O'zbekistonda jamoatchilik G'arb bilan yaqinlik tarafdori


Ziyolilar nazarida sharqu-g'arb orasidagi madaniy ziddiyat va kelishmovchiliklar yangilik emas. Bugungi muammolar zaminida siyosiy muammolar yotadi, deydi ular. Ularni hal etish uchun esa avvalo har ikki tomon o'z nuqsonlarini tan olishi lozim.

Baraka Obamaning AQShdda prezidentlikka kelishi nafaqat G'arb balki Sharqda ham ulkan siyosiy burilish sifatida kutib olindi.

Obama va'da qilayotgan o'zgarishlardan biri bu AQShning islom dunyosi bilan aloqalarini yaxshilash.

Sharhlovchilar nazarida Jorj Bush prezidentligi davrida musulmonlar orasida G'arb va Amerikaga qarshi kayfiyati kuchaydi.

Anti-amerikanizm, deydi siyosatdonlar, Iroq va Afg'onistondagi urushlar, Isroil-Falastin mojarosida AQSh roli bilan bog'liq.

“Barak Husayn Obamaning prezidentlikka kelishi dunyo xalqlari uchun bayram bo'ldi. Munosabatlarda yaxshilanish, siyosatda o`zgarishlar bo'ladi degan umid bor. Muammolardan asosiysi bu terrorizmga qarshi kurash. Bu muammo ortida Amerika va Yevropaning musulmon mamlakatlari bilan munosabati yotadi. Bu masala esa Falastin xalqining ozodlik uchun kurashiga borib taqaladi”, - deydi sharhlovchi Komron Aliyev.

Barak Obama islom dunyosi bilan o'zaro manfaatli hamkorlik o`rnatish zarurligini ta'kidlab, Iroqdan qo'shinlarni olib chiqishini, Afg'onistonda barqarorlik o'rnatishni, shuningdek Eron bilan muloqotni yo'lga qo'yishni nazarda tutmoqda.

"Barak Obamaning musulmonlarga aytayotgan gaplari juda ahamyatli. Samarasi esa ikki tomonga bog'liq. Musulmon davlatlari rahbarlari buni qanday qabul qiladi? Agar rahbarlar ma'rifatparvarlikka ma'lum darajada amal qilsa, taraqqiyotga to'siq bo'layotgan muammolarni to'g'ri tahlil qilsa, o'shanda o'rtadagi munosabatlar uyg'unlashib tinchlik o'rnatiladi”, - deydi sharhlovchi Akbar Aliyev.

Barak Obama yaqinda Al-Arabiya telekanaliga (Dubayda asoslangan) bergan intervyusida Isroil-Falastin mojarosini hal etish o'ta muhim vazifa degan.

“Bush ma'muriyati aloqalarni buzish, o'ziga yoqmagan davlatlarga qurol bilan kirish, hatto urushgacha bordi. Bush Eronni dunyo jamoatchiligiga qarshi bo'lgan mamlakat deb e'lon qildi. Bular ortida esa birinchi navbatda Isroil manfaati turganligini ko'ramiz”, - deydi Aliyev.

Ziyolilar tahlil qilishicha Obamaning islom olami bilan yaqinlashishga urinayotgani uning orasi musulmon bo'lgani bilan emas, balki bugun dunyo siyosati o'zgarishlarga muhtoj ekani bilan bog'liq. Bu zamon talabi, deydi sharhlovchilar.

“BMT bu jarayonga faol qatnashsin. Bu masalani kuch bilan hal etib bo`lmaydi. Obama to'g'ri yo'l tutayapti”, - deydi Akbar Aliyev.

Sharqshunos olim Abdusattor Jumanazar fikricha G'arb va Sharq o'rtasidagi ziddiyatlar kuchayishida siysatchilarning roli katta. Madaniyatlar, deydi u, hamisha bir-birini to'ldirib kelgan.

“Madaniyatalr bir-birini juda yaxshi qabul qiladi. Masalan, Chingiz Aytmatov bu haqda ko'p narsalar yozgan. G'arb, xususan Yevropa uni yaxshi qabul qilgan. Biz ham masalan Jek Londonni o'qiganimizda, ularga nisbatan hech qanday g'ayirlik his etmaymiz-ku”, - deydi olim.


XS
SM
MD
LG