Breaking News

Yaqin Sharqda Suriyaning diplomatik nufuzi oshmoqda


Ba'zi kuzatuvchilar fikricha G'azodagi mojaro Suriyaga siyosiy ustunlik bermoqda. Ko'p yillardan beri xalqaro sahnada yakkalangan Suriya Yaqin Sharq diplomatiyasidagi eng muhim o'yinchilardan biriga aylanmoqda. Prezident Bashar al-Assadning Xamasga ko'rsatgan yordami va guruhga ta'siri bunga asosiy sababdir.

Suriya prezidenti Bashar al-Assad Xamas-Isroil mojarosida Falastindagi guruhni qo'llab-quvvatlab ko'plab arablar hurmatiga sazovor bo'ldi. Uning sharafiga "Arslon Bashar" deb nomlangan qo'shiq ham bitildi.

Ma'lumki, Suriya Livandagi Hizbulloh guruhini ham moddiy va siyosiy tomondan qo'llab-quvvatlab keladi. Bu esa arab va Yevropa diplomatlarining yaqindan beri Suriya eshigini ham qoqishiga sabab bo'lmoqda.

O'tgan hafta Qatarda G'azodagi mojaro bo'yicha arab sammitida prezident Assadning Isroil armiyasi harakatlarini qoralab, arablarni qasos olishga da'vat etib qilgan nutqi arab matbuotida olqishlar bilan kutib olingan edi.

Bashar al-Assadning aytishicha, arablar xotirasi kuchli xalq bo'lib, G'azodagi qatliom bundan keyingi avlodlarga ham eslatib turiladi.

"Qonga belangan va mayib qilingan G'azo bolalarining suratlari saqlab qo'yiladi. Kuch bilan tortib olingan narsa faqat kuch bilan qaytarilishi mumkin," degan edi sammitda Suriya rahbari.

Suriyalik siyosatshunos Marvan Kabalanning aytishicha, rasmiy Damashq hozirgi vaziyatdan albatta siyosiy foyda ko'radi.

"Suriya G'azoda falastinliklar yonini oldi. Bu unga mintaqada obro' keltirishi aniq. Mojaro arab dunyosini bir-biriga yaqinlashtirdi va u bilan muzokaralarni Suriya ishtirokisiz tasavvur qilib bo'lmaydi," deydi Marvan Kabala.

Suriyaning Isroil bilan tinchlik muzokarasi bo'yicha pozitsiyasi aniq emas. Turkiya vositachiligida bir necha oy davom etgan muzokaralar prezident Assad fikricha samara bermadi. Saudiya Arabistoni tomonidan 2002 yilda taklif etilgan tinchlik tashabbusi bo'yicha hech narsaga kelishilmadi.

Prezident Assad arab davlatlarini Isroil elchixonalarini yopishga, mahsulotlarini boykot qilishga hamda tinchlik bo'yicha muzokaralarni noma'lum muddatga to'xtatishni taklif qilmoqda.

"Arab davlatlari Isroilga ba'zi masalalar bo'yicha yon berdi, ammo Isroil kaltafahmlik qilib ularni qabul qilmagani 2002 yilgi tinchlik tashabbusini yo'qqa chiqardi," deydi Assad.

Vashingtondagi Jouns Xopkins universiteti professori Fuad Ajamining aytishicha, Suriya aqlli siyosiy o'yin olib bormoqda.

"Suriyaning pozitsiyasi juda ham qulay. Istasa Misr va Saudiya Arabistoniga qo'shilib, hozirgi siyosatni olib borishi mumkin, ammo so'nggi paytda Suriya muxolifat safiga qo'shilgan. Qurolli kurash tarafdori bo'lgan guruh va davlatlar bilan ehtiyot bo'lmoq lozim, chunki oqibati yomon bo'ladi va Suriya buni yaxshi anglab yetgan ko'rinadi," deydi siyosatshunos.

Oklaxoma universiteti professori Joshua Landis esa Suriya va arablar pozitsiyasi zaif, ular Barak Obama ma'muriyatidan yordam kutmoqda deydi.

"G'arb va mintaqadagi tahlilchilar Obama arab-Isroil mojarosini hal qila olmaydi, kech bo'ldi, falastinliklar boy berdi deb keladi. G'azoning bosib olinishi bunga dalil. Isroildagi saylovlarda Benyamin Netanyaxuning g'olib chiqishi kutilmoqda, u esa Falastin davlatchiligiga qarshi, yahudiy posyolkalarini kengaytirish tarafdori," deydi Landis.

Amerikalik professor fikricha Falastin-Isroil mojarosini hozircha hal qilish mumkin bo'lmasada, Obama ma'muriyati diqqatini Isroil-Suriya munosabatlariga qaratishi kerak. Suriya AQShdan unga teng munosabatda bo'lishni, Oq uy Damashqqa yangi elchi yuborishini istaydi.

XS
SM
MD
LG