Jo Bayden - AQShning yangi vitse-prezidenti


AQShda rahbariyat o’zgarar ekan, vitse-prezidentlikka 66 yoshli tajribali siyosatchi Jo Bayden kelmoqda.

Oxirgi 16 yil ichida, ya’ni Bill Klinton va Jorj Bush prezidentlik qilgan davrda Amerikada vitse-prezidentlarning qudrati oshdi.

AQSh konstitutsiyasi prezident o’rinbosariga u qadar katta vakolatlar bermaydi, lekin prezident chet elga safarga chiqsa yoki biror sabab bilan vazifasini bajara olmasa, davlatni boshqarish vitse-prezident zimmasiga o’tadi.

Dik Cheyni Bushning nafaqat eng yaqin maslahatchisi bo’ldi balki ham ichki, ham tashqi siyosatdagi yirik qarorlar ortida turdi.

Jo Bayden nafaqat saylov kampaniyasi, balki o’tgan 8 yildan beri Dik Cheyni tutgan yo’lni qoralab keldi.

"Dik Cheyni AQSh tarixidagi eng xavfli va layoqatsiz vitse-prezidenti bo’ldi desam adashmayman", - degan edi Bayden.

Dik Cheyni Bush muovini sifatida mamlakat hayotining turli jabhalarida muhim rol o’ynadi. Cheyni faqat maslakdosh emas, balki siyosatni belgilagan va uning amalga oshishini ta’ minlagan shaxs, deydi tahliliy asarlari va maqolalari bilan tanilgan jurnalist Barton Gellman.

"Cheyni kuchli vitse-prezident bo’ldi. U shuningdek Amerika zamonaviy tarixidagi eng usta siyosatchilardan biri. Bunga shubha yo’q", - deydi u.

Janob Gelman Dik Cheyni vitse-prezidentligi haqidagi kitob muallifi.

"Cheyni barcha muhim qarorlar ortida turdi. Boylarga soliqlarni kamaytirish, terrorda ayblanganlarni qiynash, Iroqqa urush ochish, Oliy Sud a’zolarini tayinlashgacha. Lekin qarorlarni u emas, Bush qabul qilgan", - deydi jurnalist.

Cheynining o’zi esa “mening rolim matbuotda bo’rttirib ko’rsatildi” deydi.

Uning fikricha Jo Baydenning “vitse-prezident ta’sir kuchini kamaytirish lozim” degan iddaosi hech bir asosga ega emas.

"Agar Bayden shunday qilmoqchi bo’lsa omadini bersin, bu uning qarori. Biroq vitse-prezident qanday rol o’ynashi prezidentga bog’liq. Bu Barak Obama qo’lida. Nazarimda Obama Baydenning u qadar faol bo’lishini istamayapti", - deydi sobiq vitse-prezident.

Ken Uolsh Oq Uyda uzoq yillardan beri muxbirlik qilib keladi. Uning taxminicha Bayden Obamaning o’ng qo’li bo’ladi. Lekin Cheynidek mustaqil harakat qilmaydi.

"Bayden ilgari surayotgan fikr shuki vitse-prezident davlat rahbarining bosh maslahatchi bo’lishi lozim. O’zboshimchalik va diqqatni o’ziga tortish uning nazarida parokandalikka yetaklaydi",- deydi jurnalist.

Bayden va Cheyni orasidagi yana bir farq shuki, Bayden yuzma-yuz muloqotni, fikr almashishni xush ko’radi. Cheyni esa, deydi tahlilchi Entoni Kordesman, parda ortidan indamay, pinxona harakat qiladigan odam.

"Jo Bayden, uzoq yillik senator, fikrini yashirmaydigan arbob. U oshkora ishlashni, odamlarning yuziga gapirishni ma’qul ko’radi. Cheyni esa buning aksi. Iloji boricha yashirin, maxfiy harakat qilishga o’rgangan", - deydi tahlilchi.

Ken Uolsh nazarida Obama Baydenga ichki va tashqi siyosatda birdek tayanadi. Bayden tushunmaydigan soha yo’q, deydi tahlilchi.

"Bayden 30 yildan oshibdiki Vashingtonda siyosatchi. Tajribasi juda katta. Tashqi siyosat deysizmi, davlat xavfsizligi, adliya tizimi – barchasini ipidan ignasigacha biladi. Ilgari Volter Mondeyl Jimmi Karter uchun qanday dastak va maslakdosh bo’lgan bo’lsa, Bayden ham Obamaning shunday o’ng qo’li bo’ladi. Biroq qaror qabul qilish, Bush ta’biri bilan aytganda prezident zimmasida", - deydi u.

Bayden Vashingtonda donishmand arbob sifatida tanilgan. Ko’p gapirgani uchun uni ayrimlar ezma senator deb ham atashar edi. Bayden esa “fidoiy amerikalikman” deydi. Vatan va xalq manfaati uchun haqiqatni qayta-qayta aytishdan tolmayman, deydi yangi vitse-prezident.

XS
SM
MD
LG