Amerika Markaziy Osiyo bilan ochiq muloqot yuritishga tayyor


AQSh tashqi aloqalari va siyosati uchun javobgar Xillari Klinton "har bir davlat bilan o'zaro manfaatlardan kelib chiqqan holda ish tutamiz",- demoqda.

Amerika o’z ta’sir kuchini moddiy va ma’naviy yordam orqali oshirishni ko’zlamoqda.

Siyosatdonlar nazarida Markaziy Osiyoning har bir mamlakati bilan alohida va umumiy mintaqaviy muloqot rejalangan.

Xillari Klinton Amerika qudratini ikki turga bo’ladi: qattiq va yumshoq, harbiy va no-harbiy. AQSh diplomatiyasi endi no-harbiy, iqtisodiy-madaniy aloqalarga asoslanadi, deydi u.

“AQSh tashqi siyosati uch yo’nalishga ega: xavfsizlik, diplomatiya va taraqqiyot. Davlat departamenti diplomatiya va taraqqiyot uchun javobgar. Bular davlatimizning oliy maqsadlarini amalga oshirishda eng ko’p hissa qo’shadi”.

Barak Obama va Xillari Klinton jahon ahlini, shu jumladan Markaziy Osiyo jamiyatlarini ochiq muloqotga chaqirmoqda.

Mintaqa siyosati va Obama strategiyasidan yaxshi xabardor, Oq Uy-Davlat departamentidagi tashabbuslarni yaqindan kuzatayotgan tahlilchi Kevin Jouns (Kevin Jones) fikricha Markaziy Osiyo AQSh chaqiriqlarini ijobiy kutib olgan.

“Mintaqa hukumatlari Amerika bilan ochiq muloqotga tayyor. Bu sir emas. Dialog boshlansa, u albatta xavfsizlik va energetikaga asoslanishi ham turgan gap. Markaziy Osiyo rahbarlari buni yaxshi tushunadi”, - deydi tahlilchi.

Jounsga ko'ra, mintaqa iqtisodiy va taraqqiyot bobida ko’makka muhtoj.

"AQSh ham mushkul vaziyatda ekan, moddiy yordam miqdorini ko’tarmasa kerak. Lekin Xillari Klinton AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi rolini oshirmoqchi. Yangi dasturlar boshlansa ajabmas”, - deydi u.

O'zbekistonlik yosh tadqiqotchi Ahad Abdurahmonov tahlilicha, Afg'oniston va butun mintaqa tinchligi uchun hamma bir yoqadan bosh chiqarishga majbur.

“Bu masalani dunyoning boshqa materigidan turib amalga oshirish juda qiyin va juda qimmat… Shu jihatdan AQSh uchun Markaziy Osiyo bilan yaqindan hamkorlik qilish muhim”, - deydi Abdurahmonov.

Siyosatdonlar AQSh-Rossiya va AQSh-Xitoy aloqalari iliqlashsa, Markaziy Osiyo ham yengilroq nafas oladi degan fikrda. Mintaqa davlatlari yirik derjavalar orasida sarson ekanini tan olmasa-da, bu bir haqiqat, deydi ular.

Amerika islom dunyosi bilan aloqalarni yaxshilamoqchi. Lekin, deya ogohlantiradi Ahad Abdurahmonov, Obama ma’muriyati dunyo musulmonlarini bir qolipda ko’rmasligi kerak.

“O’rta Osiyo xalqlari va ularning madaniyati islom diniga chambarchas bog’liq bo’lgani bilan bir holda, biz baribir sobiq Sovet o’lkalari bo’lganimiz sababli bizdagi ichki siyosat dinamikasi va tashqi siyosatdagi prioritetlar Yaqin Sharqdan, masalan, ancha farq qiladi”, - deydi o'zbekistonlik tahlilchi.

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan tahlilchilar Oq Uyga, qolaversa AQSh bilan muntazam hamkorlik qilishga qiynalib kelayotgan O’zbekiston singari davlatlarga uzoq-muddatli, barqaror rejalar tuzishni maslahat beradi. Gina-kudrat, talab va bayonot yoki balandparvoz maqsadlarga berilmay, pragmatik va real strategiya bilan chiqish kerak.

Ahad Abdurahmonov Vashington Markaziy Osiyodagi bugungi vaziyatni yaxshilab o’rganib chiqishi lozim, quruq tanqid foyda bermayapti, deydi.

“Uzoq-muddatli strategik hamkorlikka asoslangan yo’nalish bo’lishi shart. Chunki bugun dunyoning istalgan mamlakatida kamchilik, muammo, hatto inqiroz yoqasiga yetib qolgan holatlar ham uchraydi. Lekin hech kimda bu muammolarni bir yoki ikki kunda to’g’rilab qo’yadigan sehrli tayoqcha yo’q”,- deydi tadqiqotchi.

Kevin Jouns fikricha inson huquqlari va demokratiya targ’iboti endi g’oyaviy emas, “amalda nima qilish mumkin”? degan asnoda olib borilishi mumkin.

Bill Klinton davrida huquq va fuqaro jamiyatiga e’tibor katta bo’lgan. Xillari Klinton mintaqa bo’ylab safar qilib, erkinlik va oshkoralik haqida gapirgan.

Bugun vaziyat o’zgacha. AQShda asoslangan nohukumat tashkilotlarning mintaqada ishlashi og’irlashgan. Ular xalqni rahbarlarga qarshi qayrayotganlikda gumon qilinadi. Ular maqsad yordam berish deya qanchalik tushuntirmasin, bu tashkilotlarga ishonch past. Amerika ana shu ishonchni tiklash yo’llari ustida o’ylanmoqda.

Xillari Klinton 2003 yilda nashrdan chiqqan “Tarix Guvohi” (Living History) nomli kitobida Islom Karimov bilan 1997 yildagi uchrashuvini izohlaydi.

Uning yozishicha o’shanda Karimov undan Bill Klinton, prezident sifatida, xalq fikrini qanday o’rganadi deya so’ragan. Oddiy odamlar bilan yuzma-yuz gaplashadi, hol-ahvol so’raydi, chunki demokratik jamiyatda rahbar xalq xizmatida bo’ladi, sabab xalq uni hokimiyatga saylagan degan javob oladi.

Xillari Klintonning xulosasi shuki, O’zbekiston kabi yosh davlatlar demokratiya va oshkoralik nima ekanini yaxshi tushunmas ekan, ularga erkinlik haqida aql o’rgatish befoyda. Muloqot, muloqot va muloqot, deydi Klinton.

O’zbekistonlik va amerikaliklar ziyolilar nazarida hozir ikki tomonlama aloqalarni jadallashtirish uchun noyob imkoniyat paydo bo’lgan. AQSh yadroviy xavfsizlik, ta’lim, biznes va sog’liqni saqlash kabi sohalarda ko’makni oshirsa, deydi ular, uning mintaqada nufuzi oshadi.

Obama “buyruq berishni bas qilib, xalqlar dardiga quloq tutamiz”, - deyapti. Bu narsa amalda qanday aks etishini baholashga hali erta. Lekin odamlar astalik bilan bo’lsa-da, biror o’zgarish bo’lishini kutmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG