AQSh iqtisodiyoti zaiflashishda davom etmoqda


So’nggi 3 oyda yalpi ichki milliy mahsulot hajmi 3 foizga kamaygan. Davlatdan yordam so’rab murojaat qilgan fuqarolar soni qariyb 5 foizga yetgan.

Prezident Barak Obama iqtisodiy ko’mak dasturini imkon qadar tez ma’qullash kerak demoqda.

Vakillar Palatasi 819 milliard dollarlik hujjatni tasdiqlagan. Navbat Senatga.

Prezident va demokratlar qo’sh-qo’llab yoqlayotgan bu tashabbus respublikachi qonunchilar ko’ngliga o’tirmayapti.

Respublikachi senator Jon Kil fikricha, ish o’rinlari yaratish va iqtisodiyotni o’nglashning boshqa yo’llari bor. “Ortiqcha sarf-xarajatga o’rin yo’q. Ammo respublikachilar taklifi inobatga olinmayapti. Demokratlar kelishib ishlashni xohlamagach, jabrini Amerika xalqi tortishi kerak bo’ladi”, - deydi senator.

Respublikachi senator Jeff Seshns nazarida ham Obama va demokrat qonunchilar bilan til topishish qiyin. Chunki asosiy masalalarda fikrimiz turlicha, deydi u.

Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosi bunga e’tiroz bildirib, “respublikachi safdoshlar fikrini inobatga olayapmiz”, - deydi.

Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbs so’zlariga ko’ra, har xil taklif yangrashi tabiiy. Senat iqtisodiy yordam loyihasiga tuzatish kiritishi aniq. Hujjatni tayyorlash uzoq jarayon, deydi u.

Prezident Barak Obama deydiki, maqsad Amerikada biznes va tadbirkorlikni sog’lomlashtirish. Ish yuritishni tubdan isloh qilish kerak, deydi u. 819 milliard dollarga teng iqtisodiy ko’mak loyihasi mana shu mushkul vazifani bajarishi mumkin, deydi Barak Obama.

XS
SM
MD
LG