Yevropa energetik jihatdan Rossiyaga tobe bo'lmoqchi emas


Yaqinda Rossiya-Ukraina o’rtasida gaz narxi va qarzlar bo’yicha kelishmovchilik yuzaga kelib, Yevropa Ittifoqiga tabiiy gaz ta’minoti uzib qo’yildi.

Yevropa davlatlari gazning chorak qismini Rossiyaning Gazprom kompaniyasidan xarid qiladi. Quvurlar Ukraina hududi orqali o’tadi.

Qahraton qishda 18 mamlakatni gazsiz qoldirgan mojaro, deydi mutaxassislar, Yevropani muqobil quvurlar haqida jiddiy o’ylashga undamoqda.

Rossiya va Ukraina orasida gaz janjali odat tusiga kirmoqda deyish mumkin. 2006 yilda ham Kreml Kiyevga va natijada Yevropaga gazni uzib qo’ygan edi.

Avvaliga mojaroni “oddiy tijoriy kelishmovchilik, o’zlari hal etishsin” deb chiqqan Yevropa Ittifoqi 5 yanvarga kelib, Rossiya ta’minotni butunlay to’xtatgach, aralashishga majbur bo’ldi.

Muammo bir hafta ichida hal etildi, chunki hech bir tomon ishonchli hamkor degan nomdan ayrilmoqchi emas. Bryusselda esa Yevropa energetik siyosati qayta ko’rib chiqilmoqda.

“Yevropada bugungi eng dolzarb masala tabiiy resurslar uchun Rossiyaga tobelikdan qutulish”,- deydi professor Robert Legvold.

“Qit’a bo’ylab yagona energetik siyosat yuritish, inqiroz eshik qoqqanda uni birgalikda yengish vazifasi anchadan beri muhokamada. Markaziy Yevropa davlatlari, ayniqsa Polsha”,- deydi olim, “radikal choralar ko’rishga, energetikaga xavfsizlikka tegishli masala deb qarashga undab keladi. Ittifoqning boshqa a’zolari, jumladan Germaniya bunday yondashuvga qo’shilmaydi”.

Yevropaga yonilg’i yetkazuvchi muqobil quvurlar haqida gap ketganda, AQSh tomonidan quvvatlangan va olg'a surilayotgan “Nabukko” loyihasiga qiziqish katta. Maqsad – yonilg’ini Rossiya va Ukrainani chetlab o’tib, Ozarbayjon va Markaziy Osiyodan Turkiya orqali G’arb bozorlariga yetkazish.

Muammo shundaki, bu uzoq muddatga mo’ljallangan loyiha. Uzunligi 3,300 kilometrga teng quvurni qurish ishlari faqatgina kelasi yilda boshlanishi mumkin.

“Nabukko” loyihasi 2006 yildan beri joyidan jilgani yo’q.

"Vaholanki, Rossiya Ukrainaga tabiiy gazni kesgan o’sha yilda ham alternativ quvurlar quramiz deb baland minbarlardan turib jar solishgan”, - deydi tadqiqotchi Katinka Barish.

“Yevropa Ittifoqi birinchi navbatda ichki bozorni rivojlantirishi, ta’minotchi va importyor orasida aloqani mustahkamlash zarur”.

“Hozirda 27 mamlakatning har biri alohida, go’yo kichik gaz orollaridek, mustaqil ish yuritadi. Ichki tizimlar sustligi sabab biridan ikkinchisiga gaz yuborish murakkab”. Kelajakda quyosh va shamoldan quvvat olish, atom zavodlarini bunyod etish haqida o’ylash kerak”, - deydi Katinka Barish.

Rossiya-Ukraina o’rtasidagi so’nggi tortishuv gaz narxini kelasi 10 yilga belgilab olgach, hal etilgan. Har ikki mamlakat o’zini Yevropaga ishonchli hamkor deb biladi. Biroq amalda buning aksini ko’rish mumkin.

Siyosatdon Deyvid Marples deydiki, Yevropa oldida 3 yo’l bor: yadroviy energiya, alternativ quvurlar, yangi hamkorlar. Balki har xil yo’llarini sinab ko’rar. Gap shundaki, deydi Marples, “Yevropa Rossiya va Ukrainaga tobelikdan charchagan. Biznes olamida ishonchsiz hamkor o’rnini ertami-kechmi boshqasi egallaydi”.

Moskva-Kiyev o’rtasidagi adovat va kelishmovchiliklar ortida siyosiy sabablar yotgani sir emas.

Ukrainaning NATOga qo’shilish istagi hamda Kavkazdagi urushda Gruziyani qo’llab-quvvatlagani Kremlning asabiga tegib keladi. Oqibatda esa ularga energetika bobida tayanadigan xaridor zarar ko’rmoqda. Bu hol esa Yevropani yangi ta’minotchilar izlashga undamoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG