Rossiya prezidenti O'zbekistonga safar qilmoqda


Bugun Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev O'zbekistonga ikki kunlik safarini boshladi. Samarqand aeroportida uni Islom Karimov kutib oldi. Tomonlar mudofaa va energetika sohalarida o'zaro hamkorlikni muhokama qiladi. Bu Medvedevning may oyida saylanganidan beri O'zbekistonga ilk davlat tashrifidir.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko'ra Medvedevning O'zbekistonga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarga asoslangan va uchrashuvlarda rasmiy Toshkentning Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatidan chiqishi muhokama qilinmaydi.

"Tashrifning Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga aloqasi yo`q. Bu tashkilot yaqinda o'zining sammitini o`tkazadi. O`zbekistonni bu tashkilotdan chiqishiga kelsak, har bir davlat o`z manfaatlariga ko`ra qaror qabul qiladi", - dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri.

Sergey Lavrov O`zbekistonni G`arb bilan rivojlanayotgan aloqalari Rossiyani bezovta qilmasligini ham ta`kidlab o`tdi.

Sharhlovchilarga ko`ra Dmitriy Medvedev asosan Rossiya ta`sirini kuchaytirish, rasmiy Toshkentning G`arbga intilishini jilovlashga, shuningdek energetik hamkorlik bo`yicha shartnomalarni mustahkamlashga harakat qiladi. Ba'zi ma`lumotlarga ko`ra O'zbekistonga tashrif Rossiya tashabbusiga ko`ra tashkil etilgan.

"O`zbekistonning sobiq Ittifoq miqyosida tuzilgan tashkilotlarga nisbatan munosabatining o`zgargani muhokama qilinishi tabiiy. Tashrif chog'ida Toshkent Yevropa va Rossiya o'rtasidagi muvozanatni saqlashga harakat qiladi. Ehtimol bu hozirgi vaziyatda to`g'ri bo`lar, lekin kelajak uchun O`zbekiston Yevropa bilan yaqinlashishi, demokratik islohotlar o`tkazib, Yevropa yordamida iqtisodni ko`tarishi kerak", - deydi "Tezkor guruh" analitik markazi tahlilchilaridan biri Suhrob Ismoilov.

Dmitriy Medvedev tashrifidan sal avval Moskvada Rossiya-O`zbekiston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig`ilishi o`tdi. Unda ikki davlat o`rtasidagi savdo oboroti o`tgan yili uch millard dollardan oshgani ta`kidlandi.

Sharhlovchi Bahodir Musayev fikricha Rossiya bilan savdo aloqalari O`zbekistonni xomashyo bazasi bo`lib qolayotgani hisobiga kengaymoqda.

"Mintaqadagi har qanday integratsiya haqidagi tashabbuslar Rossiya uchun xomashyo bazasi bo`lib qolish bilan yakun topadi", - deydi Musayev.

Tarixchi olim Fayzulla Is'hoqovga ko`ra, keyingi paytda O`zbekistonning Rossiyaga nisbatan mustaqil siyosati haqida gapirilmoqda, aslida esa mintaqada Rossiya hukmronligi tobora kuchaymoqda.

"O`zbekiston, Qirg'iziston, Turkmaniston va ayniqsa Tojikiston hali beri Rossiya ta`siridan chiqa olmaydi. Rossiyaning iqtisodiy ekspansiyasi tobora kuchayib bormoqda. Yer osti boyliklari, xomashyo mahsulotlari Rossiya kompaniyalari ixtiyoriga o`tib bormoqda. Asosiy eksport mahsuloti gazni oling, Rossiyadan boshqa hech kimga sota olmaydi", - deydi Is'hoqov.

Dmitriy Medvedev tashrifi mobaynida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG