Breaking News

AQSh Afg'oniston masalasida Yevropadan yordam kutmoqda


Barak Obama qo'shinlarni Iroqdan chiqarib, Afg'onistonga 30 mingga yaqin askar safarbar qilmoqchi. Qo'shma Shtatlar NATO davlatlari ham bunga o'z hissasini qo'shadi deya ishonch bildirmoqda. Ammo ba'zi mutaxassislar Obama behudaga umid qilyapti deb, asosiy yuk AQSh kuchlari gardanida bo'lishini aytmoqda.

AQShdagi Bloomberg axborot xizmati tahliliga ko'ra, Yevropa davlatlarining aksariyati Afg'onistonga ortiq qo'shin yubormasligini yoki yuborganda ham atigi bir necha yuz askarni jo'natishini aytmoqda.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi tahlilchisi Entoni Kordsmenning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Afg'onistonda katta xatoga yo'l qo'ygan - Tolibon ustidan to'liq g'alabaga erishmay turib, NATOni qayta qurish ishlariga jalb qilishga harakat qilgan.

Tiklanish ishlariga "labbay" deb javob bergan davlatlar Afg'onistonda Tolibon jonlanib, zo'ravonliklar kuchaygach, harbiy harakatlarda qatnashmaymiz demoqda, deydi Kordsmen.

Hafta oxirida Germaniyaning Myunxen shahrida yillik xavfsizlik anjumani bo'lib o'tadi. Vitse-prezident Joe Bayden boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi unda ishtirok etadi. Delegatsiya tarkibida Oq uy davlat xavfsizligi maslahatchisi va NATOning Yevropadagi sobiq qo'mondoni Jeyms Jouns, AQShning Afg'oniston va Pokistondagi maxsus vakili Richard Xolbruk va Markaziy Qo'mondonlik rahbari Deyvid Petreyus bor.

Afg'oniston mavzusi shu oy Polshaning Krakov shahrida NATO mudofaa vazirlari uchrashuvida, martda Bryusselda alyans tashqi ishlar vazirlari yig'ilishida, aprel oyida esa Fransiyaning Strasburg shahrida NATO 60 yilligi tantanalarida muhokama etilishi kutilmoqda.

AQSh rasmiylari jahonda Barak Obamaga nisbatan ijobiy munosabatdan Yevropa davlatlarini askarlar sonini ko'paytirishga ko'ndirishda foydalanish mumkin deya umid qilmoqda. Biroq, deydi xavfsizlik bo'yicha mutaxassis Kristin Feyr, Yevropada hozircha bunga xohish yo'q.

Qo'shma Shtatlar NATO bilan yangi strategiyani muhokama qilayotgan bir paytda, alyans Markaziy Osiyo davlatlarini jarayonga jalb qilishga harakat qilmoqda. O'zbekistondagi Xonobod bazasi yopilgach, Termizda Germaniyaga va Bishkekda AQShga qarashli bazalar qolgan.
Yaqinda Rossiya matbuotida chiqqan xabarlarga ko'ra, Qirg'iziston Manas bazasini yopishi mumkinligi haqida aytgan, ammo mamlakat rahbariyati bilan uchrashgan AQSh generali Deyvid Petreyusning aytishicha, uni baza yopilmaydi deb ishontirishgan.

Kecha Bishkekka NATO bosh kotibining Markaziy Osiyo va Kavkaz bo'yicha maxsus vakili Robert Simmons borib, prezident Qurmanbek Bakiyev bilan uchrashgan. Uning aytishicha, mingdan ziyod AQSh harbiylari joylashgan Manas bazasi Afg'onistondagi operatsiyalarda muhim rol o'ynaydi va shu sabab uni yopish Tolibonga qarshi kurashda pand bergan bo'lar edi. Rasmiy Bishkek bu masala bo'yicha hali rasman munosabat bildirmagan. Ayrim qirg'iz deputatlari hukumatdan aniqlik kiritishni talab qilmoqda.

Prezident Bakiyev bugun Moskvada. Ertaga MDH Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining sammiti bo'lib o'tadi. Bakiyev, shuningdek, Rossiyadan Qirg'iziston qarzlaridan kechishni, 600 million dollarlik kredit so'rashi kutilmoqda hamda yangi gidroelektrostansiyaning qurilishiga Rossiyadan sarmoya olmoqchi.

AQShda chiqadigan "Vashington Post" gazetasidagi maqolada Afg'onistonda muvafaqqiyatga erishishning to'rt omili haqida so'z boradi.

Birinchisi, deyiladi maqolada, isyonchilarga qarshi kurashni to'g'ri yo'lga qo'yish kerak. Buning uchun esa hozirda u yerda qo'shinlar soni yetarli emas. Aholi gavjum markazlar va yo'llar muhofazasiga katta e'tibor qaratish lozim.

Afg'oniston hukumatiga ishonch deyarli yo'q. Markaziy hukumat zaif, korrupsiya chuqur ildiz otgan. Ahvolni yaxshilash uchun bu yili prezident va mahalliy saylovlar o'tkazilishi, qabilaviy yetakchilar va mahalliy kengashlar bilan aloqalarni mustahkamlash zarur, bu - ikkinchi omil deb yozadi "Vashington Post".

Uchinchidan, Tolibon bilan muloqotni boshlab, al-Qoidani zaiflashtirish lozim, chunki mahalliy kuchlar madadisiz al-Qoida uzoqqa borolmaydi.

Va nihoyat Afg'onistonda muvaffaqiyatga erishishning to'rtinchi omili -Pokistondan uning hududidagi jangarilarga qarshi dadil harakat qilishni talab qilish. Ko'plab jangari guruhlar Pokiston razvedkasining mahsuli bo'lib, ulardan tarixiy raqiblar - Hindiston va Afg'onistonga qarshi ishlatish uchun foydalanib kelingan, deb yozadi "Vashington Post".

XS
SM
MD
LG