Breaking News

Barak Obama: Yaqin Sharqqa haqiqiy tinchlik kerak


G'azo sektorida jangarilar bomba portlatib, Isroil askarlari bilan to'qnashgan. Isroil bir harbiysini yo'qotgan, yana biri jarohatlangan. Falastinliklardan ham biri o'lgan.

Isroil Xamas jangarilariga qarshi hujumlarni 18 yanvar kuni to'xtatgan edi.

AQShning Yaqin Sharq bo'yicha maxsus elchisi Jorj Mitchell esa mintaqaga safarini boshlamoqda.

Mitchell Quddus, Ramalloh va Qohirada bo'lib, Isroil, Falastin va Misr rahbarlari bilan so'zlashadi.

Asosiy maqsad, deydi uning zimmasiga vositachilik vazifasini yuklayotgan prezident Barak Obama, Yaqin Sharqda tinchlikka erishish uchun harakatlarni jadallashtirish.

"Jorj Mitchell u yerga faqat xo'jako'rsinga borayotgani yo'q. Falastinliklar bugun nima istaydi? Isroilning maqsadi nima? AQSh ularning kelisha olishi uchun nima qila oladi? Bizga quruq muzokaralar kerak emas. Amaliy qadamlar tashlashni istaymiz. Toki harakatlarimiz odamlarga umid bersin. Nihoyat tinchlikka erishamiz degan umid",- deydi Obama.

Jorj Mitchell Yevropada ham bo'ladi. Parij va Londonda yetakchi diplomatlar bilan uchrashadi. Mitchell G'azo sektoriga bormoqchi emas. Hudud, ma'lumki, Xamas guruhi nazorati ostida.

Uch haftalik urushdan tinkasi qurigan aholi ocharchilikdan azob chekmoqda. AQSh Isroilni sektor bilan chegarani ochishga va insonparvarlik yordamini o'tkazishga chaqirmoqda.

Jorj Mitchell, 75 yoshli sobiq senator, 2001 yilda Isroil-Falastin mojarosini tahlil qilib, bir-birini tan oluvchi ikki mustaqil davlat bo'lsin degan taklif bilan chiqqan. Ushbu loyiha hozirda Yaqin Sharqda tinchlikni tiklash xalqaro rejasi sifatida tanilgan. Uni AQSh, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va BMT olg'a surib kelmoqda.

Lekin prezident Obama fikricha Xamasga qurol-aslaha yetkazadigan yashirin yo'llarni yo'q qilish rejasi ham ishlab chiqilishi kerak.

Dubayda asoslangan al-Arabiya telekanaliga bergan intervyusida Obama Yaqin Sharqda haqiqiy tinchlikka erishish payti yetdi, bugungi vaziyat hech kimning foydasi uchun xizmat qilmaydi, degan.

Obama Isroil-Falastin va arab-yahudiy mojarosi ortidagi barcha sabablarni yaxshi tushunishini aytmoqda.

"Amerika musulmonlarning dushmani emas",- deydi u.

"Prezidentlik davrimda islom dunyosi va Qo'shma Shtatlarni bir-biriga yaqinlashtirishni maqsad qilganman",- deydi o'zining musulmon ota farzandi ekaniga urg'u berib o'tgan Obama.

"Prezident sifatida asosiy vazifalarimdan biri shuki men xalqimga "musulmonlar ham biz kabi tinchlik va farovon hayot istaydi"deya tushuntiraman. Shuningdek, musulmonlarga ham "amerikaliklar siz uchun g'anim emas, ular siz haqingizda yaxshiroq tasavvurga ega bo'lishni, siz bilan bog'lanishni istaydi" deya murojaat qilaman",- deydi AQSh rahbari.

Barak Husayn Obama yoshligining bir qismini Indoneziya, eng ko'p musulmon aholiga ega davlatda, o'tkazgan. Onasi amerikalik oq tanli nasroniy, otasi esa keniyalik qora tanli musulmon bo'lgan.

Inauguratsiya nutqida Obama musulmon dunyosiga alohida murojaat qilgan edi:

"Urush urug'ini sochishga urinayotgan yoki o'z jamiyatidagi muammolarda G'arbni ayblaydigan rahbarlarga shuni aytamanki, xalqingiz sizni nimaga vayron qilayotganingizga qarab emas, nimani tiklayotganingizga qarab baholaydi. Hokimiyatda qolish uchun korrupsiya, zulm va qalloblikka berilib, muxolifatni ezadigan rahbarlar shuni bilsinki, tarix sizni qoralaydi. Mushtingizni ochmoqchi bo'lsangiz, biz siz tomon qo'l uzatamiz".

Obama, Amerika tinchlik posboni sifatida demokratiyani targ'ib qilishda va inson manfaatlari yo'lida ter to'kishda davom etadi, deydi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG