Axborot asrida sifatli axborot topish amri mahol


Inson borki to'q yashashni va bilishni istaydi. Muhim o'zgarishlar va hokimiyatda o'tirganlar nima bilan band ekanini yoritish esa axborot vositalarining vazifasi. Ular nafaqat hukumat va xalq, balki jamiyatlar orasidagi ko'prik ham.

Matbuot xalq fikrini shakllantiruvchi asosiy vosita. Shu bois ko'plab davlatlarda nazorat va diqqat avvalo shu tizimlarga qaratiladi.

Hozir axborot asri bo'lishi mumkin, lekin informatsiya oqimi hamon cheklangan.

Vashingtonda "Newseum" – Jurnalistika muzeyi bor. Maqsad odamlarni bu soha bilan yaqindan tanishtirish. Amerikadek axborot qaynaydigan jamiyatda nahotki bunga zarurat bor degan savol tug'ilishi mumkin.

"Demokratik jamiyat qurish va demokratik tizimni asrash erkin matbuot talab qiladi. Bu oson ish emas",- deydi Syuzan Bennett (Susan Bennett), jurnalistika muzeyi vitse-prezidenti.

Uning aytishicha maskan nafaqat Amerika, balki dunyo ahliga axborot olish huquqi eng oliy erkinlik ekanini tushuntirib, odamlarni ogohlikka, ziyo izlashga undaydi.

Soha ustalari nazarida jahon jurnalistikasi asosan ikki masala bilan kurashib kelmoqda. Birinchisi, axborot bozorida moliyaviy salohiyatni saqlab qolga holda sifatni ta'minlash va ma'lumotlar ko'lamini oshirish. Ikkinchi muammo esa bundan-da global: axborot vositalarini erkinlashtirish va ularni siyosiy-moliyaviy ta'sirdan saqlash.

Rivojlangan davlatlarda matbuot erkin. Jurnalistlar amaldorlarni savolga tuta biladi. Ularning qora ishlarini tekshira, yorita oladi. Lekin talab va ta'minotni bozor belgilar ekan, axborot – mahsulot sifatida ko'rilar ekan, ko'plab muhim yangiliklar gazeta va jurnal sahifalaridan, televideniye ekranlaridan va radio to'lqinlardan chetda qolmoqda.

Qanday xabar ko'p o'quvchi, tomoshabin yoki tinglovchi topsa, o'sha mavzuning oshig'i olchi. Sensatsion xabarlarga berilish oson. Xuddi Darfurda yuz minglab odam qirilayotgani yoki Pokiston-Afg'oniston chegarasida odamlar ochdan o'layotgani tinch va farovon jamiyatlarga taaluqli yangilik emasdek…

Bugun odamlarni o'ylantiradigan mazmunli ma'lumot kam, deydi uzoq yillar muxbirlik qilgan Syuzan Bennett.

"Amerikada axborot mahalliy xabar degani. Dunyoning narigi chekkasidagi o'zgarish bizning hayotimizga bevosita ta'sir qilmayaptimi, demak, bu borada bilmasak ham bo'ladi", - deb qarashadi. Jahonni kezgan, xalqaro voqealarga qiziqqan odamlar bunday yondashuvga qarshi",- deydi jurnalist.

"Dunyo kichrayib bormoqda. Muammo borki, global. Xalqimiz keng fikrlasin desak, sayyoramizdagi hayot haqida iloji boricha ko'p bilishga harakat qilish kerak".

Matbuot erkinligi cheklangan mamlakatlarda esa, masalan, O'zbekistonda axborot vositalari jamiyat ko'zgusi emas. Davlat iznidagi tele va radiokanallarda ko'rib tinglayotganingiz haqiqatdan juda yiroq. Tashqi dunyodan axborot olishga to'siqlar qo'yilgan.

"Amerika Ovozi", "Ozodlik" yoki "BBC" kabi xalqaro axborot vositalarining dasturlari mahalliy radio yoki telekanallarga chiqa olmaydi. Internet sahifalarga ta'qiq qo'yilgan. Hukumatni tanqid qilish ayb ekan, bunday ma'lumotlarni o'qish ham davlatga qarshi harakat sifatida qaraladi. Yaxshiyam Rossiya axborot vositalari bor, deydi ayrim o'zbekistonliklar. Lekin odamlar dunyoga Rossiya nuqtai nazaridan qarayotganini ham biladi.

Axborot noto'g'ri bo'lsa, jamiyatlar bir-birini tushunmaydi.

"Shu sabab ikki davlat o'rtasida axborot almashinuvi va asosan ikki jamiyat o'rtasida erkinroq axborot oqimini yuzaga keltirish kerak",- deydi AQShning Vayoming Universitetida (University of Wyoming) ilmiy izlanishlar olib borayotgan Ahad Abdurahmonov.

U singari bilimli yoshlar fikricha xalqlar bir-biri haqida yaxshiroq bilimga ega bo'lsa, aloqalar ham shunga yarasha bo'ladi. Demak, har ikki mamlakatdagi teleradio va gazeta-jurnal xodimlari uchun zarur imkoniyatlar yaratilishi, yopiq eshiklar ochilishi lozim.

Jurnalistlarning malakasini oshirish ham muhim vazifa, deydi AQSh Davlat departamenti, Oq uy va chet elda muxbirlik qilgan Syuzan Bennett.

"Bugun nima ko'p, sifatsiz material va sharhlar",- deydi mutaxassis. "Amerikada jurnalistika muzeyini ochishdan yana bir maqsadimiz shuki, deydi u, odamlar u bilan tanishib axborot yig'ish, uni efirga uzatish yoki nashr etish naqadar mushkul ish ekanini bilsin".

Internet bu sohani ostin-ustun qilib yubordi, ammo uning asosi o'sha-o'sha: yangilik, uning turmushga ta'siri va uning ortida turgan odamlarni yoritish, jamiyatni qiynayotgan masalalarni muhokama qilish va fikr almashish uchun zamin yaratish. Xalq dardini hukumatga yetkazish, hukumat nima chora ko'rayotganini tekshirish. Jamiyat uyg'un bo'lishi uchun hissa qo'shish.

Bu yo'lda har yili yuzlab jurnalistlar jon beradi, panjara ortiga tashlanadi yoki qoralanadi. BMTga a'zo barcha davlatlarda so'z va matbuot erkinligi qanday ekanini jurnalistika muzeyidagi ko'rgazmalardan bilish mumkin.

"Devorlar haqiqat izlab halok bo'lgan muxbirlarning rasmi bilan to'la. Ularning qiziquvchan, umidga to'la ko'zlarini unutish qiyin",- deydi muzey vitse-prezidenti Syuzan Bennett.

Balki bu muzeyni ko'rish sizga nasib etmas. Uh tortishga hojat yo'q: ziyo izlayotgan inson haqiqatga yetish – mashaqqatli yo'l ekanini shundoq ham yaxshi biladi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG