Breaking News

Qirg'iziston: AQSh havo kuchlari Manas bazasini tark etadi


Qirg'iziston hukumati Manas aviabazasidan AQSh havo kuchlarini chiqarib yuborishga qaror qilgan. Uning kuchga kirishi uchun parlament hujjatni tasdiqlashi lozim. AQShning Bishkekdagi elchixonasi bundan rasman ogoh etilmaganini aytmoqda.

Bazani Amerika uchun yopish haqida xabarlar bir necha kun oldin Rossiya matbuotida chiqqan edi, ammo rasmiy Bishkek buni na tasdiqlagan va na inkor etgan edi.

So'nggi kunlarda Qirg'izistonga AQShning Markaziy Osiyodagi harbiy operatsiyalariga javobgar generali Deyvid Petreyus va NATO bosh kotibining mintaqa bo'yicha vakili Robert Simmons borib, rahbariyat bilan baza masalasini ko'targan edi. Xususan Petreyus uchrashuvlardan baza yopilmaydi degan fikr bilan chiqqan.

Shu paytgacha sukut saqlagan Qirg'iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev bazaning yopilishi haqidagi qarorini kecha Moskvada prezident Dmitriy Medvedev bilan uchrashuvdan so'ng ma'lum qilgan.

Bunga asosiy sabab qilib AQShning baza uchun to'lovni ko'tarishdan bosh tortayotgani ko'rsatilmoqda.

Pentagon matbuot kotibi Jeff Morelning aytishicha, Qo'shma Shtatlar rasmiy Bishkek qarorini o'zgartiradi deya umid qilmoqda.

"Baza ikki davlat o'rtasidagi shartnomaga ko'ra faoliyat yuritmoqda, bitim shartlarini esa muzokaralar orqali o'zgartirish mumkin. Ayni damda shu bilan shug'ullanmoqdamiz," deydi Morel.

Bakiyev bugun Moskvada MDH Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining yig'ilishida ishtirok etar ekan, bazaning yopilishi haqidagi qaror rasman 1-2 kun ichida e'lon qilinishini aytgan.

Ba'zi xabarlarga ko'ra, Rossiya Qirg'izistonga ikki milliard dollarlik yordam va'da qilgan.

Pentagon vakili Jeff Morel baza to'lovi bo'yicha muzokaralar ketayotganini aytadi.

AQSh baza uchun yiliga 200 million dollar atrofida to'laydi.

Ammo Bishkekdagi "Istiqbol" siyosiy konsorsiumi rahbari, siyosatshunos Valentin Bogatirevning aytishicha, rasmiy Bishkek qarori ortida Kreml turibdi.

"Rossiya AQSh bilan mafkuraviy kurash olib bormoqda, shu sabab uni bazadan chiqarmoqchi. Bazadan Afg'onistondagi terrorga qarshi kurashda foydalaniladi, bu esa Rossiyaga ham kerak. AQSh yangi to'lovlardan qochmagan. Bu bir bahona," deydi qirg'izistonlik siyosatshunos.

Manas bazasi AQShning Afg'onistondagi operatsiyalari uchun juda muhim ekani ta'kidlanadi. Prezident Barak Obama u yerdagi qo'shinlar sonini oshirish arafasida ekan, AQSh askarlariga Manas bazasidek ta'minot nuqtalari havoday zarur.

Manasdagi AQSh kuchlari matbuot kotibi mayor Demiyen Pikartning aytishicha, bazani yopish haqida rasmiy ko'rsatma olinmaguncha, uning faoliyati to'xtatilmaydi.

Qirg'iziston hukumatining qarori parlament tasdig'idan o'tsa, AQSh bazani olti oy ichida tark etishi kerak bo'ladi.

XS
SM
MD
LG