Yevropa-O'zbekiston aloqalari - huquq masalasi chetda qolmoqda


Chexiyaning O’zbekistondagi yangi elchisi Robert Kopetski o’zaro “aloqalarni rivojlantirish”ga va’da bergan.

Chexiya ayni damda Yevropa Ittifoqiga raislik qilmoqda. Mahalliy faollar esa “ittifoq O`zbekistondagi huquqiy vaziyatga yetarli e`tibor bermayapti”, deya elchiga shikoyat yo’llagan.

Chexiya elchisi O`zbekiston prezidentiga ishonch yorlig`i topshirgan kun mahalliy faollar elchixonaga Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston munosabatlariga doir ariza taqdim etgan.

“Sanksiyalar yumshatildi-yu, ammo ijobiy harakat yo`q. Aksincha, e`tiqod qiluvchilar qamalib, huquq himoyachilari, mustaqil tahlilchilarga bosim ko`rsatilmoqda, huquqlari toptalmoqda. Qancha jurnalistlarni qamab yuborishdi. Xalqimiz ezilgan. Kimga murojaat qilishini bilmaydi. Buni ko’rib, bilmaganga olganlik bizni xavotirga solmoqda. Shu sababdan Chexiya elchixonasiga rasman bayonot topshirdik”, - deydi huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy o`g’li.

“Men hozirgacha Chexiya elchixonasi vakillari O`zbekistondagi inson huquqlari ahvoli bilan qiziqqanini eshitmaganman. Shu bois bu borada hech narsa deya olmayman. Germaniya, Fransiya kabi qudratli davlatlarning harakatlari bir necha kishini ozod qilishdan boshqa biror natijaga olib kelmadi”, - deydi inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov.

So’nggi oylarda ikki mahbus qamoqxonada qiynoqlardan vafot etgani haqida ma`lumot tarqalgan.

Faollarning aytishicha, AQSh yangi prezidenti Barak Obama ham bu borada O`zbekistonga ta`sir o`tkazishi mumkin. Obama o`z ish faoliyatini Guantanamo qamoqxonasini yopishdan boshlashi O`zbekistonda ham umid bilan kutib olingan.

Sharhlovchilar nazarida Yevropa sanksiyalarni deyarli butunlay olib tashlagach, ittifoq va O`zbekiston o’rtasida huquq mavzusi umuman ko’tarilmay qo’ygan.

XS
SM
MD
LG