Amerika iqtisodi og'ir kunlarni boshdan kechirmoqda


2008 yilning oxirgi choragida Amerika iqtisodiyoti, jahondagi eng yirik moliyaviy tizim, tanazzulga uchrab, yalpi ishlab chiqarish hajmi deyarli 4 foizga qisqargan.

O’tgan chorak asr mobaynida AQSh iqtisodiyoti bunchalik zarar ko’rmagan. Prezident Barak Obama turmush naqadar qiyinlashganini bilish uchun oilalardan ahvol so’rash kifoya deydi.

Dunyoning eng yirik iqtisodiyoti 2009 yil boshiga kelib ancha kichraygan. Xarid qilish darajasi tushib ketgan. Bizneslar sust. Sarmoya ko’lami past.

Iqtisod oqsagan sari birjalarda ham savdo o’lgan.

Iqtisodchi olim Josh Bivens fikricha Amerikaning bu krizisdan chiqishi oson bo’lmaydi. Sarflash uchun pul yo’q, busiz iqtisod siljimaydi.

“Iqtisodimiz holdan toygan… 1982 yildan beri ilk bor ishlab chiqarish hajmi 4 foizgacha pasaygan", -deydi mutaxassis.

Yalpi ishlab chiqarish hajmi mamlakat qanchalik mahsuldor, iqtisod qanchalik jadal ekanini aks ettiradi. AQSh shu paytgacha bu borada ilg’or edi.

Prezident Obama butun diqqatini bu muammoga qaratib, o’z iqtisodiy yordam dasturini taklif qilgan. Lekin bu reja qachon samara beradi?

“Iqtisodni bir kunda to’g’rilab qo’ya olmaymiz. Afsuski, Amerikada ishchi-mehnatkashlar yana ancha qiynaladi. Raqamlar muhim emas, men odamlarning ahvolidan tashvishdaman”,- deydi Obama.

Amerika har hafta minglab ish o’rinlarini boy bermoqda. Ishsizlik darajasi kun sayin ko’tarilib boryapti. Bu yil oxirigacha aholining 10 foizi ishidan ayrilishi mumkin. Ishlab chiqarish yanada pasayadi.

“Hukumat ajratayotgan iqtisodiy yordam puli bilan ham moliyaviy tizimni qayta oyoqqa turg’azish juda mushkul. Bunga erishamiz, ammo vaqt va sabr-qanoat kerak. Yilning birinchi yarmi ancha qiyin kechadi, lekin ijobiy o’zgarishlar ham bo’lishi kerak”,- deydi Josh Bivens.

819 milliard dollarlik yordam dasturida moliyaviy tizimlarga sarmoya kiritish, bizneslarga qarz berib, ish o’rinlari yaratish va yangi sanoatlarga asos solish ko’zlangan.

XS
SM
MD
LG