O'zbekistonlik olimlar: mintaqa rahbarlari kelishib ishlashi lozim


O’zbekistonlik mustaqil siyosatshunoslar nazarida Markaziy Osiyo qashshoqlikni yengmoqchi bo’lsa, avvalo ichki aloqalarni mustahkamlashi kerak.

Buning uchun davlatlar siyosiy emas, balki iqtisodiy ittifoq, konfederatsiya tuzishi zarur, deydi ular.

Markaziy Osiyo davlatlari o`rtasida bugun do`stlik va hamkorlikdan ko`ra ziddiyat va munozara ko’p.

Holbuki, olimlar nazarida mintaqa birlashgan taqdirdagina iqtisodiy farovonlikka erishishi mumkin.

Mintaqa integratsiyasiga doir anjumanda tarixchi olim, professor Goga Hidoyatov va siyosatshunos Farhod Tolipov ma’ruza qilgan.

Ularning aytishicha, hozirgacha mintaqa davlatlarida iqtisodiy taraqqiyot kuzatilmagan, aholi tobora qashshoqlashib bormoqda.

Taraqqiyot esa iqtisodiy aloqalar kuchayishiga bog’liq.

“2002 yilda O`zbekistonda kishi boshiga o’rtacha yillik daromad 2200 dollarni tashkil etgan bo’lsa, hozir 2000 dollarga tushgan. Boshqa davlatlardagi vaziyat ham shunga yaqin. Mintaqa ulkan boylikka ega, biroq bu boylik davlatlar o`rtasida bo’lingan – Qozog’istonda neft, O`zbekistonda paxta va gaz, Tojikistonda alyuminiy, uran, Turkmaniston esa ulkan gaz zaxirasiga ega”, - deydi professor Goga Hidoyatov.

“Biz doshqozon ishlab chiqaramiz-u uni qo’shnilarga sota olmaymiz. Qirg’iziston esa cho’yan qozonni Rossiyadan xarid qiladi. Qozog’iston mahsulotni Latviyadan, Turkmaniston esa Ozarbayjondan oladi ”, - deydi olim.

Darhaqiqat, Qirg`iziston mahsulotini Qozog’iston olmaydi. Vaholanki, aynan shu mahsulotni u Rossiyadan sotib oladi. O`zbekistonda mavjud xomashyo, tovarni mintaqaning boshqa davlatlari tashqaridan sotib oladi. Bu, deydi tahlilchilar, Markaziy Osiyoda ichki iqtisodiy aloqalar deyarli to`xtab qolganidan dalolat beradi.

Mintaqa davlatlarini birlashtirish tashabbusi so’nggi bor Qozog`iston prezidenti Nursulton Nazarboyev tomonidan ko`tarilgan edi.

Ma’ruzachilar fikricha, siyosiy ittifoq tuzilishi ehtimoldan yiroq.

“Intergatsiya muhim, biroq bu juda uzoq vaqt talab qiladi. Markaziy Osiyo prezidentlari ittifoq tuzishi qiyin, chunki bu har bir davlat zimmasiga majburiyatlar yuklaydi. Shuning uchun ham ishni ittifoq emas, iqtisodiy konfederatsiyadan boshlash kerak”, - deydi Goga Hidoyatov.

Nazarboyev ko`targan ittifoq tashabbusi Qirg’iziston tomonidan qo`llab- quvvatlangan edi.

Bir nech yil avval Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mavjud edi, biroq u mintaqa yetakchilari tashabbusi bilan faoliyatini to’xtatdi. Ayrimlar nazarida bunda tashkilotga Rossiya qo’shilishi bilan uning mazmun va tarkibi o'zgargan. mumkin.

“Rossiya mintaqa tashkilotiga a’zo bo’lish bilan o’zini Markaziy Osiyo respublikasi deb hisoblamoqchi edimi? Yo'q. Bu tashabbus tashkilotni mutlaqo tugatdi”, - deydi Farhod Tolipov.

Uning aytishicha, O’zbekiston tashqi siyosati kommunistik mafkuradan uzoqqa ketmagan, hatto BMTga nisbatan ham ishonchsizlik mavjud.

“Unda kim bilan munosabat qilishimiz kerak, o'zga sayyoraliklar bilanmi”? - deydi siyosatshunos Farhod Tolipov.

Tahlilchilarning aytishicha, salkam 20 yildan buyon mintaqa davlatlari integratsiyasi amalga oshmayotgani ko’proq prezidentlar o’rtasidagi ziddiyatlar bilan bog’liq.

Professor Goga Hidoyatov so’zlariga ko`ra, konfederatsiya qamrovi keng bo’lib, Afg`oniston va Pokistonni ham o`z ichiga olishi kerak bo'ladi.

“Konfederatsiya masalan davlatlarni bog’lovchi temir yo’l loyihasini ro’yobga chiqarishi mumkin. O’zbekiston uchun dengizga chiqish yo'llari muhim. Buni Afg’oniston va Pokiston orqali amalga oshirish mumkin bo'ladi”, - deydi Hidoyatov.

XS
SM
MD
LG