Yadro energiyasiga talab osharkan, nazorat ham kuchayadi


Ko’mir va tabiiy gazning ekologiyaga zarari oshib borarkan, jahonda atom energiyasiga talab kuchaygan. Ekspertlar esa bu bilan yadroviy material va texnologiyalar noqonuniy ravishda tarqala boshlashi mumkin degan xavotirda.

Muammoning oldini olish uchun BMT Atom agentligi ishini quvvatlash, unga ko’proq vakolatlar berish kerak, deydi mutaxassislar.

Bugun ilm-fan arboblari orasida global iqlim tobora ilib borayotgani haqida kelishmovchilik deyarli yo’q. Hatto ayrim olimlar iqlimda yaqin kelajakda keskin burilishlar bo’ladi desa, yadroviy fizika sohasi egalari esa “bu dahshat” demoqda.

Ularni xavotirga solayotgan narsa shuki, atom energiyasiga talab osharkan, ayrim davlatlar yangi reaktorlar, ayrimlari esa atom qurollari yaratishga tushishi mumkin. Italiya, Yevropada eng ko’p neft va gaz import qiladigan davlat, yana boshqa 12 mamlakat qatorida, yaqin yillarda 34 atom reaktori bunyod etish niyatida.

“Muammo global. Uni yechish bir-birini dos’t-u dushman deb bilgan davlatlar orasida birdek hamkorlik taqozo etadi”, - deydi AQSh rahbari Barak Obama.

Ekspertlar fikricha esa gapdan ishga o’tish payti yetgan. Har qanday atom dasturini izchil nazorat qiluvchi yangi xalqaro tizim tuzish kerak.

Har bir davlatning yadroviy energiya ishlab chiqarishga haqqi bor, lekin sanoat oshkora bo’lishi, BMT atom agentligi tekshiruvidan o’tishi, ortiqcha material topshirilishi zarur.

Ushbu masala bilan uzoq yillardan beri shug’ullanib kelayotgan Daniel Pounmen fikricha, davlatlarning bir-biriga ishonishi, tayanishi oson kechmaydi.

“Tijoriy kafolat, milliy kafolat, xalqaro kafolat… Bular BMT atom agentligi tasdig’idan o’tishi shart. Atom dasturi - iqtisodiy loyiha bo’lishi shart. Aks holda jahon ahli mislsiz fojiaga yuz tutadi”, - deydi Pounmen.

G’arb ikki davlatni atom harakatidan qaytarishga urinmoqda – Shimoliy Koreya va Eron. AQSh ular bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ularga iqtisodiy yordam taklif qilmoqchi, deydi mudofaa vaziri o’rinbosari Erik Edelman.

“Diplomatiya samara berishi mumkin, ammo xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqarishi shart. Bu narsa bugun har qachongidan-da muhim. Gap iqtisodiy talab haqida ketmoqda. Shimoliy Koreya va Eronga ham iqtisodiy sanksiyalar qo’yilgan”.

Eronga nisbatan BMT uch bora sanksiya joriy etgan. Talab shuki bu davlat uranni boyitishni bas qilishi kerak. Islomiy respublika hozircha pinagini buzmayapti.

Bunga, deydi mutaxassislar, Vashington-Moskva orasidagi aloqalarning sovuq ekani ham sababchi. Rossiya Eronga atom zavodlari qurishda katta yordam va’da qilgan. Rossiya Eronni quvvatlashda davom etarkan, Amerika diplomatiyasi ish berishi qiyin.

Lekin olim Robert Jozef fikricha Barak Obama Rossiyani bu borada o’z gapiga ko’ndira olishi mumkin … manfaatlarga tayanib.

“Yadroviy terrorizm, ham Amerika, ham Rossiyaga tahdid soladi. Yadroviy energiya ham har ikki davlat kelajagi uchun muhim. Bu degani o’zaro kelishish uchun asos bor”.

Fikr va qarashlar turlicha, ammo jahon hamjamiyati har qanday yadroviy faoliyatdan boxabar bo’lishga, asl maqsadni bilish huquqiga ega. Davlatlar oxir-oqibat buni tan olib, bir to’xtamga keladi degan umid bor.

XS
SM
MD
LG