Barak Obama asosiy diqqatini iqtisodiyotga qaratmoqda


Barak Obama bu hafta butun diqqatni iqtisodiyotga qaratar ekan, Tim Gaytnerning Senat tomonidan moliya vaziri etib tasdiqlanishi kutilmoqda.

Gaytnerning bir necha yil oldin soliq to’lamagani fosh etilgach, Kongressda uning nomzodligiga qarshilik kuchaygan edi.

Lekin Senat nazarida Gaytner usta iqtisodchi; ham xususiy sektorda, ham davlat ishida tajribasi yetarli.

Obamaning iqtisodiy masalalar bo’yicha maslahatchisi Lorens Sammers vaqtni boy bermay, tezkor choralar ko’rish kerak deydi.

“Biz 825 milliard dollar ajratib, moliyaviy tizimga zarur yordam ko’rsatishni, iqtisod oldinga siljishi uchun sarmoya qilishni, yangi ish o’rinlari yaratishni maqsad qilganmiz. Hozir ikkilanadigan davr emas”,- deydi Sammers.

Obama, demokratlar ko’pchilik o’ringa ega Kongressdan dasturni ma'qullashni so’ramoqda. "Respublikachilarning fikrini ham inobatga olamiz",- deydi u.

Demokratlar nazarida taklif qilinayotgan dastur - arzigulik loyiha. Respublikachilar esa davlatning buncha katta xarajat qilishga qurbi yetmaydi deya norozi.

Vakillar Palatasida respublikachilar yetakchisi Jon Boner fikricha, demokratlar har doimgidek sarf-xarajatga berilib, balandparvoz va’dalar bermoqda.

“Milliardlab dollarimiz yana samarasi ko’rinmayotgan sektorlarga ketadi va oddiy amerikaliklarga foyda keltirmaydi,”- deydi Boner.

Prezident Obama esa ertaga Kongressga shaxsan borib, respublikachilar bilan yuzma-yuz muloqot qilmoqchi.

“Mening dasturim AQShda to’rt million ish o’rni ochadi va oqsab qolgan bizneslarga qarz beradi”,- deydi prezident.

XS
SM
MD
LG