Barak Obama musulmon dunyosini muloqotga chorlamoqda


Barak Husayn Obama prezident sifatida birinchi intervyuni arab telekanaliga berib, musulmon dunyosi bilan yangicha muloqot boshladi.

U tomondan javob hozircha ijobiy. Obama, arab davlatlari rahbarlariga ham qo’ng’iroq qilib, aloqalarni yangilash, jamiyatlarni bir-biriga yaqinlashtirish haqida gaplashgan.

Munosabatlar o’zaro hurmat, ishonch va manfaatlarga asoslanishi shart, deydi u. Obama qora tanli musulmon, oq tanli nasroniy farzandi.

Prezident o’zi cherkovda toat-ibodat qiladi, ammo “musulmon qarindoshlarim bor” deya faxrlanadi.

Prezident Barak Obama Dubayda asoslangan Al-Arabiya televideniyesi muxbiri bilan suhbat qurib, "Amerika musulmon dunyosi bilan hamkorlikka va ular dardiga quloq solishga tayyor",- dedi.

“Mening vazifam - musulmon dunyosi ajoyib insonlarga, o’zlari va farzandlari farovon hayot kechirishini istagan odamlarga to’la deb Amerika xalqiga tushuntirish. Shuningdek, musulmon dunyosiga ham amerikaliklar sizning dushmaningiz emas deyman",- deydi Obama.

Prezident Isroil-Falastin mojarosini hal etish asosiy maqsadlardan biri deydi.

AQShning yangi vositachisi – Jorj Mitchell mintaqaga safar qilib, har ikki tomon bilan gaplashmoqda.

"Yaqin Sharqqa haqiqiy tinchlik kerak",- deydi Obama. "Quruq muzokara emas, amaliy qadamlar tashlash vaqti yetgan".

Prezident AQSh endi aql o’rgatmaydi deydi:

“Biz Falastin yoki Isroilga sizga mana bunday qilish ma’qul demaymiz. Buni ularning o’zi hal etishi kerak. Lekin, nazarimda, bu ikki xalq tinch yashash uchun ulardan nima talab qilinayotganini sezib turibdi. Hozirgi yo’l ularni barqarorlikka yetaklamasligini bu xalqlar biladi".

Obama fikricha, AQSh o’tmishda xatolarga yo’l qo’ygan. Biroq, deydi u, musulmonlar ham haqiqatni tan olishi, oldinga siljishi, oshkora siyosat yuritishi lozim.

Afg’oniston va Iroqdagi urushlar Qo’shma Shtatlar uchun yaxshi nom olib kelgani yo’q. Ko’plab musulmonlar Amerikani bosqinchilikda ayblaydi.

Obama Eron singari islomiy respublikalar bilan diplomatik muloqotni kuchaytirib, bu hukumatni ham hamjihatlikka undamoqda.

“Eron bilan gaplashish muhim. Bu davlatdan nima uchun norozi ekanimizni ochiq aytamiz va qayerda ular bilan fikrimiz bir ekanini tushuntiramiz”.

Tehronda chiqadigan Al-Vefaq gazetasi muharriri Musayib Naimiy fikricha bu ijobiy qadam.

"Agar Amerika haqiqatda shunday ochiq dialog olib bormoqchi bo’lsa, nafaqat Eron balki butun mintaqada unga nisbatan munosabat o’zgarishi mumkin. Chunki hozirgacha AQSh bizni yerga urgan xolos",- deydi Naimiy.

Obama yoshligining bir qismini Indoneziyada, eng yirik musulmon jamiyatida o’tkazgan.

“Umid qilamizki, Obama harbiy maslahatchilari yoki yahudiy lobbichilariga quloq solmaydi. Aks holda yangi muammolar yuzaga keladi”, - deydi Indoneziya parlamenti a'zosi Azvar Anas.

Obamaning ham musulmonlarga o’z maslahati bor: "Urush urug’ini sochishga urinmang. O'z jamiyatingizdagi muammolarda G'arbni ayblamang. Buzg’unchilik qilmay, davlatchiligingizni tiklang. Hokimiyatda qolish uchun korrupsiya, zulm va qalloblikka berilmang. Muxolifatni ezmang, tarix sizni kechirmaydi. Mushtingizni yozsangiz, AQSh siz tomon qo'l uzatadi", - deydi u.

XS
SM
MD
LG