Oq Uy qoshida diniy qo'mita tuzildi


Prezident Barak Obamaning aytishicha, Amerika va jahon ahli iymonni kuchga solib, yaxshilik yo'lida hamkorlik qilishi kerak. Obama AQShdagi diniy va dunyoviy rahbarlarni bir joyga to'plab, mamlakat muammolarini birgalikda hal qilishga da'vat etmoqchi.

Barak Obama Oq uyga kelgach, sobiq prezident Jorj Bush joriy etgan ko'p qaror va amallarni bekor qilgan, ammo Bush tashabbuslaridan birini davom ettirishga qaror qildi - diniy bag'rikenglikni targ'ib qilishga qaratilgan dasturlarni.

"Turli e'tiqodlarga sig'insak ham, ochlarni boqish, yo'qsillarni kiyintirish, urush bor joyda tinchlikni o'rnatish bobida intilishlarimiz bir," deydi Obama.

Prezident Obama kecha Oq Uy qoshida diniy masalalar bilan shug'ullanuvchi idorani tuzish haqida qaror qabul qilgan. Ba'zilar fikricha dinga ko'p e'tibor berish konstitutsiyaning davlat dindan xoli bo'lishi kerak degan joyiga zid.

"Mening maqsadim bir diniy guruhni boshqa diniy guruhdan yoki dindorlarni dunyoviy tuzum tarafdolaridan ustun qo'yish emas. Men jamiyatimizga yordam bermoqchi bo'lgan barcha bilan hamkorlik qilmoqchiman xolos," deydi Obama.

Prezident bu haqda Vashingtonda har yili o'tadigan diniy tadbirda so'zlagan. Ushbu tadbirga nafaqat dindorlar, balki dunyoning turli chekkalaridan kelgan hukumat, biznes va jamoatchilik rahbarlari ham to'plandi.

"Qaysi dinga e'tiqod qilishdan qat'iy nazar, bir narsani yodda tutish kerakki, har biri ham adovatni rad etadi. Hech bir dinda xudo begunoh insonning hayotini olishni olqishlamaydi," deydi Obama.

Tadbirda Gaiti, Filippin, Makedoniya, Albaniya rahbarlari ham ishtirok etgan.

XS
SM
MD
LG