Obama Bush davridagi qarorlarni bekor qilmoqda


Prezident Barak Obama saylov kampaniyasida bergan va’dalarini birma-bir bajarishga kirishar ekan, Guantanamo qamog’ini bir yil ichida yopish hamda qiynoqlarni taqiqlashni buyurdi.

“Qo’shma Shtatlar dunyo sahnasida nufuzini tiklab, yetakchilikni qo’lga oladi”, - deydi yangi prezident.

Ammo Guantanamoning yopilishiga nisbatan Amerikada va xorijda munosabat turlicha. Iqtisodiy jabhada esa Obama bugun Kongress a’zolari bilan uchrashib, ulardan 825 milliard dollarga teng yordam dasturini ma’qullashni so’ramoqda.

Qo’shma Shtatlar mahbuslarni so’roq qilishda ularni tahqirlaydigan usullardan tamoman voz kechadi. Guantanamo qamoqxonasida terrorizm gumoni bilan saqlanayotgan 250 dan ortiq mahbus taqdirini hal qilish uchun maxsus guruh tuziladi, deydi Obama.

Yangi prezident Jorj Bush davrida qabul qilingan va xalqaro hamjamiyat tanqidlariga sabab bo’lgan qarorlarni birma-bir bekor qilmoqda. Markaziy Razvedka Agentligining xorijdagi maxfiy qamoqxonalari hamda terrorda gumon qilingan shaxslarni bu manzillarga zimdan yo’llash dasturini yopish shular jumlasidan.

AQSh bundan buyon inson qadrini ulug’lagan, shaxs erkinligini ta’minlagan holda ish tutishga so’z bermoqda. “Xavfsizlik deb bu qadriyatlarlardan voz kecha olmaymiz”, - deydi Obama.

AQSh 2001 yilda terrorga qarshi urush e’lon qilar ekan, Kubaning Guantanamo bo’g’ozida Amerikaga tegishli harbiy bazada maxsus qamoqxona ochgan edi.

Xalqaro huquq tashkilotlari nazarida u yerda mahbuslarning sudsiz saqlanishi va qiynoqqa solinishi AQSh obro’siga putur yetkazgan. Ammo ham AQShda, ham xorijda bu dargohning yopilishiga munosabat turlicha.

AQShda qaror ayniqsa respublikachilar tomonidan xavotir bilan qarshi olingan.

“Guantanamodagi mahbuslar orasida xavfli shaxslar, qonxo’r qotillar borligini yaxshi bilamiz”,- deydi senator Saksbi Chembliss. U yerdan ozod etilganlarning ayrimlari Al-Qoidaga safiga qo’shilib, hozirda yetakchilik qilayotgani haqida aniq ma’lumotlar bor.

Respublikachi qonunchilar bu shaxslarni qo’pol so’roq qilishdan voz kechish qarorini ham savolga tutmoqda. Ulardan olinadigan noyob ma’lumotlar AQShni xavfdan asrayotgan omil emasmi, deb so’raydi ular.

Qarorni olqishlab chiqayotganlar nazarida esa mahbuslarni suvga cho’ktirish, sovuq xonada saqlash, uxlatmaslik kabi usullar bilan ulardan ishonchli ma’lumot olib bo’lmaydi.

Yevropa davlatlari Guantanamoni yopishga chaqirib keladi. Gunohsiz ekani isbotlangan va ozod etilishi kutilayotgan mahbuslarga Yevropa Ittifoqida boshpana berilishi mumkin.

Guantanamo o’tirganlarning aksariyati Afg’onistonda ushlangan shaxslar. Lekin Afg’on prezidenti Hamid Karzay fikricha qamoqxonaning yopilishi terrorga qarshi kurashga yordam beradi.

Barak Obama, shuningdek, sobiq senator Jorj Mitchellni AQShning Yaqin Sharq masalalari bo’yicha maxsus elchisi etib tayinlagan.

Mitchell Isroil-Falastin nizosiga muvozanat bilan qaraydigan, Falastin davlati vujudga kelmas ekan mintaqa olov ichida qoladi degan fikrni olg’a surib kelayotgan arboblardan biri.

Ko’pchilik nazarida Obama ma’muriyati Bush davridagidek “Isroilga yon bosish” siyosatidan voz kechib, neytral vositachi roliga o’tadi.

Bolqon urushining tugatilishida muhim rol o’ynagan tajribali diplomat Richard Xolbruk zimmasiga esa Afg’oniston va Pokistondagi muammolarni hal etish vazifasi yuklanmoqda.

Yangi Davlat kotibasi Xillari Klinton Yaqin Sharqda tinchlikni tiklashda “agressiv va faol” bo’lishini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG