Afg'oniston bugun kamroq qoradori yetishtirmoqda


Afg’onistonda bu yil kamroq afyun yetishtirilishi mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu borada ma’lum qilmoqda.

"Amerika Ovozi"ning mintaqadagi muxbiri Ayoz Gulning xabar qilishicha, bu yangilik ortida turli tabiiy va iqtisodiy sabablar bor.

Afg’onistonda bu yil qoradori ishlab chiqarish hajmi kamayishi xalqaro maydonda xushxabar sifatida qabul qilinmoqda.

Birinchidan, jahon afyun bozori sustlashgan. Ikkinchidan qurg’oqchilik sabab ko’p ko’knor yetishtirilmagan. Uchinchidan esa afg’on dehqonlar boshqa daromadbop ekinlar borligini anglamoqda. Jumladan bug’doy va sabzavotlar.

BMTning Afg’onistondagi elchisi Kai Ayda deydiki "qoradori endi bu mamlakatdagi eng katta muammo emas".

Hozirda, uning tasdiqlashicha, Afg’onistonning 34 viloyatidan 18 tasi afyun umuman ekilmaydigan hududlar.

“Hukumat va xalqaro hamjamiyat bugungi say-harakatlarni davom ettirsa, yaqin oylarda yana 4 viloyat bu balodan tozalanadi”, - deydi BMT elchisi.

Shu paytgacha jahon bozoriga chiqadigan qoradorining 90 foizi Afg’onistonda yetishtirilar edi. Afyun, ma’lumki, geroinning asosiy tarkibi. O’tgan yili mamlakatda ko’knordan qariyb 3,2 milliard dollar daromad qilingan. Buning huzurini asosan narko-savdogarlar ko’radi, ammo Tolibon ham unga sherik ekani ma’lum.

Afg’onistonning qoradoriga qarshi kurash bo’yicha bosh rasmiysi, vazir Xudoydod Xudoydod fikricha xalqaro harbiy kuchlar dehqonlarni afyun yetishtirishga majburlayotgan jinoyatchi guruhlarga zarba berib, qoradori yo’llarini yo’q qilishi, jangarilarni dalalardan uzoqlashtirishi lozim. Aks holda, deydi u, dehqon o’zini bu yovuz kuchlardan himoya qila olmaydi.

Afyun hosili kamayganiga qaramay Afg’oniston janubi, xususan Qandahor, Uruzgon va Nimro’z singari viloyatlar qoradori o’chog’i bo’lib qolmoqda. Jangari kuchlar ham aynan shu hududlarda faol harakat qiladi.

XS
SM
MD
LG