Urush kinolar Oskar mukofoti uchun kurashmoqda


Shu kunlarda ekran yuzini ko’rgan ikki yangi film urush, adovat va loqaydlik kabi mavzularni ko’taradi. Voqealar real hayotdan olingan.

Jahon kino san’atidagi eng yuksak sovrinlardan biri - “Oskar” mukofotiga da’vo qilayotgan “Qiroatxon” (The Reader) kartinasi Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrni tasvirlaydi.

“Bashir bilan vals” nomli filmda esa Bayrutda 1982 yilgi falastinliklar qirg’ini tasvirlanadi. Tanqidchilar nazarida bu asar ham “Oskar”ga munosib.

Ikkinchi Jahon Urushidan 20 yil o’tib, Xanna Shmits sud oldida javob bermoqda. U natsistlar uchun ishlab, minglab odamlarni o’limga yetaklaganlikda ayblanmoqda.

Qamoqda o’tirar ekan, Xanna vijdon azobida yonmoqda. U “bor-yo’g’i odamlarni qo’riqlardim xolos” deya o’zini ishontirmoqchi.

“Qiroatxon” nomli bu kartina g’oyasi shuki, insoniylikka qarshi jinoyat zug’um va zulmga nisbatan befarqlik, loqaydlik mahsulidir.

Xannaning qissasini sobiq xushtori Maykl Berg hikoya qiladi. Maykl va Xanna 1958 yilda uchrashgan. U paytlarda Maykl 15 yoshda, Xanna undan 30 larda edi. Uch oy davom etgan muhabbat qissasi yigitning qalbida abadiy muhrlanib qoladi.

Xannaning sudi paytida Maykl institut talabasi, huquqshunoslikdan saboq oladi. Yigit sud zalining orqa qatorlarida o’tirib jarayonni kuzatadi.

20 yil qamoq jazosi berilganini eshitib, larzaga kelgan Maykl Germaniya sud-adliya tizimiga ishonmay qo’yadi.

Bosh obrazni mohirona ijro etgan Keyt Vinslet (Kate Winslet) “Oltin Globus” mukofotiga loyiq topilgan. Maykl rolida esa Ralf Fayns. Xannaning qilmishiga nisbatan nafrat va ayolga bo’lgan muhabbat uni qiynaydi.

“Bashir bilan vals” (Waltz with Bashir) nomli kartinada esa isroillik rejissyor Ari Folman urush haqidagi xotiralar changalidan qutula olmaydi.

Folman avval armiyada xizmat qilgan. 1982 yilda Isroil qo’shini safida Bayrutga hujum qilgan. Biroq u damlarni umuman eslay olmaydi.

Mana shu xotiralarni tiklash uchun rejissyor sobiq safdosh harbiylarni savolga tutadi. Ba’zilarini tushida ko’rgan. Urush manzarasini askarlardan tinglash butunlay boshqa.

Film animatsiya shaklida ishlangan, multfilm desa ham bo'ladi. Unda qo’llangan bo’g’iq ranglar odam kayfiyatiga qattiq ta’sir qiladi.

Rejissyor Folmanning “Bashir bilan vals” kartinasi o’ziga xos tarjimai hol. U muallif, muxbir va bosh qahramon. Guvohlar, oddiy insonlar bilan haqiqiy suhbatni tinglaysiz. Isroillik jurnalist Ron Ben Yishay ana shulardan biri.

Rejissyor Folman kutilmaganda hammasini eslaydi. U Bayrutga kirgani yodida. Sabra va Shatila qochqinlar lagerida nasroniylar falastinliklarni qirgani ham shundoq ko’z o’nglida.

“Qiroatxon” va “Bashir bilan vals” filmlarida bosh qahramon gunoh hissi bilan yashaydi.

Obraz ijobiy ham emas, salbiy ham emas. Bu zulm va adolatsizlikka ko’z yumgan, so’ng vijdon azobida kuygan insonning istig’fori.

XS
SM
MD
LG