Mintaqa davlatlari suv muammosini o'zaro hal qilishi mumkin


Markaziy Osiyoda suv taqchilligi asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Tahlilchilar nazarida, yechimni chetdan emas, ichki imkoniyatlardan qidirish kerak. Gap mintaqaviy hamkorlikda, deydi ular.

Tojikiston va Qirg’iziston Amudaryo va Sirdaryo boshida joylashgan. O’zbekiston sal quyiroqda. Qo’shnilardan so’ng kamroq suv olayotganidan shikoyat qilayotgan O’zbekistonda suv taqchil.

Tojikiston va Qirg’iziston o’z navbatida energiyani O`zbekistondan oladi. Har ikki davlat bu qaramlikdan qutulish imkoniyatini izlamoqda. Bu vaziyat suvni geosiyosiy manfaatlar quroliga aylantirmoqda.

Rossiya Tojikiston va Qirg`izistonga bu borada moliyaviy yordam va`da qilib keladi. Qir`giziston AQSh harbiy bazasini mamlakatdan chiqarib, Qambarota gidroelektrstansiyasi qurilishi uchun pul olish niyatida ekani ta’kidlanadi.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Toshkentga safari paytida Tojikistondagi GES O`zbekiston roziligini ham talab etishini ta’kidlar ekan, bu Tojikistonda kuchli norozilik bilan kutib olingan edi. Ko’p o’tmay Rossiya Qirg’izistonda Qambarota GESi qurilishi uchun pul berishga hozirlik boshladi.

“Medvedev Qambarota GESiga 1,7 millard dollar ajratishini aytdi. Toshkentda aytilgan gap faqat Tojikiston emas, Qirg`izistonga ham taalluqli bo`lishi kerak. Sirdaryoda suv to`silsa, Qozog`istonga ham ta`sir qiladi. Mintaqa davlatlari o`rtasidagi munosabatlarni chigallashtirib yuboradi. Bu Rossiya mintaqa hamkorligi emas, nizolar uchun harakat qilyotganidan dalolat beradi”, - deydi sharhlovchi Komron Aliyev.

Sharhlovchi Fayzulla Is’hoqov so’zlariga ko’ra, Rossiya mintaqa davlatlariga yordam va’da qilib kelgan, biroq bajarishga shoshilmaydi.

“2007 yilda Gazprom O`zbekistonga 1 milliard bermoqchi edi. Bu puldan haliyam darak yo`q. Qirg’izistonga 2 milliard beramiz deyapti. Agar AQSh harbiy bazasini chiqarmasa, bu pulni bermasligi aniq”, - deydi Is’hoqov.

Sharhlovchilar fikricha, suv muammosi tashqi kuchlarni jalb qilmasdan, mintaqa davlatlari hamkorligida yechilishi kerak.

“Sobiq Sovet davrida ham gidrostansiyalar qurilgan, o`sha paytda olinayotgan suv miqdori saqlanib qolinishi kerak. Bu mintaqa respublikalari imzolagan abadiy do`stlik haqidagi bitimga kiritilishi kerak”, - deydi Aliyev.

O’zbekiston Amudaryo va Sirdaryoga transchegaraviy daryolar maqomi berilishini talab qilmoqda. Ammo bu energetika taqchilligiga uchrayotgan Qirg’iziston va Tojikistonda inobatga olinayotgani yo’q.

XS
SM
MD
LG