Prezidentlarning oilasi qanday kiyinishi kerak?


Bugun Amerikada hammaning nigohi nafaqat yangi prezidentda, balki uning jufti haloli - Mishel Obamada ham. Uning qanday kiyinayotgani, qanday qadam tashlab, kim bilan nima haqda gaplashayotgani... Hammasi ommaviy axborot vositalari diqqatida va shu tariqa odamlar og'zida.

Shubhasiz prezidentlarning rafiqalari katta ta'sir kuchiga ega. Ular kiygan liboslar davr kayfiyatini, prezident shaxsiyatini, qolaversa uning umr yo'ldoshi inson sifatida kim ekanini, uning ichki dunyosini aks ettiradi.

Yosh dizayner Nik Verreos yaqinda yangi to’plamini namoyish etdi. "Prezidentlarning rafiqalari kiygan shunday liboslarni",- deydi u.

“Prezident Jon Kennedining rafiqasi Jaklin o'z davrining eng xushbichim va did bilan kiyingan ayoli bo'lgan",- deydi moda ustasi.

"Shuningdek, birinchi prezident Jorj Vashingtonning rafiqasi Marta yoki Avraam Linkolnning umr yo’ldoshi Meri juda olifta bo’lgan. Erlari bir yilda topgan pulni bir kunda kiyim-boshga sovurishdan toymagan ular”.

Modelyer Nik Verreos mashhur ayollarga ust-bosh tikadi. Ular orasida model va aktrisalar ko’p. Davlat arboblarining rafiqalari ko’pincha Nensi Reygan va Jaklin Kennedidan o’rnak oladi, deydi u. Bu ikki ayol kuch-qudrat va bashanglik ramziga aylangan.

“Ko’p ayollar jozibali, kiyim-boshga e’tiborli bo’lishni nuqson deb biladi, zaiflikka yo’yadi. Go’yoki bu bilan xotin-qizlar yengiltak bo’lib qoladiganday. Menimcha esa o’ziga qaragan ayol yanada qudratliroq. Mashhur va irodali ayollarni eslang",- deydi dizayner.

So’nggi paytlarda Amerika prezidenti Barak Obamaning rafiqasi Mishel odamlar diqqatini tortmoqda.

“Bir emas, har xil dizaynerlarni tanlayotgani menga juda yoqadi",- deydi dizayner Verreos.

"Faqat taniqli modelyerlarga bog’lanib qolmagan. Odatda rahbarlarning turmush ortoqlari sinalgan, mashhur dizaynerlarga boradi – Oskar de la Renta, Katalina Rera kabi. Biroq Mishel unday qilmadi. Narziko Rodrigez va Izabel Toledo yaratgan liboslarni tanladi. Yana bir-ikkitasini odamlar umuman tanimaydi”.

Inauguratsiya kuni Mishel Obama ko’zni qamashtiruvchi, did bilan ishlangan libosda bo’ldi. Bu kiyim muallifi Izabel Toledo. To’q sariq- yashilsimon bu kostyum bugun hammaning og’zida.

“Mishel o’zining gavdasini yaxshi biladi, shunga yarasha kiyinadi. U qaddi qomati joyida, tik, baland ayol. Nima yarashib, yarashmasligini bilishi aniq. Uslub va ranglarni qo’rqmay tanlaydi”.

Inauguratsiya oqshomida o’tgan bazmlarda Mishel Obama oppoq libosda raqsga tushdi. Bir yelkasi ochiq, etagi uzun, g’oyatda go’zal ko’ylak 26 yoshli Jeyson Vuning ijod mahsuli. Shifon va organzadan tikilgan bu libos mitti billur toshlar va kumushdan ishlangan kashta bilan bezatilgan.

An’ana shuki prezident va uning oilasi Amerikada ishlab chiqarilgan kiyim-kechaklarni kiyadi.


XS
SM
MD
LG