Markaziy Osiyoda ob-havo xizmatlarini yaxshilash kerak


Yer yuzida harorat ko’tarilib borayotgani ekologik, iqtisodiy va siyosiy muammo deb tan olinmoqda.

Shu bois taraqqiyot masalalari bilan shug’ullanuvchi Jahon Banki (World Bank) davlatlarni bu muammodan ogoh bo'lishga, ayniqsa ob-havoni kuzatish va iqlimni o’rganish uchun ko’proq mablag’ ajratishga chaqirmoqda.

Tabiiy sharoit o’zgargani sari har bir jamiyat hayotning yangicha shartlariga moslashishi kerak, deydi ekolog olimlar.

Global isish men uchun nima ahamiyatga ega deya hayron bo’layotgan bo’lsangiz, yana bir bor o’ylab ko’ring.

Gap muayyan bir davlat, xalq yoki mintaqa emas, butun insoniyat kelajagi haqida ketmoqda.

Oddiy qilib aytganda, ona tabiat muvozanatini yo’qotgan. Ko’pchilik olimlar nazarida atmosfera zaharlanib ketgan.

Boshqalar nazarida esa tabiat hamisha o’zgaradi va bugunga kelib bu jarayon o’ta jadallashib, hayotga ko’proq tahdid solmoqda.

Jahonning boshqa qismlari kabi Markaziy Osiyodek qishloq xo’jaligiga asoslangan mintaqada ham bu qurg’oqchilik, hosildorlikning pasayishi va oziq-ovqat mahsulotlarining qimmatlashishi deganidir.

Masalani uzoq yillardan beri o'rganib kelayotgan Vladimir Tsirkunov, Jahon Banki mutaxassisining ogohlantirishicha, gidrometeorologiyaga e'tibor berilmasa, serquyosh mintaqaning dalalaridan baraka ketishi mumkin.

“Ob-havo haqida yaxshi bilgan dehqonlar boshqalarga qaraganda ko’proq hosil olayotganini bilamiz. Ular muz yoki sho’rlanishga qarab, qanday chora ko’rishni, bu yil bahorda nima eksa mo’l hosil olishini biladi”, - deydi tadqiqotchi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

O’zbekistonda, masalan, yerga egalik, dehqon huquqi, korrupsiya va qonunbuzarlik dolzarb masalalar ekani sir emas. Lekin tabiatni kuzatish va metereologik tadqiqotlarda ojizlik qilinsa, hayot bundan-da qiyinlashadi.

“Ob-havo dehqonning har bir harakatini belgilaydi. Urug’ balki endi ertaroq ekilishi kerak. O’g’it va dorilarni berish vaqti o’zgarishi mumkin”.

Dehqonlar "albatta, buni yaxshi bilamiz" deya ajablansa-da, ahvolni yetarlicha o’rgansangiz, suv toshqini, sho’rlanish yoki qurg’oqchilikning oldini olish mumkin. Bunga erishishda esa hukumat sizga yordam berishi kerak.

Vladimir Tsirkunov singari xalqaro mutaxassislar fikricha O’zbekiston va Qozog’istondagi ahvol Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmanistonga qaraganda nisbatan yaxshi.

Ammo ekologik tadqiqotlar olib borish, dehqonni muammolardan vaqtida xabardor etish va ob-havoni izchil kuzatish uchun umumiy sharoit bugungi talabga javob bermaydi.

Bu borada mintaqaviy hamkorlik deyarli mavjud emas va odamlarga tabiiy o’zgarishlar haqida chuqur axborot berilmaydi.

Bugun yoki ertaga kun issiqmi yoki sovuqligi haqida emas, har bir faslda nimalar kutilayotgani, kelasi yil mintaqada qanday kelishi; dehqon, uning yeri va chorvasi nimaga tayyor turishi zarurligi haqida batafsil ma’lumotlar berish fursati yetgan, deydi Vladimir Tsirkunov.

Bularni bilish hukumatga ham qo’l keladi. Soha mutaxassislaridan maslahat olishni yo’lga qo’yish kerak.

“Dehqonga ob-havo haqida ma’lumot vaqtida yetishi va unga bu ma’lumotdan qanday foydalanishni o’rgatish kerak”,- deydi Vladimir Tsirkunov.

Jahon Banki bu borada O’zbekiston va uning qo’shnilariga yordam berishga tayyor. Hukumat bilan turli loyihalar ustida muzokaralar ketmoqda.

Jamoatchilikning bu masalaga diqqatini oshirib, meteorologiya xizmatlari uchun ko’proq moliya ajratib, ular yiqqan axborotni kunida bir marta emas, har soat, balki har yarim soatda ommaga yetkazish, kommunikatsiya tizimini yaxshilash kerak.

Masalan Rossiyada Jahon Banki bilan hamkorlikda olib borilgan shu kabi loyihalar samara berib, hosildorlik oshgan.

Ona zamindan qanday meva olishni biladigan insonlar iqlim va ob-havodan ogoh bo’lib turish ahamiyatini yaxshi biladi.

Lekin ular bilimini boshqalarga ulasha olishi, hukumatdan texnik yordam olishi uchun ommaviy axborot vositalari ham bu masalalarni ko’tarib chiqishi kerak. Toki odamlar fikr va tajriba almashib, birgalikda yechimlar izlay boshlasin.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG