Breaking News

Barak Obama AQShning Yaqin Sharqdagi rolini yangilamoqchi


Obama iqtisoddan tortib Iroq, Afg’oniston va Yaqin Sharqdagi vaziyat bilan bog’liq masalalarni ko’rib chiqishga kirishmoqda.

Mamlakatda ishsizlar ko’payar ekan, Obama fikricha Kongress tez orada 800 milliard dollarga teng yordam dasturini tasdiqlashi kerak. Obama Oq Uydagi birinchi ish kunida Jorj Bush davrida qabul qilingan qator qarorlarni bekor qilgan.

Bugun Obama AQShning Kubada joylashgan Guantanamo qamog’ini bir yil ichida yopish haqida qaror chiqardi. Terrorizmda ayblanib u yerda ushlab turilayotgan 250 ka yaqin mahbusning ayrimlari ozod etilishi, qolgani boshqa joyga ko’chirilishi mumkin.

Barak Obamaning ta’kidlashicha, Yaqin Sharqda tinchlikni tiklash bugunning dolzarb vazifasi. Yangi davlat kotibi, ya’ni tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton ishga kirishar ekan, AQSh mintaqadagi rolini yangilamoqchi.

Tabiiyki, ishni avvalo G’azoda Isroil va Xamas o’rtasidagi sulh davomiy bo’lishini ta’minlashdan boshlash zarur. Barak Obama bu haqda Isroil Bosh vaziri Yahud Olmert, Falastin rahbari Mahmud Abbos, Misr prezidenti Husni Muborak va Iordaniya qiroli Abdulla bilan telefonda gaplashib olgan.

Yaqin Sharq safaridan qaytgan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun G’azoda dahshatli manzaraga, mislsiz vayronagarchilik va azob-uqubatga guvoh bo’lganini aytadi. Uch hafta davom etgan urushda qariyb 1200 falastinlik, Isroil tomondan esa 13 kishi o’lgan. Minglab uylar yer bilan yakson bo’lgan. BMT rahbari tomonlar erishgan sulh doimiy bo’lishini talab qilmoqda.

BMT bosh kotibi muovini Linn Pasko fikricha Isroil qo’shini mintaqani tark etgani katta yutuq. G’azo aholisi uchun oz bo’lsa-da yordam kira boshlagan. “Ammo vaziyat qaltisligicha qolyapti”.

Xalqaro tashkilotlar ham Isroil, ham Xamas urush jinoyatlari sodir etgani haqida bong urmoqda.

BMT rahbari ayniqsa tashkilot nazorat qiluvchi ellikka yaqin bino va maktablar nishonga olinib, bolalar halok bo’lganini qattiq qoralagan. Isroil hujumlarining birida 40 falastinlik o’lgani ma’lum. Pan Gi Mun bu hujumlarni tergov qilishni so’ramoqda.

Bu orada, 27 a’zoli Yevropa Ittifoqi Isroildan G’azo blokadasini bekor qilishga, chegarani ochishga chaqirmoqda, toki aholiga havodek zarur gumanitar yordam berilsin. Tashkilot Falastinning yirik donori. Biroq Isroil nazarida Xamas bu imkoniyatdan qayta qurollanish uchun foydalanishi mumkin.

Bryusselda Yevropa vazirlari bilan uchrashgan Isroil Tashqi ishlar vazirasi Tsipi Livnining aytishicha, Xamas guruhi unga qurol yetkazuvchi tunnellarni tiklash harakatida ekan, Isroil hujumlarni davom ettirishga haqli.

AQShda rahbariyat o’zgarishi bilan Yaqin Sharq tinchlik jarayonida oldinga siljish bo’lishiga umid bog’langan. Ammo AQSh va Yevropa Ittifoqi Xamas bilan gaplashadimi-yo’qmi, bu noma’lum.

XS
SM
MD
LG