Yadroviy tahdid va bio-terrorizm xavfi kuchayib bormoqda


2001 yilning 11 sentyabrida AQShda ro'y bergan fojiali voqealardan 8 yil o'tib, xavfsizlikka e'tibor oshganiga qaramasdan, mutaxassislar nazarida terror xavfi so'ngani yo'q.

Eng yirik xavf ommaviy qirg’in qurollarining terrorchilar qo’liga tushib qolishidir. Ammo gap faqat atom qurollarining tarqalishida emas.

Xalqaro xavsizlik masalalari bilan shug’ullanuvchi ekspertlar Barak Obama ma’muriyatini bio-terrorizm xavfidan boxabar turishga undamoqda.

Ommaviy qirg’in qurollarining tarqalishi global xavfdir. Dunyo hamjamiyati kech bo’lmasdan, bu qurollar noma’qul qo’llarga tushib qolmasidan oldin keskin choralar ko’rishi zarur.

AQShning bu masalani o’rganuvchi maxsus komissiyasiga ko’ra, kelasi 5 yil ichida terrorchilar dunyoning biror burchagini atom quroli bilan nishonga olish xavfi bor.

Aksariyat tahlilchilar tahdid avvalo ichki nizolar, siyosiy beqarorlik va ekstremist guruhlar o’chog’i deb ko’riladigan Pokistondan chiqayotganini aytadi.

Sobiq senator Bob Grexem fikricha AQSh Pokistonga nisbatan siyosatini tubdan o’zgartirish payti yetdi.

Mintaqa, ayniqsa Pokistonning qabilalar yashovchi qarovsiz hududlari radikal ruhdagi, G’arb va G’arb madaniyatiga qarshi kayfiyatda bo’lgan guruhlar makoni hisoblanadi.

Barak Obama ma’muriyati, deydi Grexem, Pokiston armiyasiga berilayotgan milliardlab dollar yordamning kattaroq qismini fuqaro jamiyatini rivojlantirish dasturlariga, keng omma manfaatini ko’zlovchi nohukumat tashkilotlarni quvvatlashga yo’naltirsin.

Prezident Obama Amerika tashqi siyosatida ko’proq diplomatiyaga tayanib, ochiq muloqotni ma’qul ko’rishini, iqtisodiy, ta’lim, madaniy ta’sir vositalarini ishga solishini aytgan. Ishni Pokistondan boshlash kerak, deydi tahlilchilar.

Garvard Universiteti professori Grexem Allison AQSh yangi hukumatiga "muvozanatli" strategiya yuritishni tavsiya etadi. Ya'ni Pokiston hukumati bilan aloqani buzmay turib, uni jangari guruhlarni yo’q qilishga ko’ndirish kerak.

"Agar Pokiston jiddiy chora ko’rmasa", - deydi Allison, "AQSh bu mamlakat hududida Tolibon va al-Qoidani nishonga olishga haqli. Harbiylar buni tasdiqlashdan bosh tortsada, Bush davrida AQSh havo kuchlari Pokistondagi jangari makonlarini bir necha bor o’qqa tutgani ma’lum".

Tahlilchilar Bush ma’muriyatining Eron va Shimoliy Koreyani yadroviy maqsadlaridan qaytarish harakatlarini ham samarasiz deb baholamoqda.

Shimoliy Koreya bugun taxminan 10 yadro raketasiga ega. Eron qator sanksiyalarga qaramay bu boradagi izlanishlarini davom ettiryapti.

"Haqiqat shuki", deydi sobiq senator Jim Talent, "ektremistlar qo’l qovushtirib o’tirgani yo’q. Ular ommaviy qirg’in qurollarini qo’lga kiritishga uringan va urinib kelmoqda".

Bunday xavfning oldini olish bo’yicha AQSh komissiyasiga ko’ra, bio-terroristik hujum ehtimoli yanada yuqori, chunki odamlarni zaharlovchi, kasallik qo’zg’atuvchi biologik va kimyoviy moddalarni osonlikcha qo’lga kiritish mumkin.

Ko’pgina mamlakatlar, jumladan Rossiya va sobiq Sovet Ittifoqining katta hududlarida bu materiallar yetarlicha nazorat qilinmaydi.

Sobiq qonunchi Bob Grexem fikricha, AQShning yangi hukumati “xavf barcha uchun bir” degan tushunchani asos qilib, bunday texnologiyaga ega davlatlarni bir davraga to’plashi va tahdidlarni hushyor tahlil qilishi zarur.

Yadroviy materiallarni nazorat ostiga olish faqat AQShning muammosi emas, deydi mutaxassislar. Boshqa davlatlar ham bu qurollar tarqalishini to’xtatish dasturlari va xarajatlariga hissa qo’shishi kerak.

XS
SM
MD
LG