Jahon hamjamiyati Obamaga umid bilan qaraydi


17 davlatdagi 17 ming kishi ishtirokida o'tkazilgan so'rov natijasiga ko'ra nafaqat Amerika, balki dunyo xalqlari ham Barak Obamaning prezidentligiga umid bilan qaramoqda. Ular fikricha Obama oldida turgan muhim vazifa - AQShning xalqaro obro'sini tiklash va global iqtisodiy tanazzulga yechim topish. Obama o'z oldida turgan muammolarni yecha oladimi?

Nyu-York Tayms gazetasi tomonidan 21 davlatda o'tkazilgan boshqa bir so'rovga ko'ra, ularning 18 tasi AQSh haqida salbiy fikrda. Mamlakat obro'sini tiklash Obama uchun oson bo'lmaydi.

Hindistonlik jurnalist Jahongir Pochaning aytishicha, xususan uning vatandoshlarida Obamaga ishonch katta.

"Hindistonliklar Obamaning AQSh kuchlari Iroqdan chiqishi kerak degan so'zlariga qo'shiladi. Ammo bu mas'uliyatli holda tashkillashtirilishi kerak. Aks holda terrorizm yanada kuchayishi mumkin," deydi Jahongir Pocha.

Uning aytishicha, Obamaning qasamyod nutqi hindistonliklarga ma'qul keldi.

"Bush ma'ruzalarida nasihatgo'ylik ko'p kuzatilar edi. O'zini aytganini o'tkazishga harakat qilardi. Obama esa jahondagi voqealarning murakkabligini tushunadigan inson ekanini ko'rsatmoqda. U xalqaro muammolar bilan haqiqiy vaziyatdan kelib chiqqan holda shug'ullanadi degan ishonch bor."

Qo'shma Shtatlarga nisbatan munosabat eng quyi darajaga tushgan Yaqin Sharqda ham xalqlar Obama ularning muammolariga quloq soladi degan fikrda.

Vashingtondagi Yaqin Sharq axborot markazining katta muxbiri Nadya Bilbassining aytishicha, Isroil-Falastin muammosi birinchi raqamli mavzu bo'ladi.

"Mojaro ko'p vayrona va qurbonlarga olib keldi. Obama bu muammoga ko'z yuma olmaydi. Mintaqa aholisi Obamaning saylov kampaniyasi davomida qilgan va'dalari qanday bajaralishini ham ko'rmoqchi, ya'ni AQSh qo'shinlarini Iroqdan 16 oy davomida chiqarishini. Eron bilan Suriyaga munosabat qanday bo'ladi? Bush belgilaganidek ular dushman davlat bo'lib qoladimi? Yoki ular bilan muloqot boshlanadimi," deydi arab jurnalisti.

"Albatta," deydi u, "arablar Isroil AQShning strategik hamkori ekanini anglagan holda ko'p narsalar o'zgarmasligini ham bilishadi. Menimcha, asosan muammoga bo'lgan yondashuv o'zgaradi. Nima bo'lganda ham arab dunyosi Obamaning mintaqadagi jarayonlarda faol ishtirok etishini istaydi."

Shu maqsadda prezident Obama sobiq senator Jorj Mitchelni mintaqaga maxsus vakil qilib tayinladi.

Germaniyalik jurnalist Matias Rueb fikricha, Yevropada ham Obamadan ko'p narsa kutilmoqda. Ishonch qancha katta bo'lsa, uning oqlanmasligi hafsalaning shu qadar pir bo'lishiga olib keladi. Xususan iqlim o'zgarishi masalasi bo'yicha, deydi Rueb.

"AQShning bu boradagi siyosati jiddiy ravishda o'zgaradi. Mamlakat muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga hamda zararli gazlarning atmosferaga chiqarilishini kamaytirishga zo'r beradi. Ikkinchidan, NATO bilan hamkorlik kuchaytiriladi. Uchinchidan, yevropaliklar Obama ma'muriyati Eron, Shimoliy Koreya va Yaqin Sharqdagi muammolar bilan bir tomonlama ravishda emas, balki BMT doirasida shug'ullanadi degan umidda," deydi nemis jurnalisti.

XS
SM
MD
LG