AQSh Guantanamoni yopib, mahbuslar ishini birma-bir hal etadi


AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden Guantanamodagi 245 mahbusning barchasi bu yil oxirigacha yo vataniga deportatsiya qilinadi yo o'zga davlatdan boshpana oladi degan ishonch bildirmoqda.

Prezident Barak Obama o'tgan hafta Guantanamodagi asir taqdirini darhol hal etish va bu qamoqni yopish haqida farmon bergan edi.

Har bir mahbusning ishi qayta ko'riladi, deydi Jo Bayden.

"Mahbus AQSh fuqarosi bo'lmasa, ular albatta vataniga yuboriladi. Har bir asirning ishi nihoyatda murakkab. Kimdir balki o'z vataniga emas, boshqa davlatga boshpana olib ketadi. Boshqasi, agar uning aybdor ekani haqida asoslar yetarli bo'lsa, ularni o'z turmalarida saqlashga rozi bo'lgan mamlakatlarga jo'natiladi",- deydi vitse-prezident.

"Biz Guantanamoni yopish qarorida qat'iymiz",- deydi Bayden.

"Terroristlar ozodlikka chiqarkan degan xavotir borligini bilamiz, ammo Guantanamo terror xavfini pasaytirganiga ham isbot yo'q",- deydi vitse-prezident.

AQSh Mudofaa vazirligiga ko'ra, Guantanamoda o'tirib chiqqanlarning 62 nafari bugunga kelib terrorchilar safida ekani ma'lum.

Hozirda ketayotgan sud ishlari ham bekor qilingan.

Masala bilan yaqindan tanish, harbiy advokat Charlz Svift terrorchi ekani isbotlangan shaxslar erkinlikka chiqmaydi deydi.

"Prezident Obama sud ishlarini ko'rib chiqish uchun bekorga 120 kun ajratgani yo'q. Chunki Oq Uy Guantanamoda xavfli insonlar o'tirganini biladi. Hukumat ularni qayerda saqlaymiz degan o'ylanmoqda".

Guantanamoda o'tirganlar orasida Afg'onistonda ushlangan uyg'urlar ham bor. Ularning aybsiz ekani tan olingan va hozirda bu shaxslar uchun boshpana izlanmoqda.

XS
SM
MD
LG