Obama fikricha diplomatiya eng kuchli qurol


Sharhlovchilar Jorj Bush rahbarlik qilgan so’nggi 8 yilni Qo’shma Shtatlar uchun har jihatdan salbiy, urush va nizolar avj olgan, inson huquqlari poymol bo’lgan fojiali bir davr deya baholamoqda.

Bush prezidentligining so’nggi oylarida AQSh ipoteka bozorida boshlanib butun dunyoga tarqalgan iqtisodiy inqirozga ham guvoh bo’lyapmiz. Xatolarni tuzatib, vaziyatni o’nglash o’ta mashaqqatli vazifa.

Ammo “o’zgarish” shiori ostida saylangan yangi prezident Barak Obama “Amerika jahon sahnasida yana peshqadam bo’ladi” demoqda.

Bunga erishish uchun Obama o’zgacha siyosat va vositalarni qo’llash niyatida.

Shubhasiz, bugun AQShning harbiy qudratiga teng kela oladigan mamlakat yo’q. Amerikaning yaxshi qurollangan va tayyorlangan zobitlari dunyoning 130 davlatidan joy olgan.

Biroq ayrimlar nazarida mamlakat kuchga to’lishi bilan obro’si va o’zga xalqlar diliga yo’l topish salohiyatini ham yo’qotib bordi.

Ilmiy izlanishlar ushbu tendensiyani isbotlamoqda. O’rganilgan 33 mamlakatdan 26 tasida o’tgan 8 yil ichida AQShga nisbatan salbiy qarashlar kuchaygan.

Nensi Snou, Nyu-Yorkda joylashgan Syracuse Universiteti professorining aytishicha, Bushning o’rniga Barak Obama saylanganining o’zi ijobiy o’zgarish.

"Dunyo saylovdan ko’zini uzmay, Obama-Bayden komandasi g’alaba qilishini orzu qilgan edi. Orzu ushaldi. G’alaba Amerikaga qarshi kayfiyatni pasaytirgandek... Endi gaplardan ishga o’tish vaqti keldi",- deydi Snou.

Obama Chikagoda g’alabasini nishonlar ekan, AQShni yana yetakchi davlatga aylantirishga so’z berdi:

"Amerika orzular ushaladigan davlat ekaniga, bu diyor mayog’i hali ham yonib turganiga shubha qilganlar g’alabaga qarasin. AQSh kuch-qudrati uning qurollari-yu boyligida emas, biz e’zozlab kelgan demokratiya, erkinlik, imkoniyat va chekinmas orzularimizda".

Mamlakat, deydi Barak Obama, yangi yo’nalishdan boradi. U prezidentlikka kelishi bilanoq AQShnning Kubada joylashgan Guantanamo qamog’ini yopishga so’z bergan. Harbiy turma va inshootlardagi vaziyat tekshiriladi.Mahbuslarni qiynoqqa solganlar qonun oldida javob beradi, tahqirdan voz kechiladi, deydi yangi prezident.

"Obamaning maqsadi hukumatga va umuman Amerikaga bo’lgan ishonchni tiklash. Ham xalq orasida, ham xorijda",- deydi Obama.

Obama so’zga chechan siyosatchi. Ammo xalqaro sahnada qudratli bo’lishning o’z shartlari bor. Kimdir ochiq zo’ravonlik yo’li bilan, yana kimdir siyosiy, iqtisodiy, madaniy yo’l bilan birinchilikka erishadi.

Masalan, AQSh ustunligini ta’minlaydigan omil bu uning harbiy kuch-qudrati deb ishongan rasmiylardan biri bu sobiq Mudofaa vaziri Donald Ramsfeld. Amerika siyosati birovga yoqmasa, der edi u, nachora, bunga ham ko’nikish kerak.

Bush ma’muriyati o’zi bilganidan qolmay, o’zboshimcha siyosat yiritganlikda, hatto Britaniya kabi ittifoqchilarini pisand qilmaganlikda tanqid qilinadi. Tahlilchi Kristen Lord fikricha Obama davrida “o’zimiz eplaymiz” degan gapni endi eshitmaysiz.

"AQSh o’zini boshqalarga teng ko’rib quloq tutsa, muloqot va muzokara kuchiga ishonsa, musulmon davlatlarini qiynayotgan muammolarni hal qilishga dildan ko’maklashsa, bunday siyosat Amerikaning o’zini xavfdan asraydi",- deydi Lord.

Biroq, deya ogohlantiradi ekspertlar, Amerika va dunyo ommasi Obamaga katta umidlar bog’lab, undan dunyo muammolarini bir urinishda yechishni kutmayotganmikan?

Keksa arboblar Obama sehrgar emas, undan dunyoni o’zgartirishni kutmang deya ogohlantirmoqda. Lekin odamlarni umid qilishdan to’xtatish qiyin, Obama va’dalarining ustudan chiqadi degan umiddan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG