Rossiya va Ukraina nima uchun chiqishmayapti?


Rossiya va Ukraina uzoq tortishuvlardan so’ng G’arbiy Yevropaga tabiiy gaz uzatish bo’yicha yangi bitim imzolagan.

Kelishmovchilik, uch yil oldin bo'lgani kabi, yana Yevropa davlatlarini qishning sovuq kunlarida gazsiz qoldirdi.

Rossiya va Ukraina o’rtasida mojaro nima to’g’risida bo’lishini bilish uchun kalendarga nazar solish kifoya, deydi tahlilchilar. Agar mojaro yanvar oyida kechayotgan bo’lsa, demak gap tabiiy gazda.

Shu yil 1 yanvarida Rossiya Ukrainadan gazi uchun ko’proq pul to’lashni talab qilib, savdoni to’xtatib qo’ydi. So’ng Ukrainani Yevropaga beriladigan gazni o’g’irlayotganlikda ayblab, bir haftadan so’ng quvur jo’mragini mahkam burab qo’ydi. Ukraina prezidenti Viktor Yushchenko barcha ayblovlarni inkor etdi.

Mojaroga ikki hafta o’tgach yechim topildi. Ammo Yevropadagi 18 davlatga gaz yo’qligidan ziyon yetib bo’lgan edi.

Yevropa gazga bo’lgan ehtiyojning 25 foizini Rossiya yonilg’isi hisobiga qoplaydi. Uning 80 foizi Ukraina orqali Finlandiya, Vengriya, Slovakiya, Makedoniya, Bolgariya, Litva, Estoniya va Latviyaga uzatiladi. Bu davlatlar to’laligicha Rossiya gaziga muhtoj.

Ikki davlat o’rtasidagi gaz mojarosi ilk bor 2006 yilda kuzatilib, inqiroz uch kunda hal etilgan edi.

Londondagi Yevropa islohoti markazi tahlilchisi Katinka Barishning aytishicha, u payt siyosiy muhit ham boshqacha bo’lgan.

“O’shanda Yevropa aybni yoppasiga Rossiyaga qo’ygan edi. Ukrainada demokratik Qo’ng’ir inqilob sadolari hali o’tmagan edi. Yevropa o’sha paytdagi Ukraina rahbariyatiga ishonch va hurmat bilan qarardi”, - deydi Barish.

“Ammo so’nggi uch yil ichida Ukrainada kutilgan o’zgarishlar bo’lmadi. Siyosiy rahbarlar bir-biriga qarshi tish qayray boshladi. Xuddi hokimiyatga o’z foydasi uchun kelganday. Ukraina Yevropa ishonchini qo’ldan boy bera boshladi. Hozirgi mojaroda hech kim aybni yolg’iz Rossiyaga qoy’madi. Hech biriga ishonch qolmadi”, - deydi tahlilchi.

Kolumbiya universiteti professori Robert Legvold ta’biricha, Sovet davrida ham gaz uzatishda uzilishlar bo’lmagan.

“Sovetlar, keyin esa ruslar ishonchli hamkormiz deya bong urdi. Yevropa bunga ishondi. Sovet Ittifoqi uchun og’ir bo’lgan afg’on urushi yillarida ham gaz ta’minotida uzilish bo’lmagan. Endi esa Belarus bilan neft uzatishda bir marta va Ukraina bilan gaz uzatishda ikki marta qovun tushirildi”, - deydi Legvold.

Yevropa baxtiga bu safar Ukraina va Rossiya yangi narx bo’yicha 10 yillik bitim imzoladi. Bu bilan ular mijoz davlatlar ishonchini tiklamoqchi.

Ammo Garvard universiteti mutaxassisi Marshall Goldman bunga shubha bildirmoqda.

“Gap bir-birini ko’ra olmaydigan rahbarlar haqida ketarkan, bitimga barcha tomonlar rioya qiladi deyishga ishonch yo’q”, - deydi u.

Goldmanning aytishicha, mojaro Yevropa uchun Rossiya gaziga tobelikdan qutulish kerakligiga signal bo’lib, yonilg’i olishning muqobil manbalarini izlashdagi harakatlarni yanada jadallashtirishga undadi.

XS
SM
MD
LG