Vashington: Afg'oniston faqat Amerikaning muammosi emas


AQShning Pokiston va Afg’oniston bo’yicha vakili Richard Xolbruk bugun mintaqaga safar qilmoqda.

Uning aytishicha, Afg’onistonda ahvol nihoyatda og’ir. Bu davlatda jangarilarni yengish va tinchlik o’rnatish uchun yangicha yondashuv zarur. "Iroqdagi strategiya Afg’onistonda ish bermaydi", - deydi Xolbruk.

Obama bu davlatga qo’shimcha askar jo’natish arafasida ekan, Richard Xolbrukdan hisobot kutmoqda.

Kecha Germaniyadagi Xavfsizlik anjumanida ham Afg’oniston mavzusi ko’tarilgan. Prezident Hamid Karzay fikricha, mamlakatda ijobiy o’zgarish bor. “Tinchlik yo’lida Tolibon bilan sulh tuzish kerak,” – deydi Karzay.

Hamid Karzay “Afg’oniston boshqaruvi izdan chiqqan davlat” deya aytilgan tanqidiy fikrlarni rad etar ekan, mamlakat mag’lub bo’lgani yo’q, deydi. Prezident nazarida oqilona siyosat bilan Afg’onistonni qutqarish mumkin.

Karzay Tolibonning al-Qoidaga a’zo bo’lmagan vakillari bilan muzokara qilish tarafdori.

“Afg’oniston taraqqiyoti va ravnaqi, mamlakat qonunlariga amal qilib, tinch-osuda hayot kechirishni istagan jangarilar bilan gaplashish kerak. Xalqaro hamjamiyatdan bu borada bizni qo’llab-quvvatlashni so’rayman”, - deydi Afg’onistonda prezidenti.

Karzay Germaniyaning Myunxen shahrida o’tgan xavfsizlik konferensiyasida so’zlagan. Bu anjumanda, xususan, Eron yadro dasturi, AQSh-Rossiya-Yevropa aloqalari, Gruziya-Rossiya mojarosi ham tilga olingan.

AQSh Davlat xavfsizligi bo’yicha maslahatchi general Jeyms Jounsning aytishicha, Obama ma’muriyati Afgoniston va Pokiston hukumatlari bilan birgalikda ishlashga tayyor.

"Afg’oniston nafaqat Amerika muammosi, balki xalqaro muammodir. Shu sabab NATOning barcha a’zolari bu haqda qayg’urishi kerak”, - deydi general.

XS
SM
MD
LG