Amerikada bemorlar Internetdan davo izlamoqda


Aksariyat amerikaliklar bugun tibbiy ma’lumotlarni bevosita do’xtirdan emas, internetdan olmoqda. Aniqroq aytganda, turli tibbiy saytlardan. Shifokor huzuriga borish AQShda katta pul.

Shamollash, boshog’rig’i, surunkali yo’taldan tortib, nafas bog’ilishi-yu, teri kasalliklarigacha, odamlar najotni Internetdan izlamoqda. Komron Usmon buning ijobiy va salbiy tomonlari haqida hikoya qiladi.

40 yashar Steysi Vaselaniy sharob ichib g’am bilmay yashayotgan edi. Biroq birdan…

"Bo’ynimda qattiq og’riq paydo bo’ldi. Avval hech ham bunday bo’lmagan. O’tkir tig’ bilan sanchigandek", - deydi Steysi.

Bir kun o’tib yana shunday og’riq. Bu safar pivosini simirib o’tirganda kuzatildi. So’ng internetga yuzlandi. Natijada unda alkogol iste’moli bilan bog’liq Xodkin limfomasi asoratlari borligini aniqladi.

"Bu axir saratonning bir turi-ku, nahotki menda bo’lsa… ", - deydi u.

Biroz o’tib Steysi bo’ynida shish borligini sezdi. Shifokori bu oddiy infeksiya deya tinchlantirdi. Onkolog Alan Lixtin esa bunga qo’shilmadi.

"Steysining holati bilan tanishgach Xodkin sindromi bo’lsa kerak deya o’yladim. Alkogolni ko’p iste’mol qiladiganlarda bog’im va limfa tugunlarida bez paydo bo’lishi mumkin", - deydi Lixtin.

Kichik jarrohlik amaliyoti Steysining xavotirlarini isbotladi. Shu tariqa Xodkin kasali tashhisi qo’yildi. Biroq ilk bosqichda aniqlangani sabab, uni muolaja qilib, davolashgan mufavvaq bo’lindi.

Statistika ma’lumotlariga ko’ra, bir yarim milliardga yaqin inson doimiy tarzda internetda izlanadi. Millionlab odamlar bugun tibbiyot ma’lumotlarni internetdan qidirmoqda. Kolumbiya universiteti professori Kelli Xarding bu bekorga emas deydi.

"Odamlarda gipoxandriya, ya’ni kasallikka uchrash vahimasi avj olgan. Sal boshi og’risa darrov “miyamda shish bor ekan” deb xulosa qiladiganlar ko’p. Vahima tushib, savollariga javob izlashadi", - deydi doktor Xarding.

Lekin internetdagi ma’lumotlarning hammasi ham to’g’ri yoki asosli emas. Shifokorlar rasmiy va ishonchli manbalarga tayanishni tavsiya qiladi. O’qish, bilish yaxshi, ammo do’xtirlar bilan maslahatlashib ish tutish undan-da yaxshi.

XS
SM
MD
LG