AQSh Qirg'izistondagi baza bo'yicha Rossiya bilan gaplashyapti


Ba'zi mutaxassislar fikricha Qirg'iziston hukumatining AQSh qo'shinlarini "Manas" harbiy bazasidan chiqarish qarori ortida Rossiya va uning mintaqadagi manfaatlari turibdi. Kreml qarorni mustaqil Qirg'iziston qabul qilgan deb, bu ishda uning qo'li borligi haqidagi gumonlarni inkor etsa-da, rossiyalik ayrim siyosatchilar "Vashington bundan keyin mintaqaviy masalalar bo'yicha Moskvaga murojaat etsin" demoqda.

"Vashington Tayms" gazetasida keltirilishicha, Qirg'iziston bazadan amerikaliklarni chiqaramiz deganidan so'ng u bilan "Manas"ni qoldirish borasida muzokaralar o'tkazilmoqda. Shu bilan birga AQSh diplomatlari Moskvaga ham borib, Kremldan masalaga oydinlik kiritishni so'ramoqda.

AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi, ayni damda davlat kotibining siyosiy masalalar bo'yicha o'rinbosari Uilyam Byorns Qirg'iziston hukumati qarorining Rossiyaga aloqadorligi darajasini hamda bazani qoldirish evaziga Qirg'iziston va Rossiyaga AQShdan nima kerakligini o'rganishga harakat qilmoqda.

Byornsga Davlat xavfsizlik kengashining Rossiya bo'yicha mutaxassisi Maykl Makfol hamrohlik qilgan.

Gazetaning taxmin qilishicha, agar bazani amerikaliklar qo'lida qoldirish bo'yicha Rossiya bilan kelishilsa, bu Kreml Obama ma'muriyati bilan ijobiy aloqalarga ega bo'lmoqchiligidan nishona bo'ladi.

Qirg'iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev AQSh "Manas" aerodromi uchun ijara haqini ko'tarishdan bosh tortib kelgani uchun undan ayrilmoqda degan. "Qaror ortida siyosiy emas, moliyaviy sabablar bor. Respublikaning moliyaviy ahvoli og'ir" degan Bakiyev Reyter axborot agentligi xabariga ko'ra.

Yaqinda Myunxenda bo'lib o'tgan xalqaro xavfsizlik anjumanida AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashga tayyormiz deb, konferensiyada NATOning sharq tomon kengayish va Yevropada mudofaa tizimini o'rnatish rejalari kabi masalalarni ko'tarmagan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, agar ikki tomonlama munosabatlar yaxshilansa, Rossiya AQShga o'z hududi orqali Afg'onistondagi operatsiyalar uchun qurollarning ham o'tkazilishiga rozi bo'lishi mumkin.

Bugun ma'lum bo'lishicha, Qo'shma Shtatlar baza taqdiri hali hal bo'lmaganiga qaramay, uni kengaytirish rejalarida davom etishini aytmoqda. Buning uchun 100 million dollarga yaqin pul sarflanishi mumkin.

"Nyu-York Tayms" gazetasida bildirilgan fikrga ko'ra, Obama ma'muriyati Rossiya bilan hamkorlikka intilib to'g'ri ish qilmoqda. Tomonlar strategik qurollar nazorati, yadro qurollarini tarqatmaslik, Eron atom dasturi, Afg'oniston kabi masalalarga yechim topishi zarur.

Kecha Moskvada nodavlat tashkilotlar vakillari bilan uchrashgan Sergey Lavrovning aytishicha, Obama ma'muriyati tashqi siyosatda o'zgarishlarga moyilligi bilan Bushnikidan farq qilmoqda va bu Rossiyaga manzurdir.

Rossiyaning AQShdagi elchisi Sergey Kislyak Vashingtonda ma'ruza qilar ekan, Sovuq urushga qaytish yo'q, chunki buning uchun sabab yo'q degan.

"AQSh va Rossiya ko'p mojarolarda yonma-yon kurashib, bir-biriga yordam bergan, ayniqsa 1- va 2-Jahon urushlarida. Qo'shma Shtatlar davlat sifatida tashkil topganida ham Rossiya uni qo'llab-quvvatlagan," deydi Kislyak.

Rossiya elchisining aytishicha, Obama ma'muriyatining Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimini o'rnatish rejasini qayta ko'rib chiqishi ehtimoli ijobiy hol. Ikki davlat xalqaro xavfsizlik bobida hamkorlik qilishi mumkin. Bush ma'muriyatining siyosati ikki tomonlama aloqalarga ko'p zarar keltirdi, deydi Rossiya elchisi.

XS
SM
MD
LG