AQShga kelayotgan noqonuniy muhojirlar soni kamaygan


AQSh iqtisodiyoti yomonlashgan bir davrda mamlakatga kamroq noqonuniy muhojir kirmoqda. Biroq Amerikada bugun 12 millionga yaqin hujjatsiz immigrant yashayotgani ham ma’lum.

Qo’shma Shtatlarda bugun non topish oson emas. Ishsiz yurgan muhojirlar ko’p. Lekin ular vatanga qaytishni ma’qul ko’rmaydi. Chunki u yerda ham avhol chatoq.

Hujjatsiz immigrantlar Amerikada asosan qora ish qilib kun ko’radi. Bugun ular topgan pul bilan ro’zg’or tebratish qiyin. Soatiga uzog’i bilan 7 dollar to’lansa, bu kuniga 56 dollar degani. Yo’qdan ko’ra bor qabilida yashayotganlar yaqin kunlarda vaziyat tiklanadi degan umidda.

“Vashington Post” (The Washington Post) gazetasining yozishicha, noqonuniy muhojirlar shtatma-shtat kezib ish qidirishga tushgan. Ayrim sanoat bundan zarar ko’ryapti.

Masalan, qurilish sohasida ishlaganlar ipoteka bozoridagi inqiroz tufayli yoppasiga fermer xo’jaliklari va chorvadorlar qo’liga o’tib ketgan. Oqibatda uy-joy qurilishi ayrim shtatlarda batamom to’xtab qolgan.
Muhojirlar hayotini yaqindan o’rgangan tahlilchi Dmitrius Papadimetriyuning aytishicha, AQShga viza olish kun sayin qiyinlashar ekan, muhojirlar uylariga borsa, qaytib kela olmaslikdan qo’rqadi. Shu sabab nima qilib bolsa-da, Amerikada qolishga rozi.

AQShga yiliga 800 mingga yaqin noqonuniy muhojirlar keladi. Muammo shundaki, deydi tahlilchilar, immigrantlarni bir-biridan ajratish qiyin. Soxta guvohnomalar bilan yurganlar ko’p.

“Nyu-York Tayms” (The New York Times) gazetasiga ko’ra, 1957 yildan beri hukumat qancha muhojir deportatsiya qilinib, qanchasi yana noqonuniy yo’l bilan kirib kelayotganini kuzatmay qo’ygan.

Muhojirlar uchun AQShda qolishning so’nggi ilinji bu siyosiy boshpana uchun murojaat qilishdir. Agar immigratsiya bo’yicha mutasaddilar muhojir keltirayotgan dalilga ishonmasa, ular vataniga jo’natiladi.

O’tgan yili Amerikadan 361 ming xorijlik deportatsiya qilingan. Hujjatsiz muhojirlar AQShdan ketgisi kelmasa-da, bu mamlakatga kelishni istaganlar bugun ko’p emas. Dollar qiymati tushib ketgani ularni bu shashtdan qaytarmoqda.

AQShga hujjatsiz yashab yurganlarning aksariyati Lotin Amerikasidan - Meksika, Ekvador va Kolumbiya singari iqtisodiyoti zaif mamlakatlardan.

AQShga immigratsiya qilish jarayoni va bu boradagi savollarga Qo'shma Shtatlarning Toshkentdagi elchixonasidan, http://uzbekistan.usembassy.gov/ veb-sahifasidan javob topasiz.

XS
SM
MD
LG