Breaking News

Isroildagi saylovlar - Falastin taqdirini belgilovchi jarayon


Yaqin Sharqdagi jarayonlarni yaqindan kuzatayotgan mutaxassislar fikricha, dunyo davlatlari qanchalik ter to’kmasin mintaqa hali uzoq vaqt tinchimaydigan ko’rinadi.

Falastin muxtoriyati bugunga kelib ikki mustaqil hududga bo’linib qolgan. Iordan daryosining g’arbiy sohilida muxtoriyat raisi Mahmud Abbos hukmronlik qiladi, G’azo sektorida esa Xamas harakati.

Falastindagi ziddiyatlar, tabiiyki, Isroil siyosiy sahnasida ham aks-sado beradi. 10 fevral kuni o'tadigan saylovlarda bosh vazirlikka asosiy da’vogar - “Likud” partiyasi yetakchisi Benyamin Netanyaxu hokimiyatga kelgan taqdirda, Xamasga qarshi harbiy harakatlarni davom ettirishga ishora qilmoqda.

Barak Obama ma’muriyati arab-Isroil mojarosini hal etish uchun yangi diplomatik harakat boshlagan.

Prezident Barak Obama Oq uydagi birinchi 3 kunidayoq Yaqin Sharqqa yangi elchi tayinladi. Falastin ma’muriyatining mustaqil davlat sifatida qaror topishiga yordam beramiz, dedi.

"Sulh bilangina barqarorlikka erishib bo’lmaydi. Yonma-yon, totuvlikda yashaydigan ikki mustaqil davlat barpo etilishini istaymiz", - deydi AQSh rahbari.

Bu bayonot ketidan Obama maxsus vakili, tajribali diplomat Jorj Mitchellni mintaqaga yo’lladi. Mitchell Quddus, Ramalloh va Qohirada bo’lib, vaziyatni o’rganib qaytdi.

“Minglab kishini hayotdan olib ketgan G’azo fojiasi va Isroilga qarata otilayotgan raketalar dunyo ahliga oldimizda naqadar mushkul vazifa turganini eslatmoqda”, - deydi Jorj Mitchell.

Tinchlik yo’liga to’g’anoq bo’layotgan omillardan biri yahudiy jamoalarning g’arbiy sohilda mahkam o’rnashib olganidir. Bu yerda taxminan 200 ming kishi yashaydi. Ularni hududdan chiqarish rejasini ayrimlar Falastinga yon berish deb baholaydi.

Yahudiy mahallalarni tashlab chiqishga nisbatan qarshilik kuchli. Hatto Isroil askarlari bilan to’qnashuvlarga olib kelgan. Bosh vazir Yaxud Olmertning aytishicha falastinliklar bilan tinchlik rejasiga asosan, yahudiy hukumati 60 ming kishini ko’chirishga rozi.

Ammo Isroilda 10 fevralga belgilangan saylovlar ko’p narsani hal qiladi. Reytinglarda “Likud” partiyasi rahbari Benyamin Netanyaxu peshqadam ekan, bosh vazirlikni qo’lga olsa, Isroil pozitsiyasi tamoman o’zgarishi mumkin.

“Siyosiy kelishuv va vositalar bilangina tinchlikni ta’minlab bo’lmaydi. Dastlab Falastin iqtisodiyotini yaxshilash, aholi turmush darajasini ko’tarish haqida o’ylaylik. Toki qo’shnilar anglab yetsin – totuvlik farovonlikka yetaklaydi”, - deydi Netanyaxu.

Jeyms Zogbi Vashingtonda joylashgan Arab-Amerika instituti rahbari. Prezident Obama, deydi u, Isroildan g’arbiy sohilda qurilish ishlarini to’xtatishni qat’iy talab qilishi lozim.

"AQSh rahbari buni talab qilmas ekan, Isroil ishg’ol qilgan hududlarini, Falastin tuprog’ini osonlikcha tark etmaydi", - deydi tahlilchi.

Falastinda esa ikki yetakchi siyosiy harakat – Fatx va Xamas bir-biriga g’anim. G’arbiy sohilni G’arb qo’llayotgan Fatx rahbari Mahmud Abbos, G’azoni esa Xamas jangari guruhi boshqaradi. Isroil, AQSh va Yevropa Ittifoqi bu guruh bilan gaplashmaydi.

Bugun ham Isroil, ham falastinliklar “hozirgi vaziyatda ikki mustaqil davlat haqidagi gaplar xomxayol emasmi” deya so’ramoqda. Falastinlik yozuvchi Ali Abu Minna vaziyatga real ko’z bilan qarash kerak deydi.

“Isroil, g’arbiy sohil va G’azo sektorini o’z ichiga olgan bitta davlat tuzilgani ma’qulroq”.

Ammo bunday davlatda yahudiylar ozchilikni tashkil etish ehtimoli Isroilni qoniqtirmaydi.

Villiam Kvant 1970-yillarda Jimmi Karter ma’muriyatida ishlab, Misr-Isroil tinchlik muzokaralarida ishtirok etgan. Uning fikricha, ikki alohida davlat bo’lgani eng adolatli yechim.

“Diplomatiya yo’li bilan bundan yaxshiroq biror natijaga erishish qiyin. Xalqlar bir-birini tan olsa, bu zaminga tinchlik keladi”, - deydi professor.

Mutaxassislarning aytishicha, arab mamlakatlari G’azo sektorini tiklash bilan birga Falastin davlati qurilishiga ham kattaroq hissa qo’shishi darkor.

AQShning Yaqin Sharqdagi yangi elchisi Jorj Mitchell tinchlik osonlikcha kelmaydi demoqda. Ammo Obama ma’muriyati astoydil harakat qilishga so’z bermoqda.

XS
SM
MD
LG