Barak Husayn Obama - AQShning 44-prezidenti


Nafaqat Amerika, balki jahon diqqati bugun Vashingtonda. Barak Husayn Obama prezidentlik qasamyodini keltirdi.

Kapitoliy oldiga ikki millionga yaqin kishi yig'ilgan va 44-prezidentni qutlamoqda.

Vashington - Qo'shma Shtatlarning yuragi. Bugun bu xalqning tilida ham, dilida ham Barak Obama.

Obama xalq xizmatida, adolat yo'lida va Amerika xavfsizligi uchun xizmat qilishga ont ichdi.

Birinchi rasmiy nutqi, 20 daqiqalik ma'ruzasida, AQShning bugungi ahvoli, iqtisod, urushlar va kelajak haqida to'xtaldi. Shuningdek, tashqi siyosat bobida qanday yo'l tutishini ham bayon qildi. Obama har tomonlama ulkan o'zgarishlar va'da qildi.

"Prezident sifatida shunga so'z beramanki",- deydi Obama " hukumat sizning xizmatingizda bo'ladi. U sizning dardingizga quloq tutadi va diqqatni sizni qiynayotgan masalalarga qaratadi. Sog'liqni saqlashdan tortib, maosh, turar joy va ish… Har bir amerikalikni hayotimiz farovon bo'lishi uchun - men nima qila olaman deb o'ylashga chaqiraman", -deydi Obama.

Barak Obama yurtdoshlarini ko'ngilli mehnat qilishga undamoqda. Ilk qora tanli rahbar ishga kirishayotgan payt Amerikada irqiy tenglik kurashchisi Martin Lyuter Kingning xotira kuniga to'g'ri keldi.

Obama va rafiqasi Mishel Vashingtonda uysizlarga yordam ko'rsatadigan maskanni ta'mirlash ishlarida qatnashdi.

Inauguratsiya oldidan Obama Iroq va Afg'onistondan yaralanib qaytgan harbiylarni ko'rishga bordi.

Yangi prezidentni uzoqdan bo'lsa-da bir ko'rishga oshiqayotgan amerikaliklardan biri, Vanessa Viltz ko'zida yosh bilan "Qorasan deb tahqirlangan ota-onam, ajdodlarim bu kunga yeta olmadi", - deydi.

"Oilam, jamiyat sifatida bugun qay darajaga yetganimiz haqida o'ylanayapman",- deydi u.

"Amerikalik bo'lish nima ekanini tushunib yetayapman. Quvonchimni yashira olmayapman",- deydi bu ayol.

"Qullikdan prezidentlikka! Ishonish qiyin, ammo mana biz buning tirik guvohimiz ",- deya hayajonlanadi afro-amerikalik Bayron Miller.

Qora tanlilar bu jamiyatda asrlar davomida qul qilib ishlatilgan va XX asrning ikkinchi yarmigacha ham ularda teng huquqli fuqaro sifatida qarashmas edi.

"Bugun tengmiz deyish qiyin, ammo yangi rahbarimizga qarang. Uni tanlab, irq muhim emasligini isbotladik",- deydi "Amerika Ovozi" bilan muloqot qilgan amerikaliklar.

AQSh yangi prezidentni qutlamoqda, muddati bitgan Jorj Bush esa inauguratsiyadan keyin Texasga uchib ketdi.

Bugun tongda Bush Fransiya, Germaniya, Isroil va Rossiya rahbarlariga telefon qilib, hamkorlik uchun rahmat aytib, ular bilan xayrlashgan. Oq Uyga esa Obama oilasi ko’chib kirmoqda.

XS
SM
MD
LG