Breaking News

Xalqaro hamjamiyat Obamaga bugungi mashaqqatlarni eslatmoqda


Shunday qilib, Barak Obama Amerikaning yangi va ilk qora tanli prezidenti. AQSh qonunchilik organi Kapitoliy qarshisida xalqqa va vatanga vijdonan xizmat qilishga ont ichib, tarix sahifalariga kirdi.

Prezident qasamyodi ketidan, to’plardan 21 bor o’q uzildi. Vashington markaziy xiyobonida 2 millionga yaqin xaloyiqning qarsak va olqishlari ostida …

Inauguratsion nutqida Barak Obama mamlakat chuqur inqirozga yuz tutganini tan oldi.

“Qo’shma Shtatlar bugun urushda. Zo’ravonlik va nafrat urug’ini sochishga urinayotgan bir tizimga qarshi kurash. Mamlakat iqtisodiyoti o’ta zaif. Bunga ochko’zlik va mas’uliyatsizlik, mamlakat kelajagi uchun muhim va murakkab qarorlar o’z vaqtida qabul qilinmagani sababchi”, - dedi yangi prezident.

“Bizni dunyo poytaxtlaridan tortib otam tug’ilgan qishloqlargacha, bu marosimni tomosha qilayotgan barcha-barchaga so’zim shu – Qo’shma Shtatlar kelajakka umid bilan qaraydigan, dunyoga tinchlikni ravo ko’radigan har bir xalq, hukumat va insonga do’stdir. Bu yurt yetakchilikni qayta qo’lga oladi”, - dedi Obama dunyo ommasiga murojaat qilarkan.

Prezident Obama xalqqa hukumat sizning izningizda bo’ladi deya va’da bergan. Lekin, deydi u, fuqarolar ham vatan va dunyo oldidagi mas’uliyat va burchlarini unutmasligi kerak.

Obama qasamyod ketidan sobiq prezident Jorj Bushni Texasga kuzatib, Kapitoliyda prezident sifatida ilk qarorlarni imzoladi.

Qariyb 2 yil davom etgan saylov kampaniyasi, o’tish davri hamda Amerika va dunyo bo’ylab katta tantana qilingan inauguratsiya ketidan, Barak Obamaning rahbarlikka kirishgani nafaqat AQSh balki, dunyo tarixida katta burilish deb qabul qilinmoqda.

47 yoshli talantli, so’zga chechan afro-amerikalik siyosatchining qasamyod marosimi u o’sib-ulg’aygan Indoneziyadan tortib otasi tug’ilgan Keniyagacha … Osiyo, Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarida katta shodyiona bilan nishonlandi. Uning boshqaruvi, dunyo ommasi nazarida, kelajakka ishonch va yorug’ kunlardan darak.

Dunyo Obamani olqishlab, unga mashaqqatlarni ham eslatmoqda. Misr prezidenti Husni Muborak tabrigida AQSh yangi rahbarini e’tiborni darhol Yaqin Sharqqa qaratishni so’ragan.

Eron Tashqi ishlar vaziri Manuchehr Mo’ttaki Obama Yaqin Sharqda hurmat bilan tilga olinishini istasa, bu mintaqada siyosatini yangilasin deydi.

Yaponiya Bosh vaziri Taro Aso global iqtisodiy tanglikdan chiqib olish uchun Obama bilan yaqindan ishlashini aytgan. Pokiston esa umumbashariy muammolarni hal etishda AQSh yo’l ko’rsatadi degan umidda.

“O’zgarish” va “kelajakka ishonch” va’dasi bilan odamlar diliga yo’l topgan yosh va navqiron siyosatchining Amerika rahbari etib tayinlangani ayniqsa Yevropa bo’ylab katta bayram qilingan.

Germaniya kansleri Angela Merkel “bu nafaqat AQSh xalqi, balki dunyo bo’ylab milliardlab odamning xotirasida muhrlanuvchi sana”, - deya Obamani qutlamoqda.

Oldimizda turgan muammolar, deydi Barak Obama, jiddiy va keng ko’lamli. Iqtisodiyotdan tortib, Iroq, Afg’oniston, hamda ittifoqchilik rishtalarini tiklashgacha. Ularga yechim topish qat’iyat va sabr-qanoatli bo’lishni talab etadi.

XS
SM
MD
LG