

XS
SM
MD
LG