Qirg'iziston parlamenti qo'mitasi hukumat qarorini ma'qulladi


Qirg'iziston hukumati o'tgan hafta AQSh kuchlarini "Manas" harbiy bazasidan chiqarish haqida qaror chiqargan. Parlament ayni damda uni o'rganmoqda. Ba'zilar fikricha, Qirg'iziston jarayonni cho'zib AQShga muzokara uchun yetarlicha vaqt bermoqchi. Ammo boshqalar qaror qat'iy demoqda.

Bugun parlament mudofaa qo'mitasi hukumat qarorini ma'qullagan. Bu boradagi qonun loyihasini yana ikki idora - xalqaro aloqalar va parlamentlararo hamkorlik bo'yicha qo'mitalari ham tasdiqlashi lozim va shundan keyingina hujjat butun boshli parlamentda ovozga qo'yiladi. Bu esa kamida bir hafta vaqt oladi.

Davlat departamenti vakili Robert Vud Bishkek bilan muzokara ketmoqda deydi. Ammo Qirg'iziston Tashqi ishlar vaziri Qodirbek Sarboyev buni inkor etib, baza bo'yicha hamkorlikning to'xtatilishi AQSh bilan aloqalarga ta'sir qilmaydi deya umid qilmoqda.

Sotsial-demokratlar partiyasining parlamentdagi fraksiyasi rahbari Bakit Beshimovning aytishicha, agar amerikaliklar bazadan chiqarib yuborilsa, Qo'shma Shtatlar Qirg'iziston muxolifati bilan hamkorlikni kuchaytirishi mumkin.

Taxminlarga ko'ra parlamentning masalani bir necha bosqichda hal qilayotgani va shu bilan vaqtni cho'zayotgani ortida sabab bo'lishi mumkin. Ya'ni rasmiy Bishkek amerikaliklar bilan baza uchun to'lovni oshirish bo'yicha muzokara qilib, xuddi shu paytning o'zida Rossiyadan va'da qilingan yordam pulini undirish harakatida bo'lishi mumkin.

Parlamentdagi kommunist deputatlar Rossiya pulni bermaguncha, hujjatga ovoz berilmaydi demoqda.

AQSh kuchlarining "Manas"dagi qo'mondoni polkovnik Kristofer Bens bazada ish to'xtamagan, Afg'onistondagi koalitsiya kuchlariga madad berishda davom etyapmiz deydi.

"Manas" bazasidagi maxsus samolyotlar Afg'onistondagi jangovar samolyotlarni havoda yonilg'i bilan ta'minlaydi. Baza orqali har oy 15 mingga yaqin harbiy o'tadi.

Bu orada Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligi Qo'shma Shtatlarga o'z hududi orqali noharbiy yukning o'tishiga ruxsat berganini aytmoqda. Yuk Qozog'iston orqali Afg'onistonga jo'natiladi. Bir oz avval Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon AQShga o'z yordamini taklif qilgan. O'zbekiston bilan ham hamkorlik ehtimoli hisobdan chiqarilmasligi kerak.

AQSh va NATOning Afg'oniston sharqidagi kuchlari qo'mondoni o'rinbosari general Jeyms Makkonvilning aytishicha, Qo'shma Shtatlar harbiylarining "Manas" bazasidagi taqdiri qanday kechishini kutmasdan unga muqobil boshqa joylarni qidirmoqda. Yaqinda Rossiya bilan ham noharbiy yuklarni uning hududi orqali Afg'onistonga yuborishga kelishib olingan.

Yuk va askarlar Afg'onistonga asosan Pokiston orqali jo'natiladi. Bular oziq-ovqat, harbiy texnika uchun qismlar, yonilg'i, kiyim-kechak, dori-darmon va boshqa narsalar. Qurol-yarog' havo orqali yetkaziladi.

Vashingtondagi Gudzon tahlil instituti mutaxassisi Richard Vaysning aytishicha, Pokistonni Afg'onistonga ulovchi Xaybar dovonida kolonnalarga jangarilar hujumi ko'paygach, muqobil yo'nalishlar izlana boshlandi.

"Ulardan biri - shimoliy yo'nalish. Yuk Polsha, Belarus, Ukraina, Rossiya, Qozog'iston, Turkmaniston va O'zbekiston orqali o'tishi mumkin, biroq, deb yozadi "Vashington Tayms", bu yo'nalish Pokiston marshrutidan 5 baravar uzoqdir. Bundan tashqari AQSh shimoliy yo'nalishda Rossiyaga tobe bo'lmoqchi emas," deydi Vays.

Turkiya va Eron yo'nalishlari qulay hisoblanadi, ammo Obama ma'muriyati Eronga nisbatan yangi siyosat ishlab chiqmagan hali.

Qirg'izistondagi ba'zi gazetalar amerikaliklarni bazadan qoradori traffigi, yadro qurollarini saqlash hamda Eronga hujumni rejalashda foydalaganlikda ayblagan. "Vashington Tayms" muharriri Arno de Borkgravning aytishicha, bu Rossiya puliga qilinayotgan kampaniya.

XS
SM
MD
LG