Breaking News

Suvchechakni yengib, tibbiy inqilob qilgan olim


1960-70 yillarda amerikalik epidemiolog olim Donald Xenderson suvchechak kasalligini yo’qotishga qaratilgan harakatni boshlagan edi.

Xenderson ishlab chiqqan strategiya o’sha davrdan beri yuqumli kasalliklarga qarshi kurash va epidemiyalar oldini olish uchun asos sifatida xizmat qilmoqda.

2001 yilda AQShda kuydirgi kasalligi tarqala boshladi. Virus kukun ko’rinishida konvertlarga solinib, hatto Kongress idoralariga yuborilgan edi. Oqibatda 5 kishi o’lgan, 10 dan ziyodi kasalxonaga tushgan. Virus tahdidi sabab bir necha muassasalar yopib qo’yilgan.

Rasmiylar yana doktor Xendersonga murojaat qilib, vaziyatni o’nglash uchun va biologik hujumga tayyor turish uchun tezkor guruh tuzishni so’ragan.

"Bio-xavfsizlik keng qamrovli tushuncha. U virusli poroshokni olib kelayotgan yoki tarqatayotgan odamni qo’lga olish bilan cheklanmaydi. Tabiiy yo’l yoki sharoitdan kelib chiqib biz virus hujumiga, epidemiya qurshoviga tushib qolishimiz mumkin",- deydi Xenderson.

Olim "Suvchechak: kasallikning o'limi" nomli kitobida 50 yillik izlanish va tibbiy amaliyotlarini sarhisob qiladi.

Kasallikni izchil tekshirib chiqqan tadqiqotchi ish faoliyatini Atlantadagi Epidemiologiya markazidan boshladi.

1967 yilda u Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkilotiga o’tadi. Olim haqida hujjatli film ham olingan.

"Muammo ko’lami katta edi. Uni yechish uchun ellikka yaqin mamlakat birlashdi va 2,5 million dollar sarflandi",- deydi u.

Suvchechak bilan hastalanganlarning uchdan bir qismi vafot etganiga qaramay Xenderson chekinmadi.

U arzon, biroq ish beradigan ignalarni kashf qilib, vaksina aynan kasallik o’chog’iga yetib borishini ta’minladi.

Turli mamlakatlardan bemorlarni qidirib ularni vaksinalash o’rniga, kichik tadqiqot guruhi tuzib, kasallikni davolash strategiyasi ustida bosh qotirdi va dasturamal tadbiq etdi.

"Kasallik o'chog’ini topib, atrofdagilarni vaksina bilan emlaysiz. Bilingki bu yuqumli kasallik... Uning o'tish zanjirini uza olish kerak. Suvchechak hayvonlarda bo'lmaydi",- deya tushuntiradi Xenderson.

Xenderson tadqiqotni davom ettirish uchun ishonchli odamlarni topdi. Biroq suv toshqini avj olgan va konflikt zonalarida emlash juda murakkab ishdir.

Eng katta missiya, deydi Xenderson, 1977 yilda Hindistonda amalga oshirilgan. Katta jamoa jalb qilinadi. O’shanda mamlakat aholisi 700 million kishi edi.

"Mamlakatning uchdan bir qismini kuzatganimizdan so’ng, ishlarimiz jadallashdi. 10 kun ichida 90 foiz xonadonni tekshiruvdan o’tkazishga muvaffaq bo’ldik",- deydi olim.

1980 yilga borib Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti suvchechak epidemiyasi tugatilganini e’lon qildi. Oradan 20 yil o’tib, virus qaytalab qoladi degan xavotir Xendersonni maxsus Epidemiya markazi ochishga chorladi.

"Kasallik sabablarini tezda aniqlab, ilmiy izlanishlarni yo’lga qo’yib, virusga qarshi vaksina topish har bir jamiyatda murakkab va muhim jarayon",- deydi olim.

2002 yilda Xenderson suvchechak virusi qaytsa, AQSh aholisining 75 foizi xavf ostida qoladi deya bayonot bergan. Sabab xalq bu kasallikka qarshi so’nggi bor 1972 yilda emlangan edi.

"Biz o’ta tezkor choralar ko’rdik. Bizga vaksina suv va havodek zarur ekanini aniqlab, 5 yillik plan tuzib, 200 million dozaga yetadigan vaksinalarni yaratishga bel bog’ladik. Ishni bir yarim yilda bitirdik",- deydi u.

Haqiqiy shifokor uchun inson hayoti hamma narsadan ustun, deydi Xenderson. Ilm va mehnat ko’plab balolarni yengishga qodir.

XS
SM
MD
LG