Breaking News

Prezident Obama Davosga bormaydi


28 yanvar-1 fevral kunlari Shveysariyaning Davos shahrida an'anaviy bo'lib qolgan xalqaro iqtisodiy sammit o'tkaziladi. Unda 96 davlatdan ikki yarim mingdan ziyod vakil qatnashadi. Davlat prezidentlari, yetakchi iqtisodchilar, yirik kompaniyalar rahbarlari va taniqli siyosatchilar. Global moliyaviy inqiroz - sammitda muhokama etiladigan asosiy mavzu.

Ko'pchilikni sammitga AQShning yangi prezidenti Barak Obama boradimi degan savol qiziqtiryapti. Ammo Oq Uy ma'muriyati vakillariga ko'ra AQSh hukumatidan Davosga Davlat iqtisodiy kengashi raisi Lorens Summers va moliya vaziri lavozimiga nomzod Timoti Geytner borishi mumkin xolos. Ammo boshqa manbalar Obamaning eng yaqin maslakdoshlaridan biri Valeri Jaret borishini aytmoqda. Obama esa birinchi navbatda AQShdagi iqtisodiy va moliyaviy inqiroz bilan shug'ullanadi.

Kuni kecha prezident ilk bor radiomurojaat bilan chiqib, Amerika xalqini uning iqtisodiyotni tuzatishga qaratilgan tashabbuslari samara beradi deb ishontirishga harakat qildi. Ammo buning uchun Kongress 825 milliard dollar ajratishi kerak. Obama uning bir senti ham behuda sarflanmaydi deydi.

"Biz pulni foydasi bor ishlarga sarflaymiz. Xarajatlarni jamoatchilik va mustaqil ekspertlarga ma'lum qilamiz. Istalgan payt ularni tekshirish imkoniyati bo'ladi."

Agar hozirdanoq chora ko'rilmasa, ishsizlik 10 foizga ko'tarilib, iqtisodiyot bir trillion dollar yo'qotishi mumkin, deydi Obama.

"Mening rejam ish joylarini yaratish va uzoq muddatli iqtisodiy o'sishni ta'minlashga qaratilgan. Kongressdagi har ikki partiya qonunchilari darhol ishga kirishganidan mamnunman va dasturga pul bir oydan oz vaqt ichida ajratiladi degan umiddaman," deydi Obama.

Xalqaro sahnadagi iqtisodiy va moliyaviy muammolar AQShnikiga chambarchas bog'liq va Davosda bunga urg'u berilishi kutilmoqda. Bu yili 41 davlat rahbarlari, jumladan Xitoy va Rossiya bosh vazirlari sammitda ishtirok etadi.

Davos forumi asoschisi va raisi Klaus Shvabning aytishicha, mamlakatlar tanazzulni ogohlantirish sifatida ko'rib, moliyaviy institutlar va ularning ish uslibiga o'zgartirishlar zarur ekanini anglashi lozim.

"Tizimni o'zgartirish yoki zamon talabiga moslashtirish kerak. Dunyoda ishonchga putur yetgan. Ishonch darajasini tiklamas ekanmiz, inqirozdan hech qachon chiqa olmaymiz," deydi Shvab.

Mutaxassislar nazarida Qo'shma Shtatlar iqtisodiy muammolarga yechim topishda tashabbusni qo'lga olib, boshqalarga to'g'ri yo'lni ko'rsatishi kerak. Buning uchun jahon bo'ylab banklarni pul bilan ta'minlashning umumiy rejasini ishlab chiqish va ularga yuk bo'layotgan aktivlardan qutulish, Qo'shma Shtatlar naqd pulga muhtoj banklarga Xalqaro valyuta jamg'armasi orqali yoki to'g'ridan-to'g'ri moliyaviy yordam berishi zarur. Shuningdek, ba'zi mutaxassislar fikricha, deflyatsiyaning oldini olish kerak. Ya'ni inflyatsiya darajasini noldan yuqori ushlab, narx va oqibatda talabning ham tushishiga yo'l qo'ymaslik lozim.

Davosda iqtisod va moliyadan tashqari global iqlimning iliqlashishi ham muhokama etiladi.

XS
SM
MD
LG