Breaking News

O'zbekistonda Amerikaning yangi rahbaridan umidlar katta


AQShdagi inauguratsiya, Barak Obamaning prezident sifatida ilk nutqi va butun siyosiy tantana O’zbekistonda katta qiziqish va hayajon bilan kuzatilgan.

Obamaning xalqaro hamjamiyatga qarata aytgan gaplari ayniqsa ziyolilar orasida qizg’in muhokamada.

O’zbekistonda ko’pchilik qasamyod marosimini to’g’ridan-to’g’ri jonli efir orqali kuzatish imkoniyatiga ega emas. Mahalliy faollardan sanoqlilari sputnik antennasi orqali marosimni kuzatishgan, Obamaning prezidentlik nutqini tinglashgan.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanovga ko’ra Barak Obama qasamyodi tarixiy burilishni belgilovchi voqealardan biri.

“Obama nutqida meni e`tiborimni tortgan narsa shu bo`ldi-ki, u hamma sohada, tashqi siyosat ham ochiq oshkora olib borilishini aytdi. Bush davrida qandaydir ziddiyatlar bor edi. Amerikani o`zi demokratiya va inson huquqlari deydi, lekin Iroqdagi, Afg`onistondagi siyosatda mavhumliklar bor edi. Endi bu narsalar ochiq yuritiladigan bo`lsa, Obamani o`ziga xos tomoni shu bo`ladi”, - deydi Tashanov.

Vijdon asirlarini ozod etish qo`mitasi rahbari Bahodir Nomozovning aytishicha Obama butun dunyoda o`zgarishlar va umidlar ramzi sifatida qabul qilinmoqda.

“Uning nutqida populizm yo`q. U ochiq aytayapti, bizning oldimizda jiddiy qiyinchiliklar, sinovlar turibdi deb. U biz unaqa qilamiz, bunaqa qilamiz, baribir kelajagimiz buyuk, deb safsata sotayotgani yo`q”, - deydi Nomozov.

Inauguratsion murojaatida Obama dunyo siyosatida, jumladan Sharq va G`arb o`rtasidagi aloqalarda ham o`zgarishlar qilishga va`da berdi.

“Obama o`z nutqida AQShni ichki-tashqi siyosatiga, xalqaro moliyaviy inqirozga to`xtab o`tdi. U hukumatga kelgach xalqaro siyosat yaxshi tomonga o`zgaradi deb o`ylayman. Iroq, Afg`oniston, Eron masalasida gapirdi, ko`proq muloqotga e`tibor qaratishini bildirdi. Bundan tashqari, Yaqin Sharqdagi vaziyat bo`yicha ham unda o`z rejalari bor deb o`ylayman. 20 yanvar kuni Isroil G`azodan o`z qo`shinlarini olib chiqishi ham bir namuna”, - deydi huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy o`g`li.

“Tezkor guruh” tahlil markazini vakili Shuhrat G`aniyev fikricha Barak Obama birinchi nutqidayoq ehtiyotkor, bosiq siyosatchi bo`lishini namoyon etgan.

“Inauguratsiya marosimida o`zini ushlashi, ochiq-erkin gaplashishi Obamani professional siyosatchi ekanini ko`rsatmoqda. Ikkinchi taassurotim - Obamaga ishonch nihoyatda katta, nafaqat qora tanlilar, balki oq tanlilar orasida ham”.

“Nutqidan shunday xulosaga kelish mumkin - AQShning tashqi siyosatida Iroqdagi urush tezda tugaydi. Afg`onistonga e`tibor kuchayadi. Buni O`zbekistonga ham ta`siri bor. Obama o`ta ehtiyotkorlik bilan tashqi siyosat yurituvchi siyosatchiga o`xshaydi, ayniqsa Rossiya ta`sirida bo`lgan MDH hududlarida”, - deydi Shuhrat G`aniyev.

AQSh prezidenti qasamyodini ertalab kabel televideniyesi orqali kuzatishni istagan ko`pchilik faollar bu borada muammolar yuzaga kelganini bildirishmoqda. Rossiya kanallari orqali translyatsiya qilinayotgan “Euronews” kanalida uzilish bo`lgani ta`kidlanadi.

O`zbekiston axborot vositalarida AQShda yangi prezident qasamyod qabul qilishi, Barak Obama bilan bog`liq siyosiy o`zgarishlarga o`rin berilgani kuzatilmaydi.

XS
SM
MD
LG