Ekspertlar: Obama Yaqin Sharqda pragmatik qadamlar tashlasin


Amerikaning Yaqin Sharqdagi rolini yangilashga va’da berayotgan prezident Barak Obama bu mintaqani qiynayotgan muammolar bilan jiddiy shug’ullana boshlagan.

Yaqin Sharqda, deydi Obama, “neytral, muvozanatli siyosat olib boramiz”.

Musulmon olamida ko’pchilik Obama AQSh tashqi siyosatini yangilaydi degan umidda. Biroq ekspertlar nazarida yaqin orada Isroil-Falastin o’rtasida tinchlik bitimi imzolanishi ehtimoldan yiroq.

Mintaqani anchadan buyon o’rganib kelayotgan mutaxassislar odatdagidek Amerika yangi rahbariga bir dunyo maslahat-tavsiyalar bilan chiqmoqda. Ayniqsa boshi berk ko’chaga kirib qolgan Isroil-Falastin mojarosiga qanday yondashish bo’yicha.

Yangi ma’muriyat o’tmishdagi xatolardan saboq olishi kerak, deydi Robert Satloff, Yaqin Sharq Instituti rahbari.

“Tinchlik jarayonidan nima kutayotganingizni aniq belgilab oling. Hozir nima qila olamiz deb o’ylang. Tinchlik jarayoni terrorizm muammosiga yechim bo’la olmaydi. Al-Qoidaga qo’shiladiganlar doimo topiladi”.

“Obama ma’muriyati Falastin muxtoriyati rahbarligiga bekamu-ko’st, benuqson shaxsni qidirib topish va tayinlashdek xatoga yo’l qo’ymasin. Bunday strategiya allaqachon sinab ko’rilgan va ish bermasligi ayon”, - deydi Satloff.

AQSh, ma’lumki, 2006 yilgi saylovlarda g’alaba qilgan Xamas guruhini tan olmaydi va Falastin rahbari Mahmud Abbos va uning siyosatini quvvatlab keladi. Janob Abbos vakolatini tugatgach qayta saylanmoqchi emas.

Xalqaro mojarolarni o’rganuvchi tashkilot xodimi Robert Mali sobiq prezident Bill Klinton qo’lida ishlagan. Yaqin Sharq bo’yicha muzokaralarda bevosita ishtirok etgan rasmiylardan.

“Arab-Isroil mojarosini jiddiy tahlil qilgan har bir mutaxassis sizga aniq ayta oladi. Eng nojo’ya yondashuv bu shoshqaloqlik. Ishni ziddiyatga nuqta qo’yamiz deb emas, haqiqatga yaqinroq bir maqsad bilan boshlash lozim. Gap shundaki, tinchlik va’dasini berishga na Isroil, na Falastin tayyor”, - deydi Mali.

Mintaqada vaziyat o’zgarib borayotganini ham hisobga olish kerak. Kelasi hafta Isroilda saylovlar. Tabiiyki, hokimiyatga kim kelishi Falastin bilan munosabatlarga bevosita bog’liq. Reytinglarga qaraganda hozircha sobiq bosh vazir, “Likud” partiyasi rahbari Benyamin Netanyaxu oldinda. Xalqaro muzokaralarni Falastin nomidan kim olib borishi ham munozarali mavzu.

Barak Obama birinchi navbatda AQShning mintaqadagi obro’sini tiklashi zarur, deydi Robert Mali. “Mintaqada bizni xolis, betaraf vositachi deb ko’rishmaydi. Prezident Obama bu munosabatni o’zgartira olishiga umid bor, ammo jarayon oson kechmaydi”.

Mutaxassis fikricha Amerika ishni G’azo ahliga yordamni oshirishdan boshlagani ma’qul. Obama ma’muriyati shu kungacha G’azoga 20 million dollarga teng oziq-ovqat va dori-darmon jo’natgan.

Olim Aaron Deyvid Miller olti davlat kotibi qo’lida maslahatchi bo’lgan. Uning aytishicha, kichik, pragmatik qadamlar tashlabgina biror natijaga erishsa bo’ladi. Masalan, Isroilni G’azo chegaralarini ochishga ko’ndirishdek.

“Mintaqada demokratiya targ’iboti, hokimiyatni ag’darish va tub o’zgarish desangiz odamlarning ensasi qotadi. Bular siyqasi chiqib ketgan iboralar. Ayniqsa bunday g’oya-takliflar chetdan kelayotgan bo’lsa. Astalik bilan, qadamma-qadam ish olib borish kerak”, - deydi Miller.

Sharhlovchilar izohicha, prezident Obama Bush davrida keng qo’llangan “terrorizmga qarshi kurash” iborasini ham muomaladan chiqarish ilinjida. 2001 yilning 11 sentyabridan so’ng paydo bo’lgan bu ibora musulmonlar orasida islom diniga qarshi urush deb talqin qilinadi. “Kurash” so’zini ko’pchilik faqat harbiy kuch bilan bog’laydi.

Siyosiy tahlilchi Brayan Jenkins deydiki, bugun jahonda, turli qit’alarda yuzlab terrorchilik uyushmalari mavjud. Ularni bir qolipda ko’rish noto’g’ri.

Barak Husayn Obamaning prezidentlikka saylanganidan ko’p o’tmay, uni al-Qoidaning ikkinchi raqamli rahbari Ayman al-Zavohiriy internetda tanqid qilib chiqqan. Ayrim eskpertlar nazarida Obama musulmon jamiyatlarida ijobiy qabul qilinar ekan, Al-Qoida o’z taktikasini o’zgartirishga majbur.

XS
SM
MD
LG