Obama Yaqin Sharq va Afg'onistonga yangi vakillar tayinladi


BMT rasmiysi Jon Xolmsga ko’ra, Isroil har kuni G’azoga 120 ga yaqin yuk mashinasiga ortilgan oziq-ovqat va tibbiyot mahsulotlari o’tkazishga rozi. Biroq mintaqada vaziyat shunchalik og’irki, aholi bundan ham ko’proq ko’makka muhtoj.

Yaqinda G’azodan qaytgan Xolms, Falastin xalqi katta ofat ichida yashamoqda deya, Isroilni chegarani uzoqroq muddatga ochishga chaqirgan. AQSh prezidenti Barak Obama Yaqin Sharq, Pokiston va Afg’onistonga vakil tayinlab mintaqa muammolari bilan jiddiy shug’ullanishga so’z bermoqda.

Barak Obama Yaqin Sharq mojarosini hal qilish uchun tajribali arbob, sobiq senator Jorj Mitchelni tayinlar ekan, AQSh parokanda va ikkiga bo’lingan mintaqani birlashtirishga tezroq va jiddiy kirishishi lozim, dedi.

"Isroilning Vashingtondagi sobiq elchisi Danni Ayalon Obama qarorini to’g’ri deb baholaydi. Mitchel vaziyat murakkab ekanini tushunadi. Shu paytgacha unga yuklatilgan vazifalarni ma’suliyat va samara bilan bajarib kelgan va Isroilning bu boradagi pozitsiyasi bilan yaxshi tanish deb o’ylayman", - deydi sobiq elchi.

Siyosatdonlar bundan keyin AQSh siyosati Bush davridagi kabi Isroil yonini bosib, bir tomonlama bo’lmay, muvozanat bilan olib borilishiga umid bor deydi. Obama Xamas hujumlarini qoralash bilan birga, Falastin xalqi tinch va osuda kelajakka haqlidir deya chiqqan.

Falastinlik qonunchi Xanan Ashravi fikricha, Obama ma’muriyati vaziyatni xolis baholab, adolat bilan yechim topishga harakat qilishi lozim.

Tahlilchilar Isroil va Falastin o’rtasidagi mojaroni hal qilishdan oldin, avval falastinliklar orasidagi birdamlikni tiklash lozim degan fikrda.

Shu bilan birga, Afg’oniston va Pokistondagi vaziyat ham nazardan qolmayapti. Prezident Obama ikki mamlakat uchun bir vakil tayinlab, AQSh endi yangicha siyosatni ilgari suradi dedi.

Bu vazifani yetuk diplomat Richard Xolbruk bajaradi. Uning fikricha bugungacha AQShning mintaqaga ko’rsatgan yordam dasturlari tartibsiz va samarasiz bo’lgan. Har ikki mamlakatdagi jangari harakatlariga chek qo’yish uchun harbiylar bilan yaqindan ishlab, mukammal siyosiy va harbiy strategiya ishlab chiqish lozim.

Jangarilarga qarshi kurashga kelganda, ma’lumki, Pokiston va Afg’oniston o’rtasida kelishmovchiliklar ko’p. Xolbruk har ikki tomon takliflariga tayangan holda yagona yondashuv bilan chiqishga harakat qiladi.

Afg’onistonlik diplomat Sulton Ahmad Baxinga ko’ra, Xolbrukning tayinlanishi Pokiston hukumatini terrochilarga qarshi kurash va ularning Afg’oniston bilan chegaradagi ba’zalarini yo’q qilish uchun jiddiyroq qarashga undaydi.

XS
SM
MD
LG