Breaking News

AQSh: Iqtisodiy yordam bo'yicha muhokamalar hal qiluvchi pallada


Barak Obama prezident sifatida o’tkazgan ilk matbuot anjumanida mamlakat boshdan kechirayotgan iqtisodiy tanazzul hamda tashqi siyosat haqida so’zladi.

U taklif qilayotgan yordam dasturi hozir Kongressda muhokamada. Demokrat va respublikachilar orasidagi tafovutlar bois ovozdan o’tishi qiyin kechmoqda.

Qo’shma Shtatlar Buyuk Depressiya davridan beri bunchalik og’ir kunlarni boshdan kechirmagan. “Kongress ish joylarini saqlab qolishga va yangilarini yaratishga qaratilgan, qiymati 800 milliard dollarga teng loyihani darhol ma’qullashi kerak”, - deydi Obama.

Prezident fikricha, odamlar davlatdan yordam kutayotgan bir paytda qonunchilar loyihani kechiktirib, mamlakat iqtisodiyotiga yanada chuqurroq choh qazimoqda. Kredit va ipoteka bozoridagi tanglik hamda iste’molchilarning xarid quvvati kun sayin tushib borayotgani xususiy sektorni zaiflashtirgan, deydi Obama. “Najot faqat davlat g’aznasidan kelishi mumkin”.

Moliyaviy dasturini xalqqa tushuntirib berish maqsadida Obama tanazzuldan eng ko’p talofat ko’rgan Indiana shtatida bo’ldi. Bugun Floridaga safar qilmoqda. Bu ikki shtatda ishsizlik darajasi yuqori. Indianada 15 foizdan oshgan.

Kongressga taqdim etilgan dastur, deydi Obama, 4 million ish joylari yaratadi. Hukumat iqtisodiyotga milliardlab dollar sarmoya kiritishidan maqsad ham shu.

Ammo respublikachi qonunchilar fikricha dastur asosan ortiqcha sarf-xarajatdan iborat. Unga tuzatishlar kiritilmaguncha, ovoz bermaymiz, deydi ular.

Tashqi siyosatga to’xtalar ekan, AQSh rahbari Vashington-Tehron o’rtasidagi ko’p yillik adovat va ishonchsizlikni yengish oson bo’lmaydi deydi. Uning aytishicha, Eronning qator sanksiyalarga sabab bo’lgan yadro dasturi Yaqin Sharq mintaqasida qurol poygasiga turtki berishi mumkin.

“O’rtadagi tafovutlarga qaramasdan, Eron bilan til topisha olamiz degan umiddaman. AQSh Eronga qo’l uzatishga tayyor, ammo bu mamkalat rahbarlari ham murosa va muloqotga ochiq ekanini bildirsin. Munosabatlar o’zaro hurmat va ishonchga asoslanishi lozim”, - deydi prezident.

Obama ma’muriyati Afg’onistondagi amaliyotlar samarasi va harbiy strategiyani ham tekshiruvdan o’tkazmoqda. Bu mamlakatda harbiylar sonini 60 mingga yetkazish rejalangan, biroq ular qachon safarbar etilishi noma’lum.

“Harbiy va diplomatik harakatlarni ittifoqchilar bilan muvofiqlashirish, shu bilan birga taraqqiyot dasturlari ijrosini ta’minlash zarur”, - deydi Obama.

“Pokiston hukumati bir narsani aniq tushunishi kerak – afg’on-Pokiston chegarasida erkin harakatlanayotgan Al-Qoida va Tolibon jangarilari ham Islomobod, ham AQShga tahdid. Ularni yo’q qilish mintaqaviy strategiya ishlab chiqishni taqozo etadi”.

AQShning Pokiston va Afg’onistondagi maxsus vakili Richard Xolbruk bugun Islomobodda bo’lib, jangarilarga qarshi siyosatni birgalikda ishlab chiqishga, shu maqsadda maxsus qo’shma guruh tuzishga kelishib olgan.

Pokiston rasmiylari afg’on-Pokiston chegarasida AQShning pilotsiz samolyotlari ruxsatsiz hujumlar uyushtirayotgani yuzasidan shikoyat qilgan.

XS
SM
MD
LG