Breaking News

Iqtisodiy tanazzul mehnat muhojirlari hayotini qiyinlashtirmoqda


Global iqtisodiy tanazzul jahonning hech bir mamlakatini chetlab o'tgani yo'q. Jumladan so'nggi yillarda neftdan tushgan daromad hisobiga boyigan Rossiyani ham. Krizis oqibatida neftga talab va shu bilan birga uning bozordagi narxi ham tushib ketdi. Bundan esa nafaqat rossiyaliklar, balki u yerga ishlash maqsadida borgan muhojirlar ham zarar ko'rmoqda. Ish bozori qisqarib, ishchi-migrantlarning ba'zilari o'z mamlakatlariga qaytib ketmoqda.

Rossiyada yollanma ishchilar bozori asosan markaziy osiyoliklardan iborat. Aniqroq qilib aytganda, o'zbek va tojiklardan. Barcha qora va og'ir ish ularning zimmasida. Bu kabi ishdan tushgan daromad vatandagi oilaga yuboriladi. Ammo hammaga ham bu nasib qilavermaydi. Ba'zilar til bilmagani uchun va chorasizlikdan firibgarlar tuzog'iga ilinadi.

Aynan shu tabaqa jahondagi moliyaviy va iqtisodiy krizisdan eng ko'p zarar ko'rmoqda. Og'ir hayot undan ham og'irlashdi.

"Nyu-York Tayms" gazetasi Moskva chetida qurilishda ishlayotgan tojiklar hayoti haqida hikoya qiladi. Ularning aksariyati qurilish ob'yektlarida yashaydi. Boshqalar esa metallalom va korobkalardan chala-chulpa qurilgan kataklarda. Ulardan biri - Avaz Ahatov. Ikki farzandi, xotini va singlisi bilan turadi.

Rossiya hukumati ishchi-migrantlarga ehtiyoj sezsada, Bosh vazir Vladimir Putin ularning qonuniy ishlashiga imkoniyat beradigan ruxsat uchun kvotani vaqtincha ikki baravar kamaytirish lozimligini aytgan.

Iqtisodiy tanazzul muhojir ishchilar dushmanlaridan biri xolos. Rus millatchilari hujumlari, rossiyaliklarning osiyoliklarni mensimasligi, firmalarning maoshni bermay, ishchilarni xo'rlash hollari ham tez-tez uchrab turadi. Yil boshidan beri 10 ga yaqin kishi millatchilar qo'lidan o'lgan. Hujjat tekshirish bahonasida pul undirish bilan shug'ullanadigan tamagir militsiya xodimlarining "mehmondo'stligi" ham mehnat muhojirlari hayotini og'irlashtirmoqda. Militsiyaga puli yo'qlar mahkama yoki posbonning uyida bepul ishlab beradi.

Shunga qaramay, deydi Avaz Ahatov, u yerda hayot Tojikistondagidan yaxshi. "Rossiyada topgan pulimiz qornimizga yetadi, Tojikistonda esa bu yerda topayotgan pulni bir yilda olasiz", deydi u "Nyu-York Tayms" muxbiriga.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi "Human Rights Watch" tashkilotiga ko'ra, Rossiya hukumati mehnat muhojirlari huquqlarini na himoya qiladi va na xavfsizligini ta'minlaydi. Gastarbayterlar nafaqat ish joyida, hattoki ko'chada ham kundalik ravishda xo'rlanadi.

Tashkilot bu haqda 130 sahifali hisobot chop etgan. Hisobot Rossiyaning 50 shahrida ishlovchi 140 qa yaqin ishchi muhojir bilan suhbat asosida tayyorlangan. Mamlakatda 10 millionga yaqin muhojir borligi aytilmoqda, ularning deyarli yarmi qurilishda ishlaydi.

Agar mehnat muhojirlari Rossiya iqtisodiy o'sishni boshdan kechirgan paytda kamsitilgan, huquqi toptalgan bo'lsa, iqtisodiy tanazzul davrida ahvol bundan ham yomon, deyiladi tashkilot hisobotida.

"Human Rights Watch" vakili Jeyn Byukenenning aytishicha, xalqaro qonunga ko'ra va gastarbayterlarning migratsion maqomidan qat'iy nazar, Rossiya ularni himoya qilishi shart. Hisobotda Rossiya hukumati muhojirlar ishlaydigan joylarni tez-tez tekshirib turishga, ularni xo'rlagan yoki aldab, maoshini bermagan ish beruvchilarni jazolashga, jabrdiydalar shikoyati bilan shug'ullanish mexanizmini yaratishga va boshqa choralarni qabul qilishga da'vat etadi.

Ushbu muammoni "Vashington Tayms" gazetasi ham ko'tarib chiqqan. Unda aytilishicha, global iqtisodiy inqiroz oqibatida muhojirlar uchun ish kamayib, ba'zilari vataniga qaytishga majbur bo'lmoqda. Ulardan biri tojikistonlik Alisher Azizov. Ikkita joyda ishlab, maoshini vatanida qolgan ko'p bolalik oilasiga jo'natib turar edi, ammo yaqinda ishidan ayrilib, Tojikistonga qaytib ketishga majbur bo'ldi. Krizis sabab ko'p joyda qurilish to'xtagan. Natijada 30 ming muhojir ishsiz qolgan.

Tug'ilish sur'atining tushib borayotgani va qator boshqa omillar sabab Rossiya aholisi yiliga bir millionga kamayib bormoqda. Shunday ketishda davom etsa, deb yozadi "Vashington Tayms", 2025 yilga borib mehnatga layoqatli fuqarolar Rossiyada 10 millionga kamayadi.

Rossiya migratsiya siyosatini islohot qilmas va mehnat muhojirlarini himoyalamas ekan, iqtisodiyot katta muammolarga duch kelishi aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG