AQSh Eron rahbariyatini ochiq muloqotga undamoqda


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Eronni Amerika va dunyo hamjamiyati bilan ochiq muloqotga undamoqda.

“Barak Obama ma’muriyati musulmon jamiyatlari va xususan Eron bilan gaplashishga tayyor, biroq rasmiy Tehron ham AQShga qo’l uzatsin”, - deydi Klinton xonim. So’nggi 8 yil ichida AQSh bu islomiy davlat bilan dushmanlarcha so’zlashib kelgan.

Ayni paytda Obama ma’muriyati Eronga nisbatan siyosatni qayta ko’rib chiqmoqda. “Yangi munosabatlar qanday tus olishi ko’p jihatdan rasmiy Tehronning o’ziga bog’liq”, - deydi AQSh tashqi ishlar vazirasi.

Eronning yadroviy izlanishlarini to’xtatishga urinib kelayotgan vositachilar - BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi hamda Germaniya vakillari kelasi hafta qayta yig’ilmoqda.

Xuddi shu asnoda, G’arbni tashvishlantirib kelayotgan yana bir mamlakat – Shimoliy Koreya bilan ham olti davlat ishtirokidagi muzokaralar davom etadi. Taxminlarga ko’ra mamlakat hozirda 10 yadro raketasiga ega.

“Olti tomonlama dialog”, - deydi Xillari Klinton, “nafaqat Shimoliy Koreya olib borayotgan izlanishlardan xabardor bo’lish uchun vosita, balki AQSh diplomatlariga bu mamlakat rasmiylari bilan yuzma-yuz gaplashish imkoniyatini beradi”.

Yaqin Sharq mintaqasida AQShning hozirgi maqsadi Isroil-Xamas o’rtasidagi sulhni mustahkamlash hamda G’azo aholisiga yordam ko’rsatish.

“G’azodagi inqirozga ko’p jihatdan Xamas aybdor. Isroil jangarilarning raketa hujumlariga javob qaytarishga to’la haqli. Xamas Falastin xalqining kelajagini o’ylab ish tutishi kerak”, - deydi Xillari Klinton.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod esa Obamadan AQSh tashqi siyosatini tubdan o’zgartirishni so’ramoqda.

“Vashington Eron xalqiga qarshi 60 yillik zug’um uchun kechirim so’rashi kerak”, - deydi Ahmadinajod. Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Isroilni yoqlash, boshqa davlatlar ishiga aralashishni bas qilishi kerak.

Barak Obama deydiki, Eron mushtumzo’rlikni to’xtatsa, Vashington muloqot qilishga tayyor.

Sobiq prezident Bush Tehron bilan muzokara qilishdan bosh tortib kelgan. Tanqidchilar nazarida Eron yadroviy qurol ishlab chiqarish bilan band, biroq Tehron buni inkor etib keladi.

XS
SM
MD
LG